YHXBB: Bodi-kameralar belgilangan muddatda viloyatlarda ham ishga tushiriladi

O‘zbekiston 16:27 / 17.04.2019 14587

Bugun, 17 aprel kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston respublika Ichki ishlar vazirligi, IIV YHXBB matbuot xizmati vakillari ishtirokida yo‘l harakati qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi 292-son qaroriga ko‘ra yo‘l harakati qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tushuntirish berildi.

Eng ko‘p savol, kutilganidek, barcha avtomototransport vositalarining kunning yorug‘ qismida ham yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib yurishi va bu talabning bizning iqlimga qay darajada mos kelishi bo‘yicha bo‘ldi.

Anjumanni boshqargan IIV matbuot-xizmati rahbari, general-mayor Qutbiddin Burxonov bu savolga quyidagicha javob berdi:

– Hozirda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy avtomobillar iqlimga moslashgan, issiq kunlarda ham chiroq yoqish xavf tug‘dirmaydi. O‘zimizda ishlab chiqarilayotgan yangi modellarda avtomobil o‘t oldirilishi bilan kichik chiroqlar yonadi. Eski avtomobillarda bu jihat hisobga olinmagani, texnika xavfsizligiga rioya qilinmagani uchun ba'zan ko‘ngilsiz hodisalar yuz bergani qayd qilingan. Ammo bu talab dunyoning ko‘plab davlatlarida qo‘llaniladi va bu borada jahon tajribasini o‘rganganmiz – aynan kunning yorug‘ qismida ham kichik chiroqlarni yoqib yurish YTH holatlarini 15 foizgacha kamaytirishi isbotlangan.

Kun.uz muxbirining “Bodi-kameralar poytaxtda sinov tariqasida ishga tushirilishi e'lon qilindi, bu vositalar qancha vaqt ichida butun respublika bo‘yicha ishlay boshlaydi?” degan savoliga Ichki ishlar vazirligi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov shunday javob berdi:

– Hozir tender asosida xarid qilish bo‘yicha ishlar yakunlanmoqda, sinov tariqasida ishlatib ham ko‘rdik. 2019 yilning 1 iyulidan boshlab haydovchilarga bodi-kameralari bo‘lmagan YHXX xodimiga hujjatlarni taqdim etmaslik huquqi berilgan. Demak belgilangan muddat ichida tizimni bu vositalar bilan ta'minlashimiz shart. 

Ko‘proq yangiliklar: