Portugaliyadagi avtohalokatda 29 nafar germaniyalik sayyoh halok bo‘ldi

Jahon 07:56 / 18.04.2019 14195

Portugaliyaning Madeyra orolida turistik avtobus bilan yuz bergan yo‘l-transport hodisasida 29 kishi (11 erkak va 18 ayol) hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Lusa axborot agentligi xabar berdi. 

Yana 27 kishi jarohat olgan.

Halok bo‘lganlarning barchasi germaniyalik sayyohlar bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, avtobus haydovchisi va gid portugaliyalik bo‘lib, jarohat olishgan.   

Voqea 17 aprelda soat 18.30da yuz bergan. Taxmin qilinishicha, haydovchi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtobus yo‘ldan chiqib ketib, yo‘ldan pastroqda joylashgan uyning tomiga tushgan. Mahalliy OAVning xabar berishicha, avtobusda 51 kishidan 55 kishigacha bo‘lgan.

Portugaliya bosh vaziri Antoniu Koshta tvitterda halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirgan. Koshtaning ta'kidlashicha, u Germaniya kansleri Angela Merkelga ham hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Germaniya tashqi ishlar vazirligi ham qurbonlar oilalariga ta'ziya bildirgan.   

Voqea yuzasidan tergov ishlari boshlangan.

Madeyra ma'muriyati voqea munosabati bilan 3 kunlik motam e'lon qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: