San'at arbobi Jo‘ra Mahmudov: «Jamiyatdagi muammolarni qalamga olishda dramaturgiyamiz oqsayapti» 

Jamiyat 22:58 / 17.04.2019 3895

17 aprel kuni Yosh tomoshabinlar teatrida «Bizning teatr» ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda teatr ilmi mutaxassislari, san'atkorlar va teatr ixlosmandlari ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.  

Tadbirni rasman ochib bergan Madaniyat vazirligi dramaturgiya sho‘'basi rahbari Hayitmat Rasul Yosh tomoshabinlar teatrini respublika teatrlari o‘rtasida eng samarali faoliyat ko‘rsatayotgan teatrlardan biri, deya e'tirof etdi. 

«30 yillarda endi faoliyatini boshlagan Yosh tomoshabinlar teatri jamoasi sayyor tarzda joyma-joy yurib, spektakllar ko‘rsatardi. U paytda asosan rus dramaturglarining asarlari sahnalashtirilardi. 40-yillardan keyin o‘zimizda ham p'yesalar yaratila boshlandi. «Yoriltosh», «Kim to‘g‘ri?», «Zumrad va Qimmat» sahna yuzini ko‘rdi. Ammo hozirgi dramaturgiya borasida bir narsani alohida ta'kidlamoqchiman. Hozirgi zamon qahramonining portretini ko‘rsatib beruvchi chin ma'nodagi yaxshi spektakllar yaratilmayapti hisob. Zamondoshlar hayotidan lavhalar, jamiyatda mavjud, hamma uchun birdek taalluqli muammolarni qalamga olishda dramaturgiya oqsayapti. Yoshlarimiz teatrdan uzoqlashib qolyapti. Repertuar yana takror va takror sahnalashtirilgan xalq ertaklaridan iborat bo‘lib qolmoqda»,  — deydi anjumanda so‘zga chiqqan san'at arbobi, San'at va madaniyat instituti professori Jo‘ra Mahmudov.

Anjuman doirasida «Shiroq», «Sehrli laylak», «Olovuddinning sehrli chirog‘i», «Ninza toshbaqalar» kabi spektakllardan parchalar ishtirokchilar e'tiboriga havola etildi. 

27 mart ─ Xalqaro teatr kuni munosabati bilan mart oyidan boshlab respublika teatrlarida «Bizning teatr» ilmiy-amaliy anjumanini o‘tkazish belgilangan edi. Milliy teatr, Muqimiy teatri, Drama teatrlaridan so‘ng to‘rtinchi anjuman Yosh tomoshabinlar teatrida tashkil etilmoqda. Anjumanlar doirasida har bir teatrning tarixi, ijodiy jamoasi bilan tanishtirish hamda teatrlar repertuarining eng sara namunalaridan parchalar ko‘rsatish rejalashtirilgan. 

Joriy yilda ilk marotaba o‘tkazilayotgan mazkur anjuman keyinchalik an'anaviy tarzda o‘tkazilishi belgilangan. Anjumanni o‘tkazishdan maqsad xalqni teatrlar hayoti bilan yaqindan tanishtirish va ularni san'atning bu sohasiga qiziqtirishdir. 

Ma'lumot uchun, Yosh tomoshabinlar teatri 1929 yilda Toshkentda rus yosh tomoshabinlar teatri tarkibidagi o‘zbek qo‘g‘irchoq truppasi tarkibida tashkil etilgan.Teatrning birinchi rejissyori va aktyori Nurxon Eshmuhammedov. 1930 yilda teatr o‘z spektakllari orqali professional darajaga ko‘tarildi. 1947 yilda faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi va 1948 yilda qayta tashkil qilingan teatr oldingi spektakllarni tiklash bilan bir qatorda e'tiborni asosan ertak janriga va mumtoz asarlarga qaratdi.

Ko‘proq yangiliklar: