Peshqadamlarda jiddiy o‘yinlar, Olmaliqda Qosimov – Abramov dueli – Superliga 5-tur anonsi

Sport 16:25 / 18.04.2019 7982

Bugun, 18 aprel kuni Superligada 5-tur o‘yinlari boshlanadi. Bu turda muxlislar ko‘plab qiziqarli o‘yinlarga guvoh bo‘lishadi. «Paxtakor» o‘z maydonida Samarqandning «Dinamo» klubini qabul qiladi. Amaldagi chempion «Lokomotiv» Buxoroga safar qiladi. Andijonda yangi stadion ochilishida «Nasaf» mehmon bo‘ladi.

18 aprel (payshanba)
«ANDIJON» – «NASAF»
Boshlanish vaqti: 18 aprel, 17:00.
Stadion: Andijon, «Sog‘lom avlod» stadioni.

«Andijon» nihoyat o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida o‘ynaydi. Bugun Andijonda maydoni yangilangan stadionning o‘ziga xos ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Oldingi turlarda mag‘lub bo‘lgan «Andijon» o‘z maydonida muxlislarini xursand qilish uchun jiddiy raqib - «Nasaf»ni mag‘lub etishi talab etiladi. «Andijon» o‘tgan turda «Bunyodkor»ga qarshi yomon o‘ynamadi, o‘yin oxirida ustunlikka ham ega bo‘ldi va bu jamoa muxlislariga keyingi uchrashuvlar oldidan umid bag‘ishlashi mumkin.

«Nasaf» o‘tgan turda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi kutilmaganda o‘z maydonida «Navbahor»ga imkoniyatni boy berdi. «Paxtakor» bilan mazmunli o‘yindan so‘ng qarshiliklar keyingi bahslarda yaxshiroq o‘ynashi kutilgandi, biroq bunday bo‘lmadi. «Nasaf» Qarshidagi mag‘lubiyat tasodif bo‘lganini boshqa bir vodiy klubini mag‘lub etish orqali isbotlashga urinib ko‘radi.

«PAXTAKOR» – «DINAMO»
O‘yin vaqti: 18 aprel, 18:15.
Stadion: Toshkent, «Paxtakor» stadioni.

Shota Arveladze O‘zbekistonga kelganidan so‘ng mag‘lub eta olmagan kam sonli jamoalaridan biri «Dinamo» hisoblanadi. 2017 yil «Paxtakor» Samarqandga safar qilib, 0:0 o‘ynaganida Shota Arveladze toshkentliklar jamoasi boshqaruvida ilk marta samarqandliklarga qarshi o‘ynagandi. O‘sha mavsumda «Paxtakor» ikki o‘yinda ham «Dinamo» darvozasiga gol ura olmagandi.

Mavsumni juda omadli boshlagan «Dinamo» 2017 yilda «Paxtakor»ni safarda 1:0 hisobida mag‘lub etgani yodingizda bo‘lsa kerak. O‘shanda samarqandliklar safida o‘ynagan moldaviyalik Radu Rogak o‘yindagi yagona golga mualliflik qilgandi. Biroq «Paxtakor»dan 4 ochko olgan «Dinamo» yuqori divizionda qolish uchun yetarli ochko to‘plaganiga qaramay, PFLning «qisqartirish operatsiyasi» sabab quyi ligaga tushirib yuborilgandi.

Bugun xuddi shunday tushunarziz tarzda yuqori divizionga qaytgan «Dinamo» Davron Fayziyev murabbiyligida ikki o‘yindan iborat g‘alabali seriya bilan Toshkentga safar qilgan. Bu o‘yinda «Paxtakor»ning imkoniyatlari ancha yuqori, Arveladze shogirdlari o‘tgan turda Termizda qayd etilgan durang tasodif ekanini isbotlash uchun ham ikki hissa yaxshiroq o‘ynashadi.

Samarqandlik futbolchilarga o‘ta kuchli xohishgina ochko qo‘lga kiritish uchun asos bo‘lishi mumkin. Ijrochilar borasida bugun «Paxtakor»ga bas kelish qiyin va shu sabab bu o‘yin asosan Superligada mart oyining eng yaxshi darvozaboni deb topilgan Botirali Ergashev darvozasi oldida o‘tishini kutsak bo‘ladi.

«BUXORO» – «LOKOMOTIV»
O‘yin vaqti: 18 aprel, 19:15.
Stadion: Buxoro, «Buxoro SM» stadioni.

Futbolchilari chiroyli gol urish bo‘yicha bahslashishni boshlab yuborgan «Buxoro» o‘tgan turda chiroyli g‘alabani qo‘lga kiritdi. «Qo‘qon-1912» mehmoni bo‘lgan Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ivan Nagayev va Doston Ibragimov qanday ajoyib gollar urganini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Bu «Buxoro»ning mavsumdagi ilk g‘alabsi bo‘ldi. Bu o‘yinda Ivan Nagayev Farg‘onada akrobatik uslubda gol urdi, Doston Ibragimov esa ikki marta jarima maydonchasiga kirmay chiroyli uslubda darvozani ishg‘ol qildi. Amaldagi chempion bugun individual jihatdan yaxshi jamoaga qarshi o‘ynaydi.

Odatda biror jamoa mavsumni mag‘lubiyat bilan boshlasa, keyingi o‘yinlarda qiynaladi, lekin «Lokomotiv» 1-turda «Paxtakor»ga yengilganidan keyin faqat g‘alaba qozonmoqda. «Navbahor», «Andijon»va OKMKni mag‘lub etgan «Loko» hozir ikkinchi o‘rinda joylashgan.

Ko‘plab yetakchilari jamoani tark etganiga qaramay, «temiryo‘lchilar» yaxshi jamoa bo‘lib qolganini aytgan Fyodorov adashmagan ko‘rinadi. «Lokomotiv» yana o‘z darajasini ko‘rsata boshladi. Buxoroga chempionlarning tashrifi doim qiziqishga sabab bo‘lgan. Bugun ham Buxoroda katta o‘yin bo‘lishi kutilmoqda.

19 aprel (juma)
QIZILQUM – QO‘QON-1912
O‘yin vaqti: 19 aprel, 18:30.
Stadion: Navoiy, «Yoshlar SM» stadioni.

«Qizilqum» o‘tgan turda mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qildi. Bekobodda «Metallurg» mehmoni bo‘lgan Hamidjon Aktamov shogirdlari 4ta gol o‘tkazib yuborishdi. Tarkib borasida ko‘p jamoalardan yaxshiroq ko‘rinayotgan «Qizilqum» OKMKni mag‘lub etgach, yuqori o‘rinlar uchun kurashishi kutilgandi, ammo bunday bo‘lmadi. Navoiyliklar shundan buyon g‘alaba qozona olishmayapti.

«Qo‘qon-1912»ning esa ahvoli yaxshi emas. No‘'mon Hasanov shogirdlari OKMKdan 7ta (Zafar Polvonovning bir o‘zidan 5ta gol) o‘tkazib yuborishgach, o‘tgan turda «Buxoro» futbolchilarining super gollarini qabul qilishdi. Murabbiy iste'foga chiqishga tayyor ekanini aytdi. Bunday mag‘lubiyatlar uning iste'fosini tezlashtirishi mumkin.

Bu o‘yinda muxlislar chempionatimiz tarixida gol urgan yagona shimoliy amerikalik futbolchi Medina Smitning harakatlarini qiziqish bilan kuzatishsa kerak. Chunki nikaragualik bu futbolchi o‘zi qatnashgan barcha o‘yinlarda samarali harakatlari bilan yodda qolmoqda.

OKMK bilan o‘yinla debyut qilgan Smit bitta gol, bitta golli uzatmaga mualliflik qilgandi. «Buxoro» bilan o‘yinda jamoasining yagona golini urdi va «Metallurg» bilan uchrashuvda navoiyliklarning yagona goliga assistentlik qildi.

20 aprel (shanba)
OKMK – BUNYoDKOR
O‘yin vaqti: 20 aprel, 17:15.

Olmaliqda turning eng intrigali o‘yini bo‘lib o‘tadi. Qosimov – Abramov qarama-qarshiligi deb nom bersak bo‘ladigan bu o‘yinda Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK Vadim Abramovning «Bunyodkor»ini qabul qiladi. Oxirgi marta bu jamoalar to‘qnash kelganida Qosimov «Bunyodkor»da edi. Taqdir taqazosi bilan bugun endi Abramov «qaldirg‘ochlar»ni boshqarmoqda. Bugungi «Bunyodkor» tarkibni ko‘plab yetakchilari tark etgan va akademiyasi tarbiyalanuvchilaridan tarkib topgan juda yosh jamoa.

Hali maktab bolalari o‘ynaydigan jamoani Abramov asta-sekin shakllantirmoqda va ular ikkita o‘yinda g‘alaba qozonishga ham ulgurishdi. OKMK esa hozircha turli jamoalardan kelgan futbolchilar jamlanmasidan iborat klub. Qosimov ularni birlashtirishga urinmoqda.

Bugun o‘zbek futbolida eng ko‘p muhokama qilinayotgan futbolchilardan biri Zafar Polvonov ham olmaliqliklar safida. Bir o‘yinda beshta gol urgan Polvonov endilikda terma jamoaga chaqirilish uchun ham asosiy nomzodlardan. Xullas, bu bahsni tomosha qilish uchun intrigalar yetarli.

21 aprel (yakshanba)
«NAVBAHOR» – «SURXON»
O‘yin vaqti: 21 aprel, 17:15
Stadion: Farg‘ona, «Istiqlol» stadioni.

«Surxon»ni endi 15 yildan so‘ng katta futbolga qaytgan Superliga debyutanti deb aytmaymiz, chunki termizliklar allaqachon Superliganing o‘z jamoasiga aylanib bo‘lishdi. «Paxtakor»dan mavsumda birinchi bo‘lib ochko olgan Shavkat Salomov va jamoadoshlari endilikda har qanday jamoani mag‘lub eta olishiga ishonsak bo‘ladi.

Tarkibida juda yaxshi futbolchilarni jamlagan «Surxon» ayniqsa hujumda zo‘r o‘ynamoqda. Sherzod Hakimov, Sherzod Karimov va Shavkat Salomov kabi yigitlar o‘zlari vaziyatni hal qila oladiganlardan.

«Navbahor» o‘tgan turda o‘zi haqidagi barcha taxminlarni yo‘qqa chiqardi. Kanchelskis jamoasini shakllantira olmayapti degan taxminlar shakllanishda boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan «Nasaf» ustida qozonilgan mehmondagi g‘alaba bilan rad etildi. «Surxon»ni jiddiy o‘yin kutmoqda va mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirish oson bo‘lmaydi.

SO‘G‘DIYoNA – MeTALLURG
O‘yin vaqti: 21 aprel, 19:20.
Stadion: Jizzax, «So‘g‘diyona» stadioni.

Turni Jizzaxdagi «So‘g‘diyona» - «Metallurg» o‘yini yakunlab beradi. Bir vaqtlar bu jamoalar ishtirokidagi o‘yinlarda ko‘p gollar urilar va 4:3, 3:2 kabi quvnoq hisoblar qayd etilardi. «Metallurg» hozir ham to‘rttalab gol ura olishini isbotlab bo‘ldi, ammo «So‘g‘diyona» haqida bunday deb bo‘lmaydi.

Sergey Lushchandan ikki mavsumdan buyon ijobiy natija ko‘tib toqati toq bo‘lgan «So‘g‘diyona» murabbiyni iste'foga chiqardi va uning o‘rniga Ulug‘bek Baqoyevni olib keldi. «Buxoro»da o‘zini ko‘rsatgan Baqoyev Jizzaxda ham nimadir qilishi mumkin. Futbolchilik vaqtida hujumchi bo‘lgan Baqoyev hujum qilishni yoqtiradi va jizzaxlik muxlislar bu borada xursand bo‘lishlari mumkin.

«Metallurg» esa hozircha tushunarsiz o‘yin ko‘rsatmoqda. Bir qarasa to‘rttalab gol urayotgan «Metallurg», bir qarasa «Dinamo»ga yutqazmoqda. Balki Server Jeparov to‘liq formaga kirib, o‘ynay boshlasa, bekobodliklarda hammasi iziga tushib ketar.

Ko‘proq yangiliklar: