Exit poll: Ukrainadagi saylovda dastlabki norasmiy natijalar paydo bo‘lmoqda

Jahon 16:10 / 21.04.2019 29205

Internetda Ukrainadagi prezidentlik saylovidan ilk ekzit-pol natijalari paydo bo‘ldi. Bu haqda lb.ua muharriri Sonya Koshkina o‘z telegram kanalida MSK ma'lumotlariga asoslanib xabar tarqatgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 11:00da (Toshkent vaqti bilan 13:00) saylovdagi davomat 19 foiz atrofida bo‘lgan. Nisbatan mamlakat markazidagi saylovchilar faollik ko‘rsatishmoqda.

Jurnalist prezidentlik poygasidagi ilk raqamlarni keltirgan. Uning ma'lumotlariga ko‘ra, kunning birinchi qismidagi ovozlar nisbati Vladimir Zelenskiy foydasiga 75,8 foizga 24,2 foiz ko‘rinishida bo‘lgan.

«Bu ko‘p narsani anglatadi», — deya qo‘shimcha qilgan Koshkina.

NIMG tadqiqot markazi esa soat 12:00 (Toshkent vaqti bilan 14:00) holatiga ko‘ra so‘rovnomalar natijalarini keltirgan. Unga ko‘ra, Ukraina sharqida Zelenskiy Poroshenkoni 88,8 foizga 11,2 foiz nisbatida ortda qoldirgan.

Mamlakat g‘arbida Zelenskiy ovozlarning 55,6 foizini olgan, Poroshenko esa 44,4 foiz. Markazda ham ustunlik shoumen nomzod tarafida - 72,9 foizga 27,1 foiz.

Ukrainadagi prezidentlik saylovining birinchi turi 31 mart kuni o‘tkazilgan, lekin unda qatnashgan 39 nomzodning birortasi 50 foizdan ortiq ovoz ololmagandi. Birinchi turda 30,24 foiz ovoz to‘plagan Vladimir Zelenskiy birinchi, 15,95 foiz ovoz olgan Pyotr Poroshenko ikkinchi bo‘lib, keyingi bosqichga o‘tishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: