Soliq akademiyasi harbiy tayyorgarlik kafedrasi faoliyati tugatildi

Jamiyat 23:26 / 17.04.2019 3754

2018/19 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalari talabalarini harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalarida o‘qitish uchun saralash tanlovini o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Soliq akademiyasi harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmasiga rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash dasturlari bo‘yicha o‘qitish uchun talabalarni saralash tanlovi natijalari o‘tkazilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 iyundagi «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi PQ-3802-son qarorining 13-bandiga asosan Soliq akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi etib qayta tashkil qilingan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Temur Narziyevning Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, qayta tashkil etilgan Soliq akademiyasining bakalavriat va magistratura talabalarining o‘qishini tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutiga ko‘chirilgan. Mazkur qaror bilan oldingi Soliq akademiyasi harbiy kafedrasi faoliyati ham tugatildi.

«Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutida harbiy kafedra mavjud bo‘lmagani bois, mazkur yo‘nalish bo‘yicha harbiy ta'lim tashkil etilmadi» , — deydi Narziyev.

O‘tgan yili avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida harbiy kafedra tashkil etish to‘g‘risida» gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingandi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, Mudofaa vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga Soliq akademiyasining harbiy kafedrasini kafedraga tegishli mol-mulk bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti balansiga belgilangan tartibda topshirish vazifasi yuklatilgandi. 

Hukumatning ushbu hujjat loyihasi nega amalga oshirilmagani rasman izohlanmagan.

Ko‘proq yangiliklar: