O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya munosabatlari alohida strategik sheriklik maqomiga ko‘tarildi  

O‘zbekiston 15:33 / 19.04.2019 14040

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida alohida strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda Prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hukumat va vazirliklar o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish, tinch maqsadda fazoni tadqiq etish, fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida hamkorlik, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Koreya markazini tashkil etishga oid va boshqa hujjatlar imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari uchun o‘tkazilgan brifingda Prezidentlar an'anaviy do‘stlik, ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida kechgan muzokaralar natijalaridan mamnunligini alohida ta'kidladi.

«Muloqotlarimiz O‘zbekiston bilan Janubiy Koreyaning siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligi xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga to‘la mosligini, xalqaro va mintaqaviy muammolar, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarimiz yaqin ekanini namoyish etdi», —  dedi Shavkat Mirziyoyev. 

«Dunyoning diqqat markazida bo‘lib kelayotgan O‘zbekiston Prezidentiga chuqur hurmatimni bildiraman. Shavkat Mirziyoyev hamma sohalardagi – siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy hayotga doir islohotlari bilan O‘zbekistonni yangi taraqqiyot bosqichi sari yetaklamoqda. Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tardik. Uni hayotga tatbiq etish mexanizmlari, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilib, istiqbolli kelishuvlarga erishdik», —  dedi Mun Chje In.

Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolangani alohida ta'kidlandi.

Ko‘proq yangiliklar: