Boks. Osiyo chempionatining uchinchi kunida o‘zbekistonlik 5 bokschi keyingi bosqichga chiqdi

Sport 20:52 / 21.04.2019 24766

Bangkokda o‘tayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida uchinchi kun ortda qoldi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslar bugun ham O‘zbekiston vakillari uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.

Dastlab Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov -52 kg vazn toifasida butanlik Tensin Drugyyelni mag‘lubiyatga uchratdi. Shundan so‘ng -69 kg vazndagi Bobo-Usmon Baturov turnirdagi ikkinchi jangida eronlik Sajjar Kazemzadaposhtiridan ustun keldi va chorak finalga yo‘l oldi. U 19 aprel kuni dastlabki jangida mo‘g‘ulistonlik bokschini nokdaun holatiga tushirgandi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi
Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasining -81 kilogramm vazn toifasidagi vakili Dilshodbek Ro‘zmatov ham dastlabki jangida g‘alabaga erishdi. U hindistonlik Brijyesh Yadavni mag‘lub etdi. Jang Dilshodbekning qoshi yorilgani sabab ikkinchi raundda to‘xtatildi. Ro‘zmatov bu vaqtga kelib ochkolar hisobida oldinda borayotgan edi, natijada hakamlar uni g‘olib deb e'lon qilishdi. Uning yarim final yo‘lidagi raqibi qozog‘istonlik Bek Nurmaganbet bo‘ladi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Shundan so‘ng, -60 kg vazn toifasi vakili Shukurjon Rahimov ham chempionatdagi ikkinchi jangini o‘tkazdi. Kecha KXDR terma jamoasi a'zosini mag‘lub etgan Rahimov bugun yamanlik Ahmad Nasim Husaynga qarshi ringga chiqib, raqibini uchinchi raundda ikki marta nokdaun holatiga tushirdi va bahsni o‘z foydasiga hal qildi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Ayollar o‘rtasidagi bahslarda avval Farangiz Hoshimova (-51 kg) qozog‘istonlik Nazim Kizibayga ochkolar hisobida yutqazib qo‘ydi, kechki dasturda esa Rayhona Qodirova (-60 kg) nepallik Punam Ravalni mag‘lubiyatga uchratib, keyingi bosqichga chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionati 26 aprelgacha davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: