Sayyohlar va tadbirkorlar turizm sohasiga oid noroziligini bildirdi

Jamiyat 00:00 / 17.04.2019 10579

Tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsion muhit yaratish uchun salmoqli ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, o‘z biznes g‘oyasini amalga oshirish uchun qiyinchiliklarga duch kelayotganlar ham uchramoqda. «Jamiyat»  gazetasi turizm sohasidagi muammolar haqida tadbirkorlarning mulohazalarini chop etdi.

Mun Chjye, xitoylik tadbirkor:

─ Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasida savdo aloqalari jadal rivojlanib bormoqda. Shunga qaramay, Xitoyning O‘zbekistondagi konsulligidan viza olish uzoq davom etadi. Ayrim vaqtlarda bir oygacha cho‘zilib ketadi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlarida uzog‘i bir haftada chiqarib berishlariga guvoh bo‘lganman. Tadbirkor bo‘lganim uchun har bir daqiqa men uchun muhim. Bir oyda mavsum o‘tib ketishi yoki biznes reja o‘zgarib ketishi hech gap emas. Turizm sohasi vakillariga bir iltimosim bor: shu muammoni hal qilib berishsa, investorlar va tadbirkorlar uchun maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Mixail Kazakov, tadbirkor:

─ Hamma sayyohlar O‘zbekistonga samolyotda keladi, deb o‘ylaydiganlar adashadi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara hududlarida o‘tish joylari chiqindiga to‘lib ketgan. Shu joylarning obodligiga e'tibor qaratish kerak.

Ellikdan ortiq davlatga kirib-chiqish imkoniga egaman. Investitsiya kiritish uchun bir yilda O‘zbekistonga bir necha marta kelib-ketganim hisobidan pasportim shtampga to‘lib ketgan. Boshqa davlatlarda ro‘yxatga qayd qilish alohida kartochkalar orqali amalga oshiriladi. Mayli, pasportga shtamp bosish o‘ziga xos tartibga ega bo‘lsin, bunga ham rozimiz. Biroq u shtamplardagi yozuvlarni o‘qish muammo. Agarda qaysidir davlatga borganingizda pasportni boshqa tilga tarjima qildirishga to‘g‘ri kelsa, shtamplardagi harflarni o‘qish va tushunish qiyin bo‘ladi.

Azizbek Sultonov, tadbirkor:

─ Xorijdan kelgan mehmonlar mehmonxona yoki ijaraga olingan manzildagi militsiya bo‘limidan borib ro‘yxatga o‘tishi kerak. Bu haqda kichik qog‘oz beriladi. Uni yoningizda olib yurishingiz kerak. Yaqinda kelgan xitoylik sayyohlar bu qog‘ozni yo‘qotib qo‘ysak, jazolanamizmi, uni nima qilish kerak, deb yo‘qotishdan xavotirga tushishdi. Bu jarayon ham turistlarning yurtimizga kelmasligi uchun sabab bo‘lib qolishi mumkin.

Yaqinda o‘tkazilgan Ziyorat turizmi forumiga xorijlik hamkorlarimizni olib bordim. Tabiiyki, ularning hammasi musulmon davlatlaridan kelgan, namoz o‘qiydi. Tashkilotchilar kelgan mehmonlarga joynamoz yetkazib bera olishmaganiga guvoh bo‘ldim.

Olimjon Sharipov, tadbirkor:

─ Turizm bo‘yicha eng katta masala bojxona xodimlarining chet elliklarni ba'zi qonun-qoidalarni buzganida ogohlantirishsiz jazolashi. Yaqinda O‘zbekistonga investitsiya kiritish uchun kelgan chet ellik ishbilarmon Xitoyga jo‘nab ketishiga to‘g‘ri keldi. Yonida 8600 dollar bo‘lgan ekan. Bu yerga birinchi marta kelgani bois deklaratsiya to‘ldirishni ham, cheklov borligini ham bilmagan. Bojxona xodimlari uni ushlab, reysdan qoldirib, bir xonaga kiritib qo‘ygan. Men borib, agar yonida ko‘p pul bo‘lsa, bir qismini olib qolishim mumkinligini tushuntirishimga qaramay, 5 ming dollarni musodara qilishdi. Xullas, investor va turist sifatida O‘zbekistonga birinchi marta kelgan filippinlik ayol yaxshi taassurot bilan chiqib ketdi, deya aytolmayman. Yevropa davlatlari va Amerikada hech qanday cheklov yo‘q. Osiyo mamlakatlari Xitoy, Koreyadagi ba'zi sayyohlar bilmasdan qoidalarni buzsa, bag‘rikenglik tamoyillari asosida bir martaga kechiriladi.

Gursel Turkuran, tadbirkor:

─ Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilish uchun kelgan edik. Iqlimi issiq bo‘lgani uchun Termizni borib ko‘rmoqchi bo‘ldik. Ertapishar ekinlarning urug‘larini yetkazib berish bilan birga issiqxonalar qurmoqchimiz. Vaqtni tejash uchun yengil avtomobilda yo‘lga chiqdik. Ochig‘i, juda qiynaldik, yo‘lda yurish azob, hojatxonalarning yo‘qligi yoki borlari ham ko‘ngilni xira qiladi.

Abdurasul Qodirov, tadbirkor:

─ Turizm infratuzilmasi bilan shug‘ullanish istagidagi ishbilarmonlarga imtiyozli kreditlar berish yo‘lga qo‘yilmagan. Mehmonxona qursangizgina bunday imkoniyatga ega bo‘lasiz. Sayyohlarga xizmat ko‘rsatishning boshqa obektlarini ishlatmoqchi bo‘lganlarga ham bu borada yengillik berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. To‘g‘ri, hojatxona qurish yoki tekin wi-fi o‘rnatishdagi imtiyozlar bundan mustasno.

Ko‘proq yangiliklar: