Shimoliy Koreyadagi qorong‘ulik, 2 ming dollarlik intervyu va «London ostonasidagi jang» haqida Vadim Abramov bilan suhbat

Sport 19:40 / 17.04.2019 20319

«Bunyodkor» yangi bosh murabbiy Vadim Abramov bilan mavsumni yomon boshlagandi, lekin keyinchalik ketma-ket ikkita g‘alaba qozongan jamoa turnir jadvalida ham o‘zini yaxshi his qila boshladi. Tribuna.uz o‘zbekistondagi mashhur futbol insonlaridan biri, rasman o‘zbek futboli tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiyi Vadim Abramov bilan suhbat uyushtirdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Eron bilan o‘yinni uyalmay eslayman, biz hakamning xatosi sabab yengilganmiz»

O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida bir marta Yaponiyani mag‘lub etgan. Mehmonda, asosiy tarkib futbolchilarining ko‘pchiligisiz va JCh saralashidagi guruhdagi yetakchilik uchun o‘tgan bahsda vakillarimiz Aleksandr Shadrinning yagona goli evaziga zafar quchishgandi. Murabbiy o‘sha g‘alabadan unchalik ajablanmaslik kerak ekanini, u vaqtda jamoa juda yaxshi holatda bo‘lganini aytdi:

«O‘sha vaqtda biz yaxshi holatda edik va g‘alabamiz unchalik ajablanarli bo‘lmagan. Men bir vaqtning o‘zida olimpiya terma jamoasida ham murabbiy edim va tarkibni yangilash muammo bo‘lmagan. Milliy jamoa bir tarkib bilan o‘ynayverishi ham aslida yaxshi emas, chunki doim yangilanish bo‘lib turishi kerak, shunda raqobat bo‘ladi.

Shu sabab Yaponiyaga qarshi ko‘plab yetakchilarimiz bo‘lishmasa ham, g‘alaba qozonganmiz. Aytgancha, Eronga qarshi keyingi o‘yinda biz 9 futbolchining xizmatidan foydalana olmaganmiz. Shunday bo‘lsa ham, Eron bilan o‘yinni boshimni ko‘targan holda eslay olaman. Bemalol aytishim mumkinki, o‘shanda biz hakamning xatosi evaziga mag‘lub bo‘lganmiz.

Odil Ahmedovning zarbasidan so‘ng to‘p deyarli bir metr darvoza ichkarisiga kirib borgandi. Lekin hakam golni inobatga olmagan. Mayli to‘p ichkariga kirganini ko‘rmadi ham deylik, ammo futbolchi to‘pni qo‘li bilan darvozadan olib chiqqanini qanday payqamaslik mumkin? Uzr, lekin hakam yaponiyalik bo‘lsa ham bu vaziyatni ko‘rishi kerak edi.

Taqdirning hazilini qarangki, o‘sha o‘yindan so‘ng meni iste'foga chiqarishdi. Ko‘p o‘tmay Olimpiada boshlandi va ochilish o‘yinida o‘sha hakam 4-hakam bo‘lib ishladi. Seni g‘alabadan mahrum qilgan inson Olimpiadada yuribdi, sen esa ishsizsan. Hayot shunaqa, nima ham derdik».

«Nega iste'foga chiqarilganimni tushunmaganman»

O‘zbekiston milliy jamoasi JCh saralashining uchinchi bosqichini oxirgi JCh ishtirokchilari Shimoliy Koreya va Yaponiya bilan bir guruhda bo‘lishlariga qaramay, birinchi o‘rin bilan yakunlagandi. Biroq hal qiluvchi saralash bosqichining ilk o‘yinidan keyinoq Abramov iste'foga chiqarilgandi. Murabbiyi Eron bilan o‘yindan so‘ng nega chetlatilganini tushunmaganini aytdi:

«Biz o‘shanda futbolchilar bilan kerakli bosqichni bosib o‘tgandik deb o‘ylayman, shu sabab nega ketkazilganimni tushunmaganman. Biz butun saralash siklida bittagina mag‘lubiyatga uragandik. Oldingi saralashda Yaponiya, Shimoliy Koreyani ortda qoldirib guruhda g‘olib bo‘lgandik.

Esimda, Blatter O‘zbekistonga kelganida Mirabror Zufarovichga «Tabriklayman, nihoyat JChga chiqasizlar», degandi. Vaholanki, o‘shanda hali butun boshli saralash bosqichi oldinda edi. Futbol ichidagi insonlar bizning o‘yinimiz o‘sganini ko‘rib turishgandi».

2 ming dollarlik intervyu haqida

O‘zbekiston milliy jamoasi Yaponiyani Tokioda mag‘lub etib qaytgach, yaponiyalik jurnalistlar Abramovdan intervyu olish uchun Toshkentga kelishadi. O‘sha intervyu tekinga bo‘lmagan va yaponlar murabbiyga 2 ming dollar gonorar berishgan. Abramov o‘sha quvnoq voqeani esladi:

«Chindan ham shunaqa bo‘lgandi. Yaponiya bilan o‘yindan qaytganimizdan so‘ng federatsiyadan menga yaponlar intervyu olmoqchi ekanini aytishdi. Men marhamat, faqat tekinga emas dedim. Ular qancha deb so‘rashdi, men xohlaganlaricha berishsin dedim. Ular kelishdi va 2 ming dollar berib televideniye uchun intervyu olib ketishdi. «Paxtakor» stadionida intervyu bermaganman. Ular TVda intervyuni ko‘rsatib, pul ishlashgan-ku, to‘g‘rimi? Pul evaziga intervyu bergan kam sonli murabbiylardan biri bo‘lganimdan xursandman. Ko‘rdingizmi, men sizga bepul intervyu beryapman (kuladi)».

«London ostonasidagi jang haqida»

Abramov boshchiligidagi olimpiya jamoasi London Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga bir bahya qolgandi. Toshkentda o‘tgan BAAga qarshi hal qiluvchi o‘yinda 2:0 hisobida oldinda borayotgan jamoamiz uchta gol o‘tkazib yuborib, yo‘llanmani arablarga topshirgandi. Abramov o‘sha dahshatli o‘yinni esladi:

«Birinchidan o‘sha o‘yinda bizni faqat g‘alaba qoniqtirar edi, durang emas. Ikkinchidan Osiyodagi saralash to‘g‘ri o‘tadi deb ayta olmayman. Hammasi BAA guruhdan chiqishi uchun tuzilgandi. Bizning guruhda Iroq BAAni 1:0 hisobida yenggandi. Keyin iroqliklar BAA safida 1985 yil tug‘ilgan futbolchi o‘ynaganini isbotlab, OFKga xat yozdi. OFK nima qildi? Iroq safida qandaydir saralash o‘yinida ikkita sariq kartochka olgan futbolchi o‘ynagan deb Iroqni g‘alabadan mosuvo qilishdi va BAAga yo‘q joydan 3 ochko qo‘shib qo‘yishdi.

Yetmaganiga BAAga to‘plar nisbatiga ham uchta to‘p qo‘shib qo‘yishdi va Iroq ustidan rasman 3:0 hisobida g‘alaba yozishdi. Biz o‘lib-tirilib o‘ynab 3 ta gol urarkanmizda BAAga yo‘q joydan uchta gol qo‘shilib qolarkan. Qani mantiq? Kim o‘sha 3 ta golning muallifi?

BAAga qarshi o‘yin faoliyatimdagi eng yomon mag‘lubiyat bo‘lgan. Ikki daqiqada ikkita gol o‘tkazib yuborgach, men ham shokka tushib qolganman. Biz Londondan bir qadam uzoqda turgandik, lekin birgina mag‘lubiyat bilan hammasi o‘zgarib ketdi».

«Keyrushning omadi mening erta ketkazilganim bo‘lgan»

Eron terma jamoasi Karlush Keyrush murabbiyligida yuqori darajaga ko‘tarildi. Toshkentda O‘zbekistonga qarshi o‘yinda ilk katta g‘alabasini qo‘lga kiritgan Keyrush jamoasi keyinchalik qit'aning eng kuchli jamoasiga aylandi. Abramov Eron qanday qilib bunday o‘sishga erishdi degan savolga hazil bilan javob berdi:

«Keyrushning omadi kelib, meni oldinroq chetlashtirishdi, bu uning muvaffaqiyatiga yo‘l ochdi. Agar men ishlab turganimda uni oldinroq chetlashtirgan bo‘lishardi (kuladi). Bor gap shu».

«Faqat bir yerda chiroq yonib turardi...»

Shimoliy Koreya haqida ko‘pchilik yopiq davlat deb gapiradi. Abramov u yerda milliy jamoa bilan bo‘lgan va g‘alaba qozongan. Bu mamlakatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odam sifatida suhbatdoshimizdan Shimoliy Koreya haqida so‘radik:

«O‘sha o‘yindan oldin qiziq voqea sodir bo‘lgan. Biz o‘yinga charter reysda uchmoqchi bo‘ldik va bu borada gaplashish uchun Tyanning (Valeriya Tyan, O‘zbekiston havo yo‘llari sobiq rahbari) oldiga bordim. U esa baribir yutqazasizlar, nima kerak sizlarga charter dedi. Men esa bir shisha konyakdan garov o‘ynadim va biz g‘alaba bilan qaytdik. U mendan hamon bitta konyak qarz (kuladi).

Shimoliy Koreyaga borgandan keyin ko‘rdikki, bu mamlakat biz o‘ylaganchalik emasdi. Zamonaviy, katta binolari ko‘p davlat. Pxenyanni Seul bilan ham solishtirish mumkin. Biroq kechasi samolyotda borganimizda chindan ham qorong‘u edi, qayerga qo‘nayotganimiz bilinmasdi. Aeroportda bizning samolyotdan boshqa samolyot yo‘q edi. Aeroportda faqat bir yerda, davlat rahbari, uning otasi va bobosining portreti turgan yerda chiroq yoniq edi, qolgan yerlar qorong‘u.

Ko‘chalarda bizda sobiq ittifoq vaqtida yuradigan mashinalar yurishardi. Mehmonxona ham eskicha uslubda qurilgan, hamma yeri marmar, katta edi. Mehmonxonaning oshxonasi aylanishi bilan yodda qolgan. Borishimiz bilan kechki ovqat buyurtma qildik. Ovqatlanish shohona bo‘lgan deb ayta olmayman. Tovuq go‘shti, vermishel, pechene shunga o‘xshash narsalar. Chegarachilar telefonlarimizni olib qo‘yishdi, lekin nimagadir aypadlarni olishmadi».

Ko‘proq yangiliklar: