MDHga a'zo mamlakatlar tarbiyaviy ishlar organlarining navbatdagi yig‘ilishi O‘zbekistonda o‘tkaziladi

O‘zbekiston 19:50 / 20.04.2019 3605

18 aprel kuni Moskva shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo mamlakatlar mudofaa idoralarining shaxsiy tarkib bilan ishlash (tarbiyaviy ishlar) boshqaruv organlari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘mita yig‘ilishida Ozarboyjon, Armanison, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston hamda Turkmaniston respublikalaridan kelgan harbiy delegatsiyalar, shuningdek, MDHga a'zo davlatlar Mudofaa vazirlari Kengashi kotibiyatining rahbariyati ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston nomidan mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov ham qatnashdi.

Qo‘mita yig‘ilishida MDH mamlakatlari vakillari 1941—1945 yillarda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 75 yilligini kelasi yilda nishonlash, xususan, MDH mamlakatlarida harbiy muzeylarda ko‘rgazmalarni tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqishdi. O‘zbekiston bu takliflarni ma'qulladi.

Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari Hamdo‘stlik mamlakatlari doirasida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarni tashkillashtirishni ham muhokama qildi.

Yig‘ilish yakunida qo‘mita a'zolarining navbatdagi uchrashuvini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib olindi.

Bundan tashqari mehmon harbiy delegatsiyalarning Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Harbiy universitetiga tashrifi tashkillashtirilib, tarbiyaviy va o‘quv jarayonlari bilan tanishishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berildi.

Ko‘proq yangiliklar: