2021 yilga qadar Toshkentda Radisson Hotel Group tarkibiga kiruvchi yirik mehmonxona quriladi

O‘zbekiston 17:42 / 19.04.2019 7055

Shu yilning 17 aprel kuni Toshkentdagi “Tashkent City” majmuasining qurilish maydonida Belgiyaning Radisson Hotel Group kompaniyasi ijrochi vitse prezidenti va bosh ijrochi direktori Elin Yunes hamda Real House kompaniyasi direktori Begzod Maksumov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Unda tomonlar “Tashkent City” majmuasi tarkibida Park Inn by Radisson Tashkent City Hotel & Apartmens majmuasini barpo etish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Kelishuv shartnomasiga ko‘ra, 2021 yilda Toshkentda yangi mehmonxona va apartament qurib bitkaziladi. Loyihaga Toshkentdagi yetakchi qurilish kompaniyalaridan biri, Real House brendi tarkibiga kiruvchi “Lotus Gas Invest” kompaniyasi hamkorlik qiladi.

Yangi loyiha jami 300 o‘rinli (nomer) mehmonxonani (shundan 50 tasi apartament ko‘rinishida, 250 o‘rni standart va lyuks xonalar), shuningdek, konferens zal, 5 ta muzokara xonasi, trenajyor, 24 soat ishlaydigan restoran, barni (Gastro Pub Sky Bar) o‘z ichiga oladi.

Loyiha shuningdek, tadbirkorlar uchun turli markazlar, bolalar bog‘chasi, poliklinika, turli kurslar uchun mo‘ljallangan Coworking markazlari, xaridlar va dam olish uchun turli markazlarni qamrab oladi.

Bundan tashqari, mehmonxonaning eng baland qismida shinam (sky) restoran qurilishi rejalashtirilgan. Restoranda bo‘lish mijozlarga “Tashkent City” majmuasining tungi va kunduzgi qiyofasini to‘liq tomosha qilish imkoniyatini taqdim etadi.

“Turizm O‘zbekistonda eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri. Jumladan, 2018 yilning o‘zida yurtingizga 5 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Biz Park Inn by Radissonʼni O‘zbekistonga olib kirayotganimizdan mamnunmiz. Ajoyib mintaqaga yangi brendni olib kirish bizga xursandchilik bag‘ishlaydi”, dedi Radisson Hotel Group kompaniyasining ijrochi vitse prezidenti va bosh ijrochi direktori Elin Yunes.  

Real House kompaniyasi marketing departamenti boshlig‘i Baxtiyor Abduvahobovning Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, ikki tomonlama shartnoma 17 yilga mo‘ljallagan. Radisson Hotel Group kompaniyasi bu vaqt oralig‘ida Park Inn by Radisson Tashkent City Hotel & Apartmens majmuasini qurib, xizmat ko‘rsatishga ko‘maklashadi.

“Bizda shu vaqtga qadar mehmonxonalar tizimi juda kam hisoblanardi. Biz nima uchun bu mehmonxonalar tizimini tanladik? Sababi, turizm sohasida katta rivojlanish yo‘lini tanlaganmiz. Tabiiyki, keyingi bir necha yillar ichida O‘zbekistonda ko‘pgina chet ellik mehmonlarni kutamiz. Mehmonlar qayerda rivojlangan mehmonxonalar tizimi va parkinglarni ko‘rsa, shu yerga ko‘proq tashrif buyurishadi.

Isbotlangan bir holat bor: rivojlangan brendlar o‘zi joylashgan mamlakatga ko‘proq mehmon jalb qiladi. Chunki har qanday sayyoh biror joyga safar qilishdan oldin o‘sha davlatdagi turizm uchun imkoniyatlarni o‘rganadi.

Bunday brendning O‘zbekistonda bo‘lishi turistlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Juda ko‘p takliflar ichida Radisson Hotel Groupʼni tanlaganimizning sababi ham shunda”,-deydi Baxtiyor Abduvahobov.

Park Inn by Radisson – yuqori va o‘rta mehmonxona brendi bo‘lib stressdan xoli qiluvchi tizim, yaxshi taomnoma va ajoyib muhitni o‘zida aks ettiradi.

Park Inn by Radisson MDH hududida o‘zining o‘rta darajadagi 24 ta mehmonxonasiga ega, mintaqada esa umumiy 6194 nomerga ega portfolioli eng yirik brenddir.

Radisson Hotel Group - dunyoning eng yirik mehmonxonalar tarmog‘idan biri bo‘lib, 1400 dan ortiq mehmonxonalar tizimiga ega. Jumladan, The Radisson Hotel Group tarkibiga dunyoga mashhur Radisson Collection, Radisson Blu, Radisson, Radisson RED, Park Plaza, Park Inn by Radisson hamda Country Inn & Suites by Radisson kabi brendlar kiradi.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: