«Saylov avvalgiday bo‘lmaydi». Mahalla raislari endi qanday saylanadi? 

Jamiyat 16:02 / 17.04.2019 27713

Joriy yilning may oyida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi saylov avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi?

Yangi tahrirda qabul qilingan «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) ikki yarim emas, uch yilga saylanishi belgilandi, shuningdek:

rais yashirin ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi;

yashaydigan hududda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning kamida 12 foizi ishtirok etishi shart.

Avvallari, mahalla faollari, ko‘chaboshilarining kengashi bo‘lib, unda ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylov bo‘lib o‘tardi. Aslida, xohishi yo‘q, boshqa nomzodni munosib ko‘rgan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘p ovoz to‘plagan shaxsni qo‘llab quvvatlash kabilar barham topishi belgilandi. Hamma o‘z huquqidan foydalanib, ovoz beradi va bu shaffoflikni ta'minlashi zarur.

Mahalla raisi endi qancha oylik oladi?

— Joriy yilning 2 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev qabul qilgan «Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risi»gi farmonga binoan endi mahalla raislarining oylik maoshi ikki baravar oshdi. Shuningdek, ularga yuklatilgan 154ta vazifa qaytadan ko‘rib chiqilib, tuzatish va qisqartirish kiritilishi aytildi. Hozirda ishchi guruh loyiha yuzasidan ish olib bormoqda, — deydi Respublika Mahallalar kengashi bo‘lim boshlig‘i Saodat Boymirzayeva.

Respublika Mahallalar kengashi bo‘lim boshlig‘ining aytishicha, qoidaga ko‘ra, oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar nomzodi mahalla raisligiga ko‘rsatilishi kerak. Lekin ko‘p hollarda o‘rta ma'lumotga ega nomzodlar ham taqdim etilgan. Rais etib tayinlangach, deputat, oliy organ xodimlari bilan bevosita aloqada bo‘lish talab etiladi. Oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan inson bunday vaziyatlarda yechim topishda qiynalib qolishi mumkin.

Ma'lum qilinishicha, saylovni o‘rnatilgan tartibda o‘tkazish uchun 9 nafar ishchi guruh tayyorlanadi. Hamma o‘zi uchun ajratib berilgan ko‘chalarda targ‘ibot, tanishtirish ishlarini olib boradi. 

«Shofayzbog‘» mahallasi ishchi guruhi a'zosi Rahmatilla Saidxo‘jayevning ta'kidlashicha, mahallada navbat bilan navbatchilik joriy etilgan. Ishchi guruh mahallaning fidoyi va faol a'zolaridan tarkib topgan. Ularga hech qanday oylik, rag‘batlantirish puli berilmaydi.

Ma'lumot uchun, respublikada 9019ta fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, dastlab 2929 nafar shaxsdan 2424 nafar nomzod tanlab olindi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, nomzodlar soni 1283 nafarga qisqargan. Shundan 270 nafari ayol, erkaklar esa 1013 nafarni tashkil etadi.

Ba'zi hududlarda tashkil etilgan ishchi guruhlarning mas'uliyatsizligi tufayli, aholi orasida saylov bo‘lishidan bexabar qolganlarni ham uchratish mumkin. Bu masala 6 aprel kuni bo‘lgan videoselektorda jiddiy tanqid qilindi. Hamma o‘ziga kerakli narsani oldi, deydi Respublika Mahallalar kengashi bo‘lim boshlig‘i Saodat Boymirzayeva.

Ozoda Valiyeva

Ko‘proq yangiliklar: