O‘zbekistonda qandli diabetga chalingan bemorlarning onlayn-registri yaratiladi

O‘zbekiston 19:19 / 20.04.2019 6898

O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan 2019-2021 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish milliy dasturi tasdiqlandi.

Milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

endokrin kasalliklarning oldini olish, ularni barvaqt aniqlash va aholini profilaktika tadbirlari bilan kamrab olish bo‘yicha vaziyatni tubdan yaxshilash;

qandli diabetga chalingan bemorlarning onlayn-registrini yaratish, bemorlarni davolash amaliyotiga qandli diabetning surunkali asoratlari yuzaga kelishi va rivojlanishini kamaytirishga qaratilgan klinik yondashuvlarni joriy qilish, shuningdek, bemorlarning hayot sifatini yaxshilash;

viloyatlar endokrinologiya dispanserlari va filiallarida endokrin xirurgiya, diabetik to‘piq, diabetik nefropatiya va reanimatsiya bo‘limlarini tashkil qilish orqali ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirish;

“qandli diabet” tashxisi qo‘yilgan bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni analogli insulin hamda insulin yuborish uchun moslamalar va o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalari bilan ta'minlash bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish;

hududiy o‘zini o‘zi nazorat qilish maktablari negizida professional instruktorlarni jalb qilgan holda endokrin kasalliklarga chalingan bemorlar va ularning oila a'zolarini kasalliklarni to‘g‘ri olib borish va nazorat qilishga o‘qitish;

endokrinologiya muassasalarining tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shuningdek, ularning kadrlar salohiyatini mustahkamlash;

endokrinologiya sohasidagi mahalliy ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va sog‘liqni saqlash amaliyotiga jahondagi ilg‘or tajribalar, ilmiy ishlanmalarni tatbiq qilish;

yangi endokrinologiya muassasalarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash, ularni zamonaviy diagnostika va maxsus tibbiy uskunalar, vositalar va inventarlar bilan jihozlash (qo‘shimcha jihozlash) orqali endokrinologiya muassasalarini modernizatsiya qilish va ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash.

O‘zbekistonda qandli diabetga chalingan bemorlarning onlayn-registri yaratiladi

Quyidagilarni muntazam ravishda amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi tartib joriy etiladi:

qandli diabetning I turi bilan kasallangan bolalar va o‘smirlar uchun analogli insulinlar va o‘zini o‘zi nazorat qilish vositalarini (test-chiziqchalar) markazlashgan tarzda xarid qilish va barcha viloyat endokrinologiya dispanserlari orqali tarqatish;

kaliy yodid preparatlari bilan uzluksiz ta'minlash orqali aholining kasallikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan guruhlari (bolalar, o‘smirlar, homilador va emizikli ayollar) orasida yod tanqisligi kasalliklarini profilaktika qilish.

2019 yil 1 avgustga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining shtatlar normativlarini qo‘shimcha endokrinolog, shu jumladan bolalar endokrinologi lavozimlarini kiritishni ko‘zda tutgan holda qayta ko‘rib chiqiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: