Sehr-joduga yuridik maqom berib bo‘ladimi?

Jamiyat 13:11 / 19.04.2019 20219

«(U) g‘aybni biluvchidir. Bas, O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas» (Jin surasi, 26).

 Komillik yo‘lida halol mehnat qilish, hayot mashaqqatlarini sabru qanoat bilan yengib o‘tish, ezgu maqsadga erishishda to‘g‘ri va xolis yo‘lni tanlash azaldan xalqimiz e'tiqodiga xos insoniylik mezonlaridan hisoblangan.

Ammo bugun shiddat bilan rivojlanayotgan fan-texnika asrida insonlarning nafaqat o‘zidagi bilim va tajriba, iste'dod va imkoniyat yoxud ular uchun yaratilgan moddiy-ma'naviy, texnik va texnologik imkoniyatlardan, balki sehr-jodu, folbinlik, afsungarlik bilan bog‘liq g‘ayritabiiy xizmatlardan foydalanishga rag‘bati tobora oshib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Bu nimadan dalolat beradi?! Bundan anglash mumkinki, ayrim odamlar o‘z maqsadlariga (xoh u ezgu, xoh u yovuz niyatlar bo‘lsin) qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, tezroq yetishga intilmoqdalar. Nima uchun? Chunki ezgu maqsadlar yo‘li – olis va mashaqqatli. Unga yetishish uchun peshona teri to‘kish, mashaqqatlarni sabot bilan yengish lozim bo‘ladi. Ammo ayrim kimsalar, taassufki, bunday yorug‘ yo‘lni tanlamayaptilar. Ulardagi tanballik, sabru qanoatsizlik yoki faqatgina o‘zi va o‘z baxti, omadini o‘ylashdek xudbinlik illatlari ularni qanday yo‘l bilan bo‘lmasin maqsad-muddaosiga erishishga undamoqda.

Tabiiyki, ularga odamlar taqdirini aytib beruvchi, ularning mulki va oilasiga g‘ayritabiiy kuchlardan foydalanib, ta'sir o‘tkazishni da'vo qiluvchi sehrgar, folbin, kohin va boshqa shaxslar o‘z xizmatlarini taklif qilmoqdalar. Hattoki internet tarmog‘ida ularning ochiqdan-ochiq targ‘ibot ishlarini ko‘rishimiz mumkin.

Tashqaridan qaraganda, go‘yoki «odamlarning ishlarini yurishtirib yuborayotgan», «baxtini ochib beradigan», «mansabini ko‘tarib yuboradigan» sehr-jodu egalari bugun ko‘p odamlarning ongu xayolini band qilib olgan.

Aslida g‘ayb siri, g‘ayb sirlaridan ogohlik faqatgina Yaratganning ixtiyorida. Bu haqda muqaddas islom dinimizda bot-bot uqtirishlar keltirilgan.

Muammo shundaki, ularning makriga uchgan ko‘plab odamlar bugun o‘z topgan daromadi, oilasi, farzandlari rizqini qiyib, ularning nasibasini folbinlar hukmiga qo‘shqo‘llab topshirmoqdalar va aldanib qolmoqdalar.

Bugun mahallalarda yoki ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan folbinlarning eshigi oldida navbatda turgan kishilarni tez-tez uchratish mumkin. Bir qarashda ularning faoliyatini xuddiki tadbirkorlikka ham o‘xshatib yuborasan beixtiyor. Ammo unday emas, haqiqiy tadbirkor xalqni aldamaydi, unga xolis xizmat ko‘rsatadi. Undan odamlar manfaat topadilar.

Go‘yoki, odamlar og‘irini yengil qilishga bel bog‘lagan qo‘shtirnoq ichidagi bunday tadbirkorlarning esa asl maqsadi pul topishdan boshqa narsa emas. Achchiq bo‘lsa ham, aytadigan zamoni keldi. Bugun eng bozori chaqqon folbinga tushadigan kunlik daromadni taxminan hisob-kitob qilib ko‘raylik. Xizmat uchun bir kishi 21 ming so‘m to‘lasa, bir kunda o‘n kishi kirdi deylik. Kunlik foyda 210 ming so‘mni tashkil qiladi. Bundan tashqari, «mijoz»lar uchun «maxsus» xizmat turlari ham bor. Ishlarni yurishtirib yuboradigan xizmat uchun 300 AQSh dollari, «isitish» uchun 200 AQSh dollari, «sovutish» uchun – 200 AQSh dollari... 

Daromadning jami ko‘rsatkichlarini chiqarishni esa o‘zingizga havola qildik. Ne mashaqqatlar bilan topgan mablag‘imizni folbinning mana shunday mavhum bashoratlari-yu jodulariga sarf qilish adolatdanmikin?!

Bordi-yu, faraz qilaylik, folbinlik faoliyatini yuridik nuqtai nazardan iste'molchiga xizmat ko‘rsatish, deb hisoblasak, ushbu xizmatlar sifati yuzasidan ajib bir mavhumlik holati yuzaga keladi. Chunki mazkur xizmatlarning ilmiy-texnik asoslari va baholash mezonlari mavjud emas.

Bundan anglashiladiki, sehr-jodu xizmatlari ko‘rsatish jarayonining tartibga solinmagani (agar bu xizmatlarga huquqiy jihatdan ruxsat berish, ularni tartibga solish haqiqatga to‘g‘ri kelsa) fuqarolar ishonchining ommaviy suiiste'mol qilinishi, tovlamachilik holatlariga olib kelmoqda. Mazkur holatlar internet yoki boshqa videoaloqa vositalari yordamida sehr-jodu seanslarini o‘tkazish yo‘li bilan sodir etilmoqda.

Shuni ham qayd etish kerakki, sehr-jodu va folbinlik faoliyatida yolg‘on, firibgarlik alomatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi qonunining 13-moddasida yolg‘on reklama qilish taqiqlangan. Ammo ushbu qonunning amalda qo‘llanilishiga yuzlansak, internet sohasida mazkur talabga folbinlar mutlaqo rioya etmayotganining guvohi bo‘lamiz.

IIV ma'lumotlariga ko‘ra, oxirgi 3 oy mobaynida 20 nafar shaxsga nisbatan bitta jinoiy va 18ta ma'muriy ish qo‘zg‘atilgan va bunda moddiy zararning umumiy qiymati 22 million so‘mni tashkil qilgan. Bu kabi ishlar jinoiy, ma'muriy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda isbotlanishi qiyin ishlar toifasiga kiradi. Shu sababli bunday xizmatlardan zarar ko‘rgan fuqarolarning buzilgan huquqlarini sudda tiklashda turli xil qiyinchiliklarga duch kelinmoqda. 

Qolaversa, bunday xizmatlarni azaliy va abadiy pok, sof diniy e'tiqodimiz qattiq qoralaydi. Bunday ishga ruju qo‘yguncha halol mehnat qilish, ilmu ziyo orttirish, har qanday istak va maqsadni Yaratgandan iltijo qilib so‘ramoqlik va shu orqali yorug‘ niyatga yetmoqlik lozimligini uqtiradi. Imom Al-Buxoriyning «Al jome'-as-sahih» to‘plamida sehrgar yoki folbinga murojaat qilib, uning qobiliyatlariga shubha bildirmasdan ishonish dindan chiqishga olib kelishi aytilgan. Shunday nurli xitoblar borligiga qaramay, afsuski, folbinlarning xizmatlariga «ixlos» qo‘yguvchilar soni ortib bormoqda.

Hadisda «Kimki bashoratchi yoki folbinning oldiga borsa va u aytgan narsani tasdiqlasa, shubhasiz, u Muhammad (alayhissalom)ga tushgan narsaga kufr keltiribdi», deyilgan (Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Moja rivoyatlari).

Shu o‘rinda ijodkor yurtdoshimiz Bahodir Obidning she'ridan quyidagi to‘rtligini keltirishni maqsadga muvofiq deb bildim:

Sehrgar – ko‘zlarga xuddi avliyo,   

«Shoh qismatin bitar hatto gadoga(?!)».  

Joynamozi qolib, erkagu ayol

Sig‘inar poyida misli Xudoga.    

Yuqoridagilardan xulosa qilish lozimki, avvalo, har birimiz ong-u tafakkurimizni ishga solib, folbinlikka ixlos qilish azaliy e'tiqodimizga xilofligini chuqur anglashimiz, o‘zimiz va farzandlarimiz nasibasi bo‘lgan mulkimiz hamda mablag‘imizni ularning aldovlari yo‘lida yelga sovurmasligimiz darkor.

Shuni ham eslatish kerakki, hozirgi kunda folbin, sehrgar, ekstrasenslar va boshqa shu kabi shaxslar tomonidan inson va aholining ommaviy ongiga salbiy ta'sir o‘tkazish holatlarining oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan qonun hujjat qabul qilinishi zarurati yuzaga kelmoqda.

Umid qilamizki, bugungi izchil islohotlar jarayonida ushbu masalaga ham soha mutaxassislari tomonidan muhim e'tibor qaratiladi.

Bekbutayeva Latofat

P/S: Sehr-jodu amaliyoti bilan shug‘ullanadiganlar ikki toifaga bo‘linadi: firibgarlar (go‘yo sehr amaliyotini qilayotgandek ko‘rinib, aslida sehr-jodudan xabari yo‘qlar) va haqiqiy sehr-jodu (magiya) orqali inson ruhini buzish bilan shug‘ullanadiganlar. Biri shunchaki odamlarni chuv tushirish bo‘lsa, ikkinchisi o‘ta salbiy oqibatlarga olib keladigan amaliyotdir.

Ikki holatda ham bu jamiyatga zarar keltiradigan amaliyot bo‘lib, zararli ishlar qonunan ta'qib qilinishi tamoyilidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ishonishimizcha, sehr-jodu amaliyoti ham jinoyat kodeksi moddalarida o‘z aksini topishi lozim. Ularga yuridik maqom berish esa jamiyatga yuborilgan «bu ishlar jamiyat uchun kerak» degan noo‘rin messej bo‘lib qoladi deb hisoblaymiz. Zero, davlat tomonidan tan olinadigan har bir amaliyot omma, avvalo yoshlar tomonidan aynan shunday qabul qilinadi.

Hisoblab ko‘rilganda Rossiya Federatsiyasida aholi bir yilda 2 milliard dollar pulini jodugarlarga sarf etar ekan. Bu raqam o‘zga davlatga tegishli, biroq  mazkur amaliyotdan  oilalarga yetadigan birgina iqtisodiy zararning ko‘lamini tushunishimiz uchun kerak...

Ko‘proq yangiliklar: