Boks. O‘zbekiston vakillari Osiyo chempionatini muvaffaqiyatli boshladi

Sport 17:45 / 19.04.2019 23959

Bugun, 19 apreldan Bangkokda boks bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi. 26 aprelgacha davom etadigan musobaqada rekord darajada ko‘p – 36ta terma jamoa ishtirok etmoqda.

Erkaklar o‘rtasidagi dastlabki kungi bahslar doirasida -64 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Osiyo o‘yinlari sovrindori Shunqor Abdurasulov iroqlik Qadim al-Ezirej ustidan g‘alaba qozondi. Shunqor ertaga navbatdagi saralash jangini pokistonlik Amir Masudga qarshi o‘tkazadi.

Shunqor Abdurasulov
Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Undan so‘ng, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Bobo-Usmon Boturov -69 kg vaznda mo‘g‘ulistonlik Bayarku Ganbaatarni muddatidan oldin mag‘lub etdi. O‘zbekistonning amaldagi chempioni ilk raunddayoq katta ustunlikka erishib, raqibni nokdaun holatiga tushirdi; ikkinchi raundda esa mo‘g‘ulistonlik bokschi qoshidan jarohatlanib, jangni davom ettira olmadi. Boturov navbatdagi jangini yakshanba kuni eronlik Sajjad Kozimzodaposhtiriga qarshi o‘tkazadi.

Bobo-Usmon Boturov
Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Qayd etish kerak, bu galgi Osiyo chempionati ilk marotaba erkaklar va ayollar turnirlarini birlashtirgan holda o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 9ta vazn toifasida ishtirok etyapti. Bugun -57 kg vaznda Yodgoroy Mirzayeva Shri-Lanka vakili Krishmi Lankapurayalage bilan jang qiladi.

O‘zbekiston terma jamoasi vakillarining 20 aprel kungi taqvimi:
– 49 kg: Nodirjon Mirzahmedov – D.Xasebe (Yaponiya)
– 52 kg: Hasanboy Do‘smatov – T.Drugel (Butan)
– 56 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov – A.Alibekov (Qirg‘iziston) / N.Simfavong (Laos)
– 60 kg: Shukurjon Rahimov – K.Choye (KXDR)
– 64 kg: Shunqor Abdurasulov – A.Masud (Pokiston)
– 75 kg: Isroil Madrimov – T. Vu (Vetnam)
– 81 kg: Dilshodbek Ro‘zmatov – B. Yadav (Hindiston)
– 91 kg: Sanjar Tursunov – X. Xan (Xitoy) / S. Boboshev (Qirg‘iziston)
+ 91 kg: Bahodir Jalolov – X. Mu (Xitoy)

Eslatib o‘tamiz, 10ta vazn toifasidagi bahslarni o‘zida jamlagan ushbu Osiyo chempionati shu yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga hech qanday yo‘llanma bermaydi. Xalqaro boks federatsiyasining yangi tizimiga ko‘ra, jahon chempionati va Olimpiada uchun alohida lisenzion musobaqa tashkil qilinadi. Qolaversa, o‘tgan yili AIBA tomonidan Tokio Olimpiadasi uchun boks bahslarida yangi vazn toifalari joriy etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: