O‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi uylarning buzilishi islohotlarga salbiy ta'sir o‘tkazadi deb hisoblaydi

O‘zbekiston 08:19 / 20.04.2019 31654

So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonliklar turar joy binolarining buzilishi bilan bog‘liq muammolarni tobora ko‘proq muhokama qilishmoqda. Mavzuning dolzarbligini inobatga olib, Kun.uz «Sizning fikringiz» Telegram kanalida so‘rov o‘tkazdi.

So‘rov onlayn tarzda o‘tkazilgani uchun so‘ralganlarning jinsi, yoshi va boshqa omillar inobatga olinmagan. Bundan tashqari, har bir savolga turlicha sondagi respondentlar (o‘z xohishiga ko‘ra) javob berishgan, ya'ni bir savolga 50 kishi javob bergan bo‘lsa, boshqasiga 65 kishi va h.k.

Respondentlardan uylarni buzish holatlari O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda, degan fikrga qo‘shilasizmi, deb so‘ralgan. 359 nafar respondentning 83 foizi uylar buzilishi chindan ham islohotlarga salbiy ta'sir o‘tkazadi, deb qayd etishgan. 17 foiz qismi esa bu ishlar islohotlarga hech qanday ta'sir o‘tkazmaydi, deb hisoblaydi.

Umuman olganda, uylarni buzilishi muammosi haqiqatdan ham islohotlarga salbiy ta'sir o‘tkazadi, chunki qonunchiligimizda bo‘shliqlar juda ko‘p. E'tibor bering, mamlakatda standart va aniq bir tartibning o‘zi ham yo‘q. Agar Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida quruvchi bir tizimda ishlasa, Sergeli tumanidagi quruvchi o‘zgacha tizimda ish olib boradi.

Masalan, shu kunlarda Adliya vazirligi hokimliklarning ko‘chmas mulk egasiga davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni to‘liq qoplash to‘g‘risidagi kafolat xati qonunchilik hujjatlari bilan nazarda tutilmagani haqida bayonot berdi. Vazirlik, shuningdek, kafolat xati turarjoy ko‘chmas mulkiga egalik huquqining paydo bo‘lishi va o‘tishini tasdiqlovchi hujjat ham bo‘lolmasligini tasdiqlagan. Bundan kelib chiqadiki, mahalliy hokimiyat organlari vakillarining aksariyati aholiga noqonuniy hujjatlar taqdim etib kelishmoqda.

Bundan tashqari, 15 aprel kuni Toshkentda g‘arb diplomatik vakolatxonalari vakillari, xalqaro va mahalliy huquq himoyachilari, shuningdek, tadbirkorlar va jurnalistlar so‘nggi vaqtlarda mamlakatda jamoatchilikning keskin noroziligini uyg‘otayotgan O‘zbekistonda uylarni noqonuniy buzish va qurishga doir masalalarni muhokama qilishdi. Tadbir ishtirokchilari shahar hokimiyatidan uylarni noqonuniy buzishni bas qilishga chaqirishgan va uylarini buzishdan oldin mansabdorlarni aholi bilan yangi qurilish loyihalarini maslahatlashishni taklif etishgan. Modomiki, buzish mojarolari diplomatik vakolatxonalar darajasiga ko‘tarilgan ekan, buning o‘zi ham muammo sanaladi. Demak, bu davlat o‘zining ichki muammolarini mahalliy darajada hal eta olmayotganidan darak beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni Buyuk Britaniyaning The Guardian nashri «Ogohlantirishsiz ko‘chirib chiqarilganlar: Toshkentdagi to‘satdan uy buzishlar g‘azabga sabab bo‘lmoqda» sarlavhasi ostida maqola chop etgandi.

Kun.uz o‘tkazgan so‘rovnomada respondentlardan O‘zbekistonda investorlarning huquqlari qay darajada himoya qilinayotgani haqida fikr bildirish ham so‘ralgan. So‘rovnomada qatnashgan 220 kishining 42 foizi ahvol chatoqligi, shuning uchun investorlar soni juda kamligini qayd etishgan. So‘ralganlarning 29 foizi vaziyat yomonligi, barcha gaplar qog‘ozda qolayotganini bildirishgan. Respondentlarning 24 foizi qandaydir manfaatdor tomon bo‘lsagina investorlarning huquqi ta'minlanayotganini ko‘rsatishgan. Faqatgina 5 foiz kishi barchasi a'lo darajada ekanligini bildirishgan.

E'tibor bering, investitsiyalarni himoya qilish masalasi shu darajaga borib yetdiki, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27ta investitsion loyihani shaxsiy nazoratiga oldi. 8 aprel kuni davlat rahbari investitsiyalarning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini ta'minlash uchun yangi nazorat tizimini joriy etish taklifini bildirdi. Unga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar to‘rt toifaga bo‘linadi va ularning har biri alohida nazorat ostiga olinadi.

Ehtimol, biznesmenlar O‘zbekistonga sarmoya tikishni istashayotgandir, lekin uylarni buzish muammolari davlatning imijiga ham, investitsiyalarni jalb etishga ham salbiy ta'sir o‘tkazmoqda. Agar davlat o‘z ehtiyojlari uchun yerni mudom tortib olaversa, uni investordan ham tortib olmasligiga qanday kafolat bor? Bu savol hanuz ochiqligicha qolmoqda.

Ulug‘bek Akbarov.

Ko‘proq yangiliklar: