Toshkentdagi qurilish mollari bozorlarida yalpi pasportlashtirish tadbirlari o‘tkazilmoqda

Jamiyat 19:14 / 17.04.2019 4764

Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini profilaktika qilish maqsadida Toshkent shahridagi qurilish mollari savdosiga ixtisoslashgan bozorlarda yalpi pasportlashtirish tadbirlari o‘tkazilmoqda.

“Jomiy” qurilish mollari bozoridan boshlangan ushbu tadbirlar xo‘jalik sub'yektlarini tekshirish bilan umuman bog‘liq bo‘lmay, asosiy maqsad tadbirkorlarga soliq qonunchiligiga rioya etishlari uchun amaliy yordam va maslahat berish, tadbirkorlar muammolari va takliflarini o‘rganishdan iborat, deb yozadi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, pasportlashtirish tadbiri davomida tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan hech qanday ma'muriy va moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi hamda mavjud tushunmovchiliklar va kamchiliklar hamkorlikda bartaraf etiladi.

– “Jomiy” bozorida kafel va keramika mahsulotlari savdosiga ixtisoslashgan 2 ta do‘konimiz bor, – deydi “Summit Ceramics” MChJ direktori Mirsaid G‘oyibov. – Soliq xizmati xodimlari do‘konimizga tashrif buyurib, pasportlashtirish tadbiri o‘tkazilayotganini va bu faoliyatimizni qonuniy asosda yuritish uchun ko‘maklashishga qaratilgan tadbir ekanligini tushuntirishdi. Ishchi-xodimlarning mehnat shartnomalarini, faoliyatimga doir hujjatlarni, kassa va terminal apparatlarining sozligini ko‘zdan kechirishdi. Hammasi joyida ekanligini ko‘rib, faqat terminal va kassa apparatlarini doimiy ravishda ishlashini ta'minlash, xaridorlar istalgan vaqtda naqd va naqdsiz ko‘rinishda savdo qilishlariga sharoit yaratilishi lozimligini uqtirishdi.

Soliq xizmati xodimlari nafaqat muammolarimizni bartaraf etish, balki takliflarimizni ham bildirishimizni so‘rashdi. Biz savdo aylanmamiz 3 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgani uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi hisoblanamiz. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha “zanjir” to‘liq ishlashini ta'minlash, savdo hamkorlarimiz bilan ushbu mexanizm asosida bemalol savdo-sotiq qilish uchun sharoit yaratishlarini so‘radim.  

Xabarda aytilishicha, “Jomiy” bozoridagi tadbirning birinchi kuni davomida 73 ta obektda pasportlashtirish o‘tkazildi. Natijada 45 nafar jismoniy shaxs mehnat shartnomasi tuzmasdan ishlayotganligi, 3 nafar jismoniy shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganligi va 21 ta obektda ijara shartnomalari kam summada rasmiylashtirilganligi aniqlandi va profilaktik tadbirlar davomida bu holatlar bartaraf etildi.

Shu bilan birga, barcha sub'yektlar tomonidan kunlik naqd pul tushumlari yashirilayotganligi ma'lum bo‘lib, bu borada tushuntirishlar olib borildi.

“Davlat soliq qo‘mitasi barcha tadbirkorlik sub'yektlaridan amalga oshirilayotgan pasportlashtirish chora-tadbirlarini tadbirkorlik sub'yektlarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar hisobini aniq yuritish va hujjatlar qonun doirasida rasmiylashtirilishiga qaratilgan sa'y-harakatlar sifatida qabul qilinishini so‘raydi”, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: