«Tergov tomonidan shaxsning ahvolini og‘irlashtiradigan ayblovlar qo‘shish hanuz uchramoqda». Toshkent shahar sud raislari brifing o‘tkazdi

O‘zbekiston 15:22 / 17.04.2019 7905

Bugun, 17 aprel kuni, Toshkent shahar sudlari raislarining 2019 yilning 1-choragida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati yakunlari yuzasidan brifingi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat tashkilotlari, jamoatchilik faollari, fuqarolar va ommaviy axborot vakillari qatnashdi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Brifingda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining raisi Baxtiyor Islomov, Toshkent shahar ma'muriy sudining raisi Ne'matjon Akbarov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining raisi O‘tkir Xolov va Toshkent shahar iqtisodiy sudining raisi Lutfulla Abdullayev qatnashdi. Navbati bilan tegishli sudlarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi axborotlari tinglandi.

Baxtiyor Islomovga ko‘ra, 2019 yilning birinchi choragida 1693 nafar shaxsga nisbatan 1327 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. O‘tgan yilning shu vaqtiga nisbatan deyarli 30%ga kamaygan. Jumladan, 38 nafar shaxs oqlangan va reabilitatsiya qilingan. Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 248 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Shuningdek, 324 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.

«Misol tariqasida tushuntiraman. Shaxsga nisbatan jinoyat kodeksining bir moddasi doirasida ish ko‘rilishi lozim bo‘lsa, ba'zi tergov organlari tomonidan ayblanuvchining ahvolini og‘irlashtiradigan boshqa moddalar qo‘shilishi yoki aynan shu moddaning og‘irlashtiruvchi qismlari qo‘yib yuborilishi amaliyotda hali ham uchrab turibdi. Sudlar tomonidan sodir etilgan jinoyat albatta atroflicha o‘rganib chiqilmoqda, ortiqcha ayblovlar olib tashlanib, so‘ng tegishli jazo belgilanmoqda», - dedi jinoyat ishlari bo‘yicha sud raisi.

Ko‘proq yangiliklar: