Yer kadastriga doir axborotlar vazirlik va idoralarning saytiga joylashtiriladi 

O‘zbekiston 10:32 / 19.04.2019 6422

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning yer kadastriga doir axborotlarini vazirlik va idoralarning hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning yer kadastriga doir axborotlarini tayyorlash va umumiy foydalanish uchun vazirlik va idoralarning hamda mahalliy davlat hokimiyati idoralarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, yer kadastriga doir axborot O‘zbekiston Respublikasining davlat axborot resursi hisoblanadi va undan tegishli vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati idoralari, manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar foydalanishi uchun mo‘ljallanadi.

Yer kadastriga doir axborotlar quyidagi turlarga bo‘linadi:

foydalanishi cheklangan yer kadastriga doir axborot;

ochiq yer kadastriga doir axborot.

Foydalanishi cheklangan yer kadastriga doir axborotga – qishloq xo‘jaligini yuritish uchun belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida qishloq xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga oid axborotlar kiradi va ushbu axborotlardan keltirib o‘tilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan foydalaniladi.

Ochiq yer kadastriga doir axborotlarga – bugungi kunda foydalanilmayotgan, shuningdek qishloq xo‘jaligi korxonalari, tashkilot va muassasalariga belgilangan tartibda ajratib berilmagan, vaqtincha tarqatilmasdan turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar to‘g‘risidagi axborotlar kiradi va ushbu axborotlardan keltirib o‘tilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar hamda barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladi.

Quyidagilar yer kadastriga doir axborotni shakllantirishga mas'ul hisoblanadi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari;

b) O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, tumanlar (Quvasoy shahar) irrigatsiya bo‘limlari;

v) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, tumanlar (Quvasoy shahrining) qishloq xo‘jaligi bo‘limlari;

g) O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari.

Yer kadastriga doir axborotlarni Agroonline.uz dasturi orqali shakllantirish, yangilab borish va foydalanish muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

Yer kadastriga doir axborotlarda quyidagilar aks ettiriladi:

a) Davergeodezkadastr qo‘mitasi idoralari tomonidan:

yer uchastkasining joylashgan joyi, geografik joylashuvi, tabiiy, xo‘jalik, huquqiy rejimi, toifalari, sifat xususiyatlari va qiymati, yer uchastkalarining o‘rni va o‘lchamlari;

tuproqning unumdorligi (ball boniteti) to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

b) Suv xo‘jaligi idoralari tomonidan:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning suv bilan ta'minlanganlik darajasi, shu jumladan ularning manbasi, yil mavsumlarida bo‘lishi va yetarliligi;

sug‘orish uchun suv chiqarish usullari (oqar suv yoki nasos orqali yetkazib berish usuli), tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilinganligi, meliorativ holati (kollektor-drenaj tarmog‘i holati);

sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati va sho‘rlanganligini yaxshilash bo‘yicha joriy yilda Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

v) Qishloq xo‘jaligi idoralari tomonidan:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga ekilishi belgilangan (ekinlarni joylashtirish rejasi) qishloq xo‘jaligi ekinlari turlari;

mavjud bog‘lar, tokzor va tutzorlarning holati (intensiv usulda ekilgan bog‘lar, tokzor va tutzorlar);

vaqtincha tarqatilmasdan turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish bo‘yicha imkoniyatlar (qaysi yo‘nalishdagi qishloq xo‘jaligi korxonalari, tashkilotlar va muassasalar tashkil etish taklifi) to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

g) Fermerlar kengashi tomonidan:

fermer xo‘jaliklari yo‘nalishi (ixtisosligi), shu jumladan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari;

past rentabelli zarar bilan faoliyat yuritayotgan hamda o‘z faoliyatida zamonaviy texnika va texnologiyalardan keng foydalanib yuqori rentabellik darajasiga erishgan fermer xo‘jaliklari to‘g‘risidagi ma'lumotlar.

Ko‘proq yangiliklar: