O‘zbekistonda biznes kamroq sudlasha boshladi

Business class 13:48 / 17.04.2019 8897

2019 yilning birinchi choragi mobaynida iqtisodiy sudlar tomonidan 46 001 ta ish ko‘rib chiqilib, hal etildi. Shunda da'vogarlar foydasiga 2,3 trln. so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 56,7 foizga kamaygan. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan davrda eng ko‘p iqtisodiy ishlar Toshkent shahar, Qashqadaryo, Surxondaryo va Andijon viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib, hal etilgan.
 
Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud ta'sirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida ko‘rilgan ishlarning salmoqli qismi, ya'ni 28 742 tasi bevosita joylarda, ya'ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan. 
 
Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 1 065 tasi videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 714,1 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘lari tejab qolindi.
 
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini huquqiy himoya qilishga oid 7 405 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 247,6 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi.
 
Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini kontraktatsiya, mahsulot yetkazib berish va kommunal xizmat ko‘rsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar tashkil etdi.
 
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan nazorat tartibida 144 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 83 ta qaror bekor qilindi va 29 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.

Ko‘proq yangiliklar: