Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hazratlari O‘zbekistonda islom moliyasi va ziyorat turizmini rivojlantirishga oid tavsiyalari bilan bo‘lishdi

Jamiyat 23:22 / 19.04.2019 13655

Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hazratlari va ularning o‘g‘illari Shayx Muhammad Imron Ashraf Usmoniy hazratlarining O‘zbekistonga tashriflari davomida islom moliyasi mavzusida uchrashuv va davra suhbati tashkil etildi. Unda Muftiy hazratlari islom moliyasining jahondagi holati, Pokistonda rivojlanish tarixini so‘zlab berdi. Shuningdek, ushbu sohaning O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilishiga oid qimmatli maslahatlari bilan bo‘lishdi. "Islom moliyasi" telegram kanalida shu haqida xabar berildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda islom moliyasining rivojlanish istiqbollariga oid savolga Muftiy hazratlari hozirgi kundagi eng muhim vazifa odamlarga ta'lim berish, islom moliyasi bo‘yicha bilimlarni oshirish zarurligi, ta'lim berishga qudrati yetadigan mahalliy mutaxassislarni tayyorlash kerakligini ta'kidladi. Xususan, Pokistonda AAOIFI (islom moliyasi sohasida xalqaro standartlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi yetakchi tashkilot)ning har bir standarti bo‘yicha alohida mutaxassis jalb qilib dars o‘tish tajribasi qo‘llanilishi aytildi. Shu sababli mutaxassislarni tayyorlashga katta ahamiyat berish kerakligi, kitoblarni nashr qilish, o‘quv kurslari tashkil qilish, xorijiy mamlakatlarning tajribali mutaxassislari bilan hamkorlik o‘rnatish zarurligi to‘g‘risida fikrlar bildirildi.

Foto: "Islom moliyasi" telegram kanali

Muftiy hazratlari Pokiston tajribasida ushbu sohaning tamal toshlari investitsion korxonalar tomonidan qo‘yilgani, sekin-asta mahsulotlarning soni ortib borgani va islom banklari tashkil qilinganini so‘zlab berdilar. Boshlanishda islom moliyasi mahsuloti sifatida murobaha, undan so‘ng ijara va boshqa mahsulot va xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani aytildi.

Olim islom moliyasida xatarlarning adolat bilan taqsimlanishi, mijozga qarzdor emas, hamkor sifatida yondoshish an'anaviy banklardan farqli jihati hisoblanishini qayd etdi.

"Ko‘rinishidan oldi-sotdiga o‘xshagan, aslida mahsulot mavjud bo‘lmagan yoki mulk qo‘ldan qo‘lga o‘tmaydigan har qanday amaliyotdan chetlanish lozim. Shu holda O‘zbekistonda real iqtisodiyot va moliya sohasida haqiqiy bog‘liqlik yaratilishiga erishiladi", - dedi u.

Bunga qo‘shimcha ravishda hazratning islom moliyasiga oid kitoblarida bu kabi mavzular batafsil yoritilgani va ularni O‘zbekiston musulmonlari ham o‘qishi kerakligi aytildi. Shu o‘rinda Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy o‘zlarining islom moliyasiga oid kitoblarini o‘zbek tiliga tarjima qilish uchun ijozat berdi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida Pokistonning "Mezon banki" va shariat ulamolari bilan aloqa o‘rnatishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, o‘zbek tilida islom moliyasi mavzusida chop etilgan kitoblar, Islom taraqqiyot bankining sohani rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasiga ijobiy baho berildi.

19 aprel kuni shayx Muhammad Taqiy Usmoniy hazratlari Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov bilan uchrashdi. Qo‘mita raisi hazratga 23 fevral kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan I Xalqaro ziyorat turizm forumida videomurojaat bilan ishtirok etganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi. Islom ilmi olimi uchrashuv davomida O‘zbekistonda ziyorat turizmni rivojlantirishga oid tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

Shuningdek, shayx hazratlari ziyorat turizmni rivojlantirish yo‘lida O‘zbekistondagi muqaddas qo‘lyozmalarni kashf qilish, ularni dunyo ahliga yetkazishga g‘ayrat qilish lozimligi, zero bu ham ziyoratchilarni O‘zbekistonga jalb qilish usullaridan biri ekanini qayd etdi.

Ma'lumot uchun: Dunyoning eng nufuzli 500 musulmon kishisi ro‘yxatiga kiritilgan Muhammad Taqiy Usmoniy 1943 yilda Hindistonda tug‘ilgan. Bugungi kunda Pokistonning Karachi shahridagi Dor-ul ulum islom universitetida prorektor sifatida faoliyat yuritadi. Shayh hazratlari ayni damda o‘zi to‘plagan hadislarni jamlab, 300 jilddan iborat hadis ensiklopediyasini arab tilida nashrga tayyorlamoqda. Kelgusida bu kitob ingliz va urdu tillariga ham tarjima qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: