Indoneziyaning 7 ming turistik kompaniyasini birlashtiruvchi assotsiatsiyasi O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi

O‘zbekiston 18:28 / 18.04.2019 4942

Bugun Jakarta shahrida «ASITA» Indoneziya turistika agentliklari assotsiatsiyasining yillik majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatdagi 34 provinsiya turistik kompaniyalari, aviakompaniyalar va mehmonxona biznesi vakillari ishtirok etdi.

Mazkur tadbir doirasida O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi tashabbusi bilan O‘zbekiston turistik salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus sessiya o‘tkazildi. Unda milliy turistik mahsulotlar, «Umra+» dasturi uchun turlar, Samarqand, Buxoro, Xivadagi islom ziyoratgohlari hamda O‘zbekistondagi ziyorat, ekologik, gastronomik va boshqa turizm yo‘nalishlari taqdimoti o‘tkazildi.

«O‘zbekiston Indoneziya turistik bozorida ulkan salohiyatga ega. Indoneziyada Imom al-Buxoriy, Bahouddin Naqshbandiy, Imom at-Termiziy va O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan boshqa buyuk olimlarga ehtirom bilan munosabatda bo‘lishadi. Assotsiatsiyasmiz a'zolari O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirishmoqda va bu yilning o‘zida 10 mingdan ortiq turistni O‘zbekistonga jo‘natishni rejalashtirishgan», dedi «ASITA» prezidenti Nunung Rusmiati. 

Bugungi kunda Indoneziya aholisi 266 mln nafar kishidan oshadi, aholining 90%ini musulmonlar tashkil etadi. Har yili xorijga sayohat qiladigan indoneziyalik turistlar soni 7 mlndan oshadi.

Avvalroq «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK 1 maydan Jakartaga parvozlarni boshlayotgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: