«Sirg‘ali dehqon bozori» AJ bozor hududidan tashqarida joylashgan tadbirkordan infratuzilma uchun qariyb 42 million so‘mdan ortiq to‘lov talab qilinmoqda. Bu haqda Dragen LTD MChJ rahbari Kun.uzʼga ma'lum qilgan.
Ta'kidlanishicha, bozor ma'muriyati bilan nizolar 2017 yil kelib chiqqan bo‘lib, «Sirg‘ali dehqon bozori» AJ mutasaddilari Dragen LTDʼni «infratuzilmadan foydalanganligi uchun to‘lovni o‘z vaqtida to‘lamay kelishda» ayblagan.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Tadbirkor esa buni inkor etib, barcha kommunal to‘lovlar uchun mustaqil shartnoma tuzgani va mutasaddi tashkilotlarga tegishli haqni to‘lab kelayotganini iddao qiladi. U bozorning elektr, suv va gazidan foydalanmaydi. Hatto o‘z mablag‘lari hisobidan yo‘lakka bruschatka yotqizgan. Shunga qaramay, sudyalar uning haq-huquqlarini tan olmayotir.
Gap shundaki, 2010 yil «Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror e'lon qilingandi. Qarorning 4-bandida «bozorlar va savdo komplekslarining ma'muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatilgan xizmatlar qiymati miqdorlarini tasdiqlash» belgilangan. Ushbu qaror ijrosini ta'minlash maqsadida, 2010 yili to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini tashkil etish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlangan.
Bozor hududida umumiy foydalaniladigan obektlarni saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan majburiy xizmatlar uchun alohida stavkalar joriy qilingan.
Biroq, Nizom bilan tasdiqlangan qoidaga ko‘ra, «bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarining ma'muriyati tasarrufida bo‘lgan binolar, inshootlar hamda boshqa mol-mulkdan va ularning xizmatlaridan belgilangan tartibda foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar ijara to‘lovlari va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar to‘lovchilari hisoblanadi». Soddaroq aytganda, bozor balansida bo‘lgan binoni ijaraga olib ishlatayotgan yoxud o‘z binosiga ega, ammo bozor ko‘rsatayotgan xizmatlardan foydalanayotgan tadbirkor to‘lovni amalga oshirishi kerak.
Dragen LTD MChJga tegishli yer-mulk xususiy bo‘lib, u bozor tasarrufida emas. Tadbirkorga 1994 yil 16-mayda Toshkent shahar hokimining tegishli farmoyishi bilan yer maydoni ajratib berilgan. Buni yer maydoni va bino-inshootga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi ma'lumotnoma ham tasdiqlaydi.
Lekin sud jarayonida mulkning qonuniy egasi bozor emas, Dragen LTD MChJ ekanligiga e'tibor qaratilmaganga o‘xshaydi. Boshqacha aytganda, MChJ o‘zining qonuniy mulki uchun bozorga ijara haqi to‘lashga majburlanmoqda. Vaholanki, bozor ma'muriyati va Dragen LTD MChJ infratuzilmadan foydalanganlik uchun to‘lovlarni undirishga oid shartnoma ham tuzilmagan.
«Sirg‘ali dehqon bozori» AJ bosh muhandisining aytishicha, tadbirkor foydalanayotgan elektr va irrigatsiya tarmoqlarining soz holatda saqlanib qolishi uchun to‘lovni qilishi kerak.
«Lekin transformatorni tadbirkorlar o‘z mablag‘i evaziga ta'mirlab, alohida firma xizmatidan foydalanadi. Energiya tarmog‘ining sozligini ta'minlash uchun 30 foiz ustama haqi olinadi. Bozor ma'muriyati kanalizatsiyani ham zamonaviylashtirish kabi tashabbusimizga hissa qo‘shmadi. Oqibatda, yana tadbirkor barcha ishni bajardi», — deydi MChJ rahbari o‘g‘li
Tadbirkorning bir so‘zi aqlni shoshirib qo‘ygudek ayanchli eshitildi: «Nohaq bo‘lsang, mayli-ku, haq bo‘la turib, haqliging isbotlab berolmasang, huquqing poymol etilishini jim kuzatishga majbur bo‘lish alamli ekan».
«O‘zining qonuniy mulki uchun bozorga ijara to‘layotgan tadbirkor qismati» nomli maqolada bayon qilingan tadbirkor duch kelgan muammo ko‘z oldimda gavdalandi. Ana shunda ham sud barvaqt xulosaga kelganini tan olgan, tadbirkorning huquqlarini, kech bo‘lsa-da, tiklaganiga guvoh bo‘lgandim. O‘ylaymizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ushbu holatni ham e'tiborsiz qoldirmaydi va qonunda nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqadi.
Alisher Ro‘zioxunov