Jambulda halok bo‘lganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari - Qozog‘iston prezidenti

O‘zbekiston 13:00 / 20.04.2019 90358

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Jambul oblastidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

«Qordaydagi trassada yirik yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan 11 kishi halok bo‘ldi, jarohatlanganlar ko‘p. Marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildiraman. O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga telegramma yubordim. Yo‘llarimizdagi vaziyat xavotirli, bu haqda IIVdagi yig‘ilishda ham gapirgandim. Hukumatga kechiktirib bo‘lmas choralarni ko‘rish haqida topshiriq berdim!», degan Qozog‘iston prezidenti tvitterdagi rasmiy sahifasida.

20 aprel kuni tongda, mahalliy vaqt bilan soat 05:09da Qozog‘iston janubidagi Jambul oblasti Qorday tumani hududida, «Olmaota—Toshkent» trassasining 181-kilometrida Van Hool rusumli yo‘lovchi avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Avtobusdan oldinda ketayotgan Toyota Camry avtomobili yuk mashinasi bilan to‘qnashgach, haydovchisi to‘qnashuvdan qochishga uringan va avtobus ag‘darilib ketgan.

Hodisa joyida 8 kishi halok bo‘lgan, 32 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan, keyinroq ularning 3 nafari vafot etgan.

Bundan avvalroq, O‘zbekiston TIV Jambuldagi YTH oqibatida halok bo‘lganlar O‘zbekiston fuqarolari ekanini tasdiqlovchi axborot yo‘qligi, jarohatlanganlarning 7 nafari o‘zbekistonliklar ekani haqida xabar bergandi. Xabarlarga ko‘ra, jabrlanib, shifoxonaga yotqizilganlar orasida Tojikiston fuqarolari ham bor.

Ko‘proq yangiliklar: