Vazir: «Maktablarimiz hamma uchun tekin yordamchi bo‘lib qolgan edi»

O‘zbekiston 12:31 / 19.04.2019 22475

Ta'lim tizimida qanday ishlar olib borilayotgani hamda bu yilgi obuna mavsumida turli mish-mishlarga sabab bo‘lgan «majburiy obuna» masalasiga oydinlik kiritish maqsadida «Jamiyat» jurnalist Sitora Tojiddinova O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bilan suhbatlashdi. Suhbat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Vazirning bildirishicha, xalq ta'limi tizimida ancha yildan buyon ko‘plab muammolar yig‘ilib kelgan. 

«Katta tizim bo‘lgani uchun muammolarning paydo bo‘lishi ham, ularning yechilgani ham birdan bilinmaydi. Masalan, qurilish sohasini olib qaraydigan bo‘lsak. Biror inshootni qurib, foydalanishga topshirsangiz, ko‘zga darrov ko‘rinadi. Lekin ta'lim sohasida bu narsa bilinmaydi.

Prezidentimiz o‘qituvchining obro‘sini ko‘tarish kerakligini ta'kidladilar. Yaxshi o‘qituvchi maktabga kelsa, ta'lim sifati oshadi. Ana undan keyin biz natijaga erisha olamiz. Uning uchun nima qilish kerak? Avvalo, maktablarimiz eng zo‘r pedagoglar keladigan, odamlar havas qiladigan joyga aylanishi lozim. Yaqin tarixga qaraydigan bo‘lsak, unday emasdi. Maktablarimiz hamma uchun tekin yordamchi bo‘lib qolgan edi. Tozalashga ham o‘qituvchi, paxta terishga ham o‘qituvchi. Qo‘pol bo‘lsa, uzr so‘rayman, ayrim joylarda o‘qituvchilar, hatto, go‘ng tashiganini ham aytishdi. Oylik esa oshmagan. Ya'ni, umumiy qaror bo‘yicha oshirilgan, lekin soha uchun alohida oshirilmagan. Soha katta bo‘lgani bois arzimagan miqdorda oylik oshirilsa ham mablag‘ katta bo‘lib ketadi. Yillar davomida o‘qituvchining oyligi o‘sish sur'ati boshqa tarmoqlarga qaraganda orqada bo‘lib kelgan.

Bir misol, abituriyent biror oliygohga hujjat topshirishdan avval, qaysi institutda o‘qish haqida o‘ylaydi. Imkoniyati baland, bilimli bolalar diplomatiya, huquqshunoslik, iqtisodiyot kabi yo‘nalishdagi oliy ta'lim muassasalarini tanlaydi. Birinchi yil talaba bo‘la olmaganlar yoki o‘z bilimiga ishonchi kamroq bo‘lganlar esa pedagogikaga hujjat topshiradi. Mana, Finlyandiya, Singapurni maqtab gapiramiz. U yoqda imkoniyati yuqori bolalar pedagogika sohasini tanlaydi. Bizda ham shunday bo‘lishi kerak. Buning uchun o‘qituvchining obro‘si va maoshini oshirish kerak.

Men nima uchun uzoqdan gap boshladim?! Sababi bizda uzoq yillar boshqa institutlarga kira olmaganlar nisbatan kam ball bilan o‘qituvchilik sohasiga o‘qishga kirgan. Ular maktablarda o‘qitgan bolalar ham shunga monand ravishda zo‘r ta'lim olisholmagan. O‘sha bolalar ham maktabni tugatib, oralaridagi eng kam bilimlilar yana pedagogika oliygohlariga kirgan. Natijada yillar davomida ta'lim sifati pasayib boravergan. Zanjir mana shunday davom etgan. Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan hozircha qilingan eng katta ish: mana shu zanjir 180 gradusga o‘zgartirildi. Bu juda katta muvaffaqiyat. Avvalgi salbiy zanjirning natijasini biz bugun ko‘rib turibmiz. Misol uchun, ko‘chadagi reklama va e'lonlardagi xatolarni qarang. Qolaversa, millionlab yurtdoshlarimiz chet davlatlarda yuribdi. Afsuski, ko‘plarining huquqlari poymol bo‘lyapti. Chunki ularning ko‘pi na o‘z tilida, na rus tilida eplab yozishni, fikrini to‘liq bayon qilishni biladi. Mana shunday salbiy natijalarni endi ko‘rib, bilib turibmiz. Lekin bu narsalar bir kunda bo‘lmagan-ku! Necha yillik ta'lim tizimidagi nuqsonlar sabab bo‘lgan. Bu narsa ataylab qilingan, degan fikrdan yiroqman. Shunchaki, sohaga e'tibor yetarlicha bo‘lmagan. Endi mana shu yillar davomida ishlab kelgan salbiy zanjir o‘zgartirildi. Ya'ni xalqimiz o‘qituvchilik kasbiga sekin-asta qiziqa boshlayapti. Oliy ma'lumotli o‘qituvchilar maktabga qaytyapti. Masalan, erkaklar oila boquvchisi bo‘lishgani uchun oylik kamligi sabab boshqa ishlar bilan shug‘ullanib ketgan edi. Mana, sekin-sekin erkak ustozlar safi ham kengaymoqda. Ko‘plari esa «qaytsam bo‘larkan» deb o‘ylab ko‘ryapti. Shuning uchun biz bu narsaga qattiq turdikki, birinchi galda, oylikni oshirish kerak edi. Qolaversa, o‘qituvchini kasbidan tashqari bo‘lgan ortiqcha mehnatga jalb qilmaslik choralarini ko‘rdik. Ko‘plab davlat idoralari ham ko‘mak berishdi. Ommaviy axborot vositalari katta yordam berdi. Umuman, hamma bir yoqadan bosh chiqardi. Natijada bugun o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinmasligiga erishyapmiz. Hatto, hokimlar selektor yig‘ilishlari qilib, «Bir o‘qituvchi paxta dalasi yonidan shunchaki o‘tib ketayotgan bo‘lsa ham ortiga qaytarib yuboringlar. Ko‘rinishmasin dalada» deganmish. Bu yaxshi natija-da baribir. 

Bu hali hamma narsa yaxshi, ta'lim sifati zo‘r, degani emas. Biz shunchaki o‘qituvchini o‘z ishi bilan shug‘ullanishi haqida gapirdik. Biroq birdaniga samara zo‘r bo‘ladi, deb o‘ylamaslik kerak. Sababi ko‘p yillar o‘qituvchilar kuzgi mavsumda ham, bahorgi mavsumda ham dalada bo‘lgan. Ancha yillar kasbiga taalluqli bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullangan odamlar maktabga keldi. Endi ular nima ish qilishi kerakligini bilishi kerak», - dedi Shermatov. 

Ko‘proq yangiliklar: