Yaponiyada 258 gramm vazn bilan tug‘ilgan bola shifoxonadan chiqariladi

Jahon 21:43 / 19.04.2019 8520

2018 yil oktyabrda Yaponiyaning Nagano prefekturasida rekord kichik vazn – 258 gramm vazn bilan tug‘ilgan o‘g‘il chaqaloq 20 aprelda shifoxonadan chiqariladi. Bu haqda Kyodo axborot agentligi xabar berdi. 

Bolaning ayni vaqtda vazni 3,37 kg.ga yetgan va o‘zi mustaqil ona sutini icha olmoqda. Bola nuqson sababli ona qornida deyarli o‘smay qo‘ygach, shifokorlar homiladorlikning 24-haftasida uni kesarcha kesish orqali tug‘dirib olishga qaror qilishgan.

Shundan keyin u inkubatorga joylangan. “Uni parvarishlashda muayyan qiyinchiliklar bo‘ldi, chunki u tug‘ilganidan keyin tomirlari vena orqali dorilar yuborish uchun juda ingichka edi”, deb aytgan shifokorlardan biri.

Shifokorning ta'kidlashicha, Yaponiyada vazni 1 kgdan kamroq tug‘ilgan bolalar yashab ketishi 90 foizni tashkil qiladi, biroq 300 grammdan kamroq vazn bilan tug‘ilgan bolalarni, ayniqsa o‘g‘il bolalarni parvarishlash qiyinroq kechadi. 

Avval 2018 yil avgustida tug‘ilgan boshqa bir yaponiyalik bola bu borada rekordchi hisoblangan. Uning tug‘ilgandagi vazni 268 grammni tashkil qilgan. U ham homiladorlikning 24-haftasida kesarcha kesish orqali tug‘dirib olingandi. 

Umuman dunyoda 300 grammdan kamroq vazn bilan tug‘ilgan bolalar yashab ketgan 24 ta holat qayd qilingan. Ulardan 19 nafari qiz va 5 nafarigina o‘g‘il bolalar hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: