Alan Dunkan: “Biznes yo‘nalishida olib borilayotgan hamkorligimiz yetarli darajada emas”

O‘zbekiston 02:08 / 18.04.2019 6438

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining matbuot xizmati Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Alan Dunkan bilan intervyu uyushtirdi. Mazkur intervyu prezident matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari orqali e'lonqilindi.

— Mister Dunkan, O‘zbekistonga xush kelibsiz. 2016 yilda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti sifatida o‘z faoliyatini boshlaganda, siz ilk xorijiy mehmon sifatida yurtimizga tashrif buyurib, davlatimiz rahbari bilan uchrashgan edingiz. Bunday uchrashuvlar o‘tgan yili Londonda, bugun esa yana Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Bugungi suhbat chog‘ida asosan qaysi masalalarga e'tibor qaratildi?

— Bir narsani aytib o‘tishim kerak, men O‘zbekistonni haqiqatdan ham qo‘llab-quvvatlaydigan xorij davlat vakiliman, bu o‘lkaga mehrim, hurmatim baland. Shuning uchun janob prezident yurt rahbari sifatida faoliyatini boshlaganidan keyin ushbu zaminga tez-tez kelmoqdaman. O‘ylashimcha, biz tarixning juda ham esda qolarli davrlarida yashayapmiz. Bu jarayonda O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan yanada liberallashayotganini ko‘rishimiz mumkin. Prezident shiddat bilan yangidan-yangi islohotlarni amalga oshiryapti. Ushbu jihatlar mamlakatingizni tadbirkorlik bilan shug‘ullanish va turizm uchun juda qulay va jozibali o‘lkaga aylantirmoqda. Men bularni mamlakat mavqeyini mustahkamlashning o‘ziga xos usuli, deb bilaman.

Yoki qushni mamlakatlar bilan do‘stlik va qo‘shnichilik aloqalarining yangi pog‘onaga ko‘tarilganini olaylik. Xullas, qaysi sohaga nazar tashlamang — faqat yaxshi yangiliklarga ko‘zingiz tushadi.

Shulardan kelib chiqqan holda, biz hozir janob prezident bilan ikki tomonlama amaliy hamkorlikniyanada mustahkamlash, Britaniyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini, ilg‘or tajriba va texnologiyalarini jalb qilgan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishning dolzarb masalalarini muhokama qildik. Qolaversa, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, jumladan, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yuzasidan ham fikr almashdik.

— Ayni paytda mamlakatlarimiz ishbilarmonlari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugun O‘zbekistonda britaniyalik investorlar sarmoyasi ishtirokida to‘rt yuzdan ziyod korxona faoliyat yurityapti. O‘zbekiston bozorining qaysi jihatlari Buyuk Britaniya investorlarini o‘ziga jalb qilmoqda? Britaniyalik sarmoyadorlarni O‘zbekistonda istiqbolda hamkorlik uchun qaysi yo‘nalishlar ko‘proq qiziqtirmoqda?

— Ochig‘ini aytsam, ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasida biznes yo‘nalishida olib borilayotgan hamkorlikni yetarli darajada deb aytmagan bo‘lardim. To‘g‘ri, hamkorlik davomida o‘sish bor. Ammo bundan ham yuqori natijalarga erishish mumkin.

Shu o‘rinda bu boradagi natijalarga diqqatingizni qaratmoqchiman. O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi tovar ayriboshlash aylanmasi 2016 yilda 151,3 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich o‘tgan 2018 yilda 235,8 million dollarga yetganligini ko‘rishimiz mumkin. Qayd etganimdek, raqamlarda ko‘rsatkichlar oshayapti. Lekin biz yanada katta marralar va ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritish imkoniyatiga egamiz. Bundan albatta foydalanishimiz kerak.

Suhbatimiz davomida ta'kidlaganingizdek, O‘zbekistonda Britaniya investorlari ishtirokidagi 400 dan ziyod korxona faoliyat yurityapti. Mamlakatimizning 62 kompaniyasi vakolatxonalari O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan. 60 dan ziyod Britaniya kompaniyalari bilan kelganimiz yaxshi boshlanish, lekin yanada yirikroq hajmga ega bo‘lgan biznes aloqalarni yo‘lga qo‘yishimiz kerak.

Masalan, hozirda yiliga 200-220 million funt-sterling qiymatidagi tovar aylanmasi amalga oshirilayotgan bo‘lsa, biz buni yanada oshirishimiz kerak.

Istagimiz — O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida yanada ko‘proq tadbirkorlik va biznes aloqalarini joriy etish. Bu — konchilik, ya'ni neft-gaz sohasida bo‘ladimi, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligimi yoki axborot texnologiyalari, xullas, hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan sohalarning salmog‘i katta.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z faoliyati davomida tashqi siyosatda ham tub islohotlarni amalga oshirdi. Mana shu o‘zgarishlar O‘zbekiston uchun qay darajada muhim, deb o‘ylaysiz?

— O‘zbekiston jahon hamjamiyati orasida borgan sari obro‘y-e'tibor qozonib borayotgan mamlakat. Mening fikrimcha, mintaqaviy barqarorlikni yaratish va ta'minlash juda ham muhim. Qachonlardir qo‘shni mamlakatlar bilan ba'zi masalalarda kelishmovchiliklar kelib chiqqan bo‘lsa, bugungi kunda mamlakatingizda bunday illatga aslo o‘rin yo‘q. Bu juda yaxshi barqarorlik degani.

O‘ylashimcha, o‘lkadagi ichki islohotlar xorijiy investorlarni jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Agar odamlar xorijiy mamlakatda tadbirkorlikni ko‘zlab, tavakkal bilan qaysidir ishga pul tikmoqchi bo‘lsa bu o‘lkada qonunlar qay darajada ishlaydi, ular o‘z faoliyatini bemalol amalga oshira oladimi, jarayonda ularga hech narsa to‘sqinlik qilmaydimi, soliq shartlari qanday bo‘ladi, bularni bilish kerak. Shunday ekan, islohotlar juda muhim hisoblanadi. O‘zbekiston bu jihatlarga alohida e'tibor qaratayotgani quvonarli hol.

— O‘zbekistonga tashriflaringiz davomida mamlakatimiz xotirangizda qanday yorqin voqealar bilan muhrlanib qolmoqda?

— Birinchi marta kelganimda Samarqand shahriga borgan edim. U menda juda katta taassurot qoldirgan. Endi Buxoro shahriga bormoqchiman. Shuningdek, mamlakatingizni yaxshiroq o‘rganish uchun oddiy sayyoh sifatida O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishni xohlayman.

Yurtingizda turizm sohasi jadal rivojlanyapti. Buni men Buyuk Britaniya telekanallarida ko‘rsatilayotgan videomateriallar orqali yaxshi bilaman. Chunki hozirgi paytda bizning telekanallarda O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan dasturlar juda ko‘p namoyish etilyapti. O‘ylashimcha bu aholini mamlakatingizga sayyoh kelishiga undovchi yaxshi vosita. Qolaversa, xalqaro hamjamiyat oldida yurtingiz mavqeyi yanada oshib, mustahkamlanishiga ham xizmat qiladi.

Yana bir narsani aytib o‘tishim kerak: menga milliy taomlaringizdan bo‘lgan osh yoqadi.

Ko‘proq yangiliklar: