Tez tibbiy yordam sifatiga nima salbiy ta'sir ko‘rsatadi? Bunda aholining ham «aybi»​ bormi?

Jamiyat 16:09 / 19.04.2019 10493

Tez tibbiy yordam xizmati uchun bir yilda respublika bo‘yicha 10,5 millionga yaqin chaqiriq (har ming nafar aholiga 350ta) qayd etiladi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ularning 10 mingtasi yolg‘on chaqiriqlar bo‘ladi. 

Shoshilinch tibbiy yordamga yolg‘on chaqiriq bilan murojaat qilish sog‘liqni saqlash tizimida ko‘p uchraydigan holat, bu xizmat sifatiga sezilarli darajada salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Yolg‘on chaqiriqlar muammosi haqida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokor o‘rinbosari Ilhom Arslonov ma'lumot berdi.

Yolg‘on chaqiriq ham vaqtni, ham sifatni o‘g‘irlaydi

Tez yordamga murojaatlar tarkibini uchga ajratish mumkin: haqiqiy, yolg‘on va asoslanmagan chaqiriq.

«Yolg‘on chaqiriqda manzil, telefon raqamlari ko‘rsatiladi, tez tibbiy yordamga murojaat uchun sabablar ham aytiladi. Ammo berilgan manzil qidirib borilganda uning mavjud emasligi oydinlashadi. Taqdim etilgan telefon raqamlari bilan bog‘lanib ham bo‘lmaydi. Shu atrofda yashaydiganlarni kunning qaysi mahali bo‘lishidan qat'i nazar bezovta qilib, so‘rab-surishtirib, bunday manzil haqiqatda mavjud emasligini tasdiqlatib olish kerak bo‘ladi»​, ─ deydi Ilhom Arslonov.

Mutaxassis yolg‘on chaqiriqning bir qancha salbiy holatlarga sabab bo‘lishini sanab o‘tdi. Bunday chaqiriqdan keyin shifokor doimiy xavotirda, tonusda bo‘ladi. «Balki manzil to‘g‘ri edi-yu, men noto‘g‘ri qayd etdim, o‘zim xato qilganim uchun topa olmadim»​, degan xavotir uni kun bo‘yi ta'qib qiladi va o‘z-o‘zidan normal ish faoliyatini olib borishiga xalal beradi. Shikoyat kelib chiqishidan tashvishlanib yuradi.

Ikkinchidan, haqiqatan shoshilinch yordam zarur bo‘lgan joyga xodimning o‘z vaqtida yetib bora olmasligiga ham sabab bo‘ladi. Agar yolg‘on chaqiriq bilan ovora bo‘lib qolmasa, boshqa bemorning oldiga vaqtliroq borib, unga o‘z vaqtida kerakli yordamni ko‘rsata olishi mumkin bo‘ladi.

Uchinchidan, yolg‘on chaqiriqqa oddiy chaqiriqqa qaraganda ko‘proq vaqt sarflanadi. Haqiqiy bemor uchun yarim soat vaqt sarflash mumkin bo‘lsa, bunga xodimlar bir soatlab ovora bo‘lib qoladi. Ko‘rsatilgan noto‘g‘ri manzilni topish uchun boshqa aholini ham bezovta qilishiga to‘g‘ri keladi. Shifokor ham, tibbiy yordam mashinasi ham band bo‘lib qoladi.

Asoslanmagan chaqiriq shifokorni ovora qilishdan boshqa narsa emas

Shifokorning bayon qilishicha, asoslanmagan chaqiriq degan tushuncha ham mavjud bo‘lib, u ham tibbiyot xodimining ish faoliyatiga xalal beradi.

«Qo‘ng‘iroq qilib, bemorning ahvoli og‘ir, tez yetib kelmasangiz bo‘lmaydi, deb vahima qilishadi. Barcha murojaatlarni bir chetga surib, xodim yetib borsa, qon bosimining ozgina ko‘tarilishi ustidan chiqadi. Surunkali xastaligi borlar ko‘p hollarda shifokori bergan tavsiyaga rioya qilmaydi, parhezni buzadi, dorilarni o‘z vaqtida qabul qilmaydi. Natijada kasallikning zo‘rayishi kuzatilsa, tez yordamni chaqirib, ukol qilib qo‘ying, qon bosimimni o‘lchab qo‘ying, deyishadi. O‘zi oddiy parhezga ham rioya qilmay, kuniga 5-6 martalab qo‘ng‘iroq qiladiganlar bor. Bu yoqda esa chindan yordamga muhtoj bemorlarning oldiga borish kechikadi. Ukol qilib qo‘ymasang shikoyat qilaman, portalga yozaman deb po‘pisa ham qilishadi. Lekin bir narsani tushunishmaydi: muolaja qilish tez tibbiy yordam xodimining vakolatiga kirmaydi. U faqatgina favqulodda hollarda birinchi yordamni ko‘rsatishi mumkin!»​, ─ deydi mutaxassis.

Surunkali kasalliklar muolajasi tez tibbiy yordamning vazifasi emas

Tez tibbiy yordam stansiyasiga kelib tushgan hech bir murojaatni rad qilib bo‘lmaydi. Chunki tez yordam chaqirayotgan odam bemorning haqiqiy ahvolini to‘g‘ri baholay olmasligi mumkin. Ba'zida ahvoli og‘ir, juda yomon holatda, deyishadi. Borsangiz, qon bosimi 10-20taga ko‘tarilgan bo‘ladi. Ba'zilar esa sal mazalari yo‘q, ozgina o‘zlarini yomon his qilyaptilar, deydi, ammo mutaxassis borib ko‘rsa, o‘limoldi holati bo‘lishi ham mumkin. Chaqiriq uchun ko‘rsatilgan sabablar bemorning haqiqiy holatini baholab bera olmaydi. Shuning uchun har bir chaqiriqqa jiddiy yondashuv talab etiladi.

Mutaxassis turli muolajalarni bajarish uchun shoshilinch yordamni chaqirish mutlaqo noto‘g‘ri ekanligini ta'kidlab o‘tdi. 

«Surunkali kasalliklarda muolajalar uzluksiz tarzda to‘g‘ri olib borilsa, shifokor ko‘rsatmalariga rioya qilinsa, tez yordamga ehtiyoj tug‘ilmaydi. Kasallikni davolash tez yordam shifokorining vazifasiga kirmaydi. U o‘sha vaqtda mavjud kasallikning hayot uchun xavf solishi mumkin bo‘lgan simptomini bartaraf etadi, nima qilish kerakligiga yo‘llanma beradi. Bu vaqtinchalik holat. Bemor ahvoli ozgina yengillashgach, albatta, davolash muassasasiga murojaat qilib, muolaja olishi shart. Misol uchun, gripp bilan og‘rigan bemorning isitmasi ko‘tarilayotgan bo‘lsa, shifokor tana haroratini me'yorlashtiradi, lekin grippni davolash uchun antibiotik o‘tkazmaydi. Tez yordam faqatgina favqulodda holatni bartaraf etadi. Muolaja amaliyotini bajarish uchun tez yordam xodimi jalb etilishi mumkin emas, bu uning vakolatiga kirmaydi»​, ─ deya qayd etdi u.

Belgilangan normativlarga ko‘ra, osma ukol o‘tkazish, boshqa shifokor yozib bergan muolajani bajarish shoshilinch yordam xodimining vakolatiga kirmaydi. Bunday muolaja bemorning xohishi bilan emas, vaziyat taqozosi (masalan, ko‘p qon yo‘qotish) bilangina amalga oshirilishi mumkin.

Yolg‘on chaqiriqqa odamlarni nima undayapti? Buning uchun javobgarlik bormi?

Yolg‘on chaqiriqning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin. Ruhiyatida buzilish bo‘lganlar, tez yordam xodimlariga yoinki biron tanishiga adovati bo‘lganlar shunaqa ishlarni o‘ylab topishadi. Maqsad ─ kiminidir bezovta qilish.

«Faoliyatimizga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan bu holatni bartaraf etish uchun choralar ishlab chiqilmoqda. Bosh prokuratura bilan hamkorlikda bu borada ish olib borilyapti. Yolg‘on chaqiriq uchun EKIHning 20 baravarigacha jarimaga totishni qonunchilikka kiritish taklifi bilan chiqqanmiz. Masalaning ziddiyatli tomonlari ko‘p. Chaqiriqning haqiqatdan ham yolg‘on ekanligini isbotlash juda qiyin masala»​, ─ deydi Ilhom Arslonov.

Bosh shifokor o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, yolg‘on murojaat bilan chiqish holatlari hozirda nisbatan kamaygan. Bila turib mavjud bo‘lmagan manzilni ko‘rsatish, qandaydir shaxsiy munosabatlar yuzasidan tanishining manzilini ko‘rsatib yuborish, tez yordamga qo‘ng‘iroq qilib, 102, 101 bilan konferens aloqa qilish kabi holatlar ham ko‘p kuzatilgan.

Shuningdek, mutaxassis shoshilinch tibbiy yordam faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan boshqa holatlarga ham to‘xtalib o‘tdi: 

«Tez yordam mashinasiga yo‘l bermaslik holatlari ham tez-tez uchraydi. «Migalka»​ va sirenani yoqqan mashinaga yon-atrofdagi mashinalar yo‘l bersagina mashina o‘tib ketishi mumkin. Chet elda mashinalar ham, yo‘lovchilar ham tez yordam mashinasining yaqinlashayotganini ko‘rib, o‘zidan bilib yo‘l beradi. Mashinalar yo‘l bersagina haydovchimiz o‘tib ketishi mumkin. Asossiz ravishda yo‘l bermaslik, mutlaqo e'tibor qaratmaslik holatlari ham ko‘p kuzatiladi, afsuski.

So‘nggi paytlarda tibbiyot xodimlariga ish faoliyati davomida tajovuz qilish holatlari ko‘p kuzatilyapti. Bunda ichki ishlar xodimlariga murojaat qilishga majbur bo‘lamiz. Ammo ba'zida taqdir taqozosi bilan bemor hayotdan ko‘z yumgan paytda uning yaqinlari bor alamini tibbiyot xodimiga sochadi. Uni do‘pposlash holatlari ham kuzatiladi. To‘g‘ri, keyin uzr so‘rashi, o‘zida bo‘lmaganini bildirishi mumkin, ammo tibbiyot xodimining aybi nimada? Hech bir shifokor bemoring hayoti xavf ostida qolishini istamaydi. Uning ham salomatligiga xavf solish kerak emas»​, ─ deya baho berdi mutaxassis.

Belgilangan standartlarga ko‘ra, tez yordam mashinasi maksimum 30 daqiqadafavqulodda holatlar (o‘z joniga qasd qilish, yong‘in, avtohalokat)da esa 15 daqiqada yetib borishi kerak. To‘g‘ri, ba'zida mashina kech yetib kelishi mumkin, goho shifokorning muomalasidan yoinki malakasizligidan shikoyat qilib qolamiz. Ish bor joyda kamchilik bo‘ladi, degan maqol ham noo‘rindir balki. Chunki gap insonlarning salomatligi haqida ketyapti. Ammo shifokorlar o‘z vazifasini maromiga yetkazib bajarishi uchun ba'zida tashqi sabablar ham ta'sir ko‘rsatmayaptimikan? Har holda, qars ikki qo‘ldan chiqadi.

Saodat Abdurahmonova

Ko‘proq yangiliklar: