Maqbullashtirishning «pastdarg‘omcha» usuli yoxud qaror ijrosining noqonuniy yo‘llarini o‘ylab topgan mutasaddilar

Jamiyat 17:40 / 18.04.2019 21907

Respublika qishloq xo‘jaligi sohasida yangi imkoniyatlar eshiklarini ochish maqsadida shu yilning 9 yanvarida Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror asosida mahalliy hokimliklarda tuzilgan komissiyalar xulosalari va ochiq tanlovlar asosida fermer xo‘jaliklari yer maydonlari maqbullashtirildi.

Ammo tan olib aytish kerakki, bu jarayonda ayrim mahalliy hokimlik va fermer xo‘jaliklari rahbarlari o‘rtasida turli tushunmovchilik va nizolar yuzaga kelayotganligi ham bor gap. Yer maydoni boshqa fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan fermerlar asosan komissiya xulosalari va tanlov noxolis o‘tkazilganligi, shaffoflik ta'minlanmaganligi, tanish-bilishchilik va nohaqliklardan shikoyat qilishdi.

Kun.uz tahririyatiga ham shu mazmundagi ko‘plab murojaatlar keldi. Shunday murojaatlarning navbatdagisi Samarqand viloyati, Past Darg‘om tumanidan tahririyatga yo‘llangan.

Tumandagi «Kamolot nurlar paxtasi», «Mingtut dalasi» va «Aziz Dilshod meva dalasi» fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan kelgan mazkur murojaatda mahalliy hokimlik mutasaddilari tomonidan o‘zlariga nisbatan nohaqliklar qilinganligi iddao qilingan.

Ushbu murojaatlarni o‘rganish maqsadida Past Darg‘om tumanida bo‘lib, fermerlar bilan suhbatlashdik.

«Men 2016 yil «Kamolot nurlari paxtasi» fermer xo‘jaligini tashkil qilganman. Har yili paxta, g‘alla, pilla davlat rejalarini oshig‘i bilan bajarganmiz. Maqbullashtirish jarayonida yerimiz boshqa fermer xo‘jaligiga berildi. Nohaqlik qilindi. Qizig‘i, bu haqdagi tuman hokimi qarorida «ixtiyoriy voz kechib», «arizalariga asosan», deb ko‘rsatilgan. Lekin biz yerni topshirish uchun hech qanday ariza yozmaganmiz», – deydi «Kamolot nurlari paxtasi» fermer xo‘jaligi rahbari Berdiqul Qarshiyev.

Tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev imzolagan qaror bilan tanishdik. 2019 yil 23 yanvarda qabul qilingan 229-Q-sonli qarorda haqiqatan ham bir nechta fermer xo‘jaliklari qatori «Kamolot nurlari paxtasi» fermer xo‘jaligi yer maydoni ham «yer maydonidan ixtiyoriy voz kechganligi», «o‘z arizalariga asosan» birlashtirilganligi ko‘rsatilgan.

Navbatdagi murojaatchi «Mingtut dalasi» fermer xo‘jaligi rahbari Baxtiyor Boliyev e'tirozlarini tingladik. Ma'lum bo‘lishicha, uning fermer xo‘jaligi yer maydoni tuman hokimining 269-Q-sonli qaroriga asosan «Eldor-K» fermer xo‘jaligiga birlashtirilgan. Bu qarorda ham «yer maydonidan ixtiyoriy voz kechganligi», «o‘z arizalariga asosan» birlashtirilganligi ko‘rsatilgan. Fermer esa buni rad etmoqda.

Qolaversa, «Mingtut dalasi» fermer xo‘jaligi va tuman hokimligi o‘rtasida 2018 yil 16 aprelda tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish haqida tuman hokimligi Past Darg‘om tuman iqtisodiy sudiga da'vo arizasi kiritgan.

Mazkur ish tuman iqtisodiy sudi tomonidan 2019 yil 24 yanvarda ko‘rib chiqilgan va tuman hokimligi da'vo arizasi rad etilgan. «Mingtut dalasi» fermer xo‘jaligi yer maydonini boshqa fermer xo‘jaligiga qo‘shib berish haqidagi tuman hokimi qarori 2019 yil 23 yanvarda qabul qilingan.

Tumandagi «Aziz Dilshod meva dalasi» fermer xo‘jaligi rahbari Zokir Jumanazarov ham biz bilan suhbatda fermer xo‘jaligi asossiz ravishda boshqa fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilganligini bildirdi.

«Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Husan Bo‘riyev menga dalada ishlarni davom ettiraverishim kerakligini aytgandi. Shuning uchun fermer xo‘jaligimiz yer maydonida barcha agrotexnik ishlarni bajardik, ekinga tayyorladik. Buning uchun 30 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. Katta mablag‘ sarflab, shuncha ishni bajarganimizdan keyin yerni bizdan tortib olishdi. Qanday mezonlarga asoslanganini bizga tushuntirigani ham yo‘q. Ariza ham bermaganmiz, ixtiyoriy voz kechmaganmiz ham. Nohaqlik qilishdi», — deydi Zokir Jumanazarov.

Ushbu holatlar va fermerlarning e'tirozlari yuzasidan Past Darg‘om tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Husan Bo‘riyev bilan uchrashdik va mazkur qarorlar nima asosda qabul qilinganligi, fermerlar arizasi bor-yo‘qligi haqida so‘radik.

«Ariza bor-yo‘qligini aniq aytolmayman. Qarorlar qanday asoslarga ko‘ra qabul qilinganligi haqida tegishli mutasaddilar sizga bir kun vaqt ichida yozma ma'lumot beradi. Fermerlar norozi bo‘layotgan bo‘lsa, tegishli tartibda sudga berishlari mumkin», – deydi H.Bo‘riyev.

Suhbatimizda ishtirok etgan tuman hokimi yordamchisi ham bu holatlar yuzasidan yozma ma'lumot va tegishli hujjatlar bir kun ichida bizga taqdim etilishini bildirib, shikoyat qilgan fermer xo‘jaliklari nomlarini yozib oldi.

Ammo arizalar nusxasi ham, yozma ma'lumot ham oradan to‘rt kun o‘tganda ham bizga taqdim etilmadi. Mutasaddilar bilan telefon orqali bog‘lanishga urinishimiz esa zoye ketdi.

Qishloq xo‘jaligi sohada islohotlar o‘tkazilayotganligi, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ijrosini ta'minlash zarurligini to‘g‘ri tushunamiz. Ammo qaror ijrosini ta'minlash qonuniy tartibda, shaffof va xolis bo‘lishi zarur. Nohaqlik va noqonuniylikka yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

Agar Past Darg‘om tumani hokimligi mutasaddilari, jumladan, tuman hokimi chindan ham fermerlardan yerni qaytarish to‘g‘risida rozilik arizasini yozdirmasdan ulardan «tortib» olgan bo‘lsa, uning qarorlariga nisbatan tegishli idoralar belgilangan tartibda chora ko‘rishlari lozim.

Yerlar esa ishlayman, degan fermerlarga qaytarilishi shart. Chunki ular qator yillardan beri o‘zlariga biriktirilgan yer maydonlarida mehnat qilib kelishmoqda. Ayni holatda ularning keyin nima ish bilan band bo‘lishi esa tumanga yangi tayinlangan mutasaddilarni mutlaqo qiziqtirmayapti.

Bugungi kunda tuman aholisi uchun darvoza-yu eshiklarni yopib olgan Past Darg‘om tuman hokimligi mutasaddilari afsuski, fermerlar e'tirozlari yuzasidan aniq ma'lumotlar taqdim etolmadi.

Kun.uz yuqoridagi holatlar yuzasidan tuman hokimligi mutasaddilarining izohini kutib qoladi va bu mavzuga hali yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: