Mo‘ynoq: mo‘jiza sodir bo‘lmaydi, u yaratiladi

O‘zbekiston 19:59 / 17.04.2019 14603

Orolbo‘yi hududida joylashgan Mo‘ynoq shahrini obodonlashtirish ishlari jadal sur'atlar bilan kechmoqda. Mazkur islohotlar natijasi haqida Xalqaro press klubning «Mo‘ynoq: mo‘jiza sodir bo‘lmaydi, u yaratiladi»  sessiyasi asosidagi «O‘zbekiston 24»  telekanalidagi ko‘rsatuvda so‘z bordi.

Ma'lum qilinishicha, Mo‘ynoqni obodonlashtirish maqsadida 2 yillik reja asosida 125ta loyiha belgilangan bo‘lib, ular uchun umumiy hisobda 1 trln 495 mlrd so‘m pul ajratilgan.

«48ta obektning qurilish ishlari olib borilmoqda. Maktablar, bolalar bog‘chalarida ta'mir ishlari ketmoqda. Aholi turmush sharoitini yaxshilash maqsadida yangi infratuzilmalar bunyod etishga katta e'tibor qaratilmoqda. Xususan, bu yil Mo‘ynoq aholisi yangi qurilgan Amfiteatrda Navro‘z bayramini nishonladi. 745 o‘rinli zalga ega Madaniyat uyi foydalanishga topshirildi. Unda aholi uchun turli madaniy yo‘nalishlarda to‘garaklar ham tashkil qilingan. Shuningdek, 1000 kishilik sig‘imga ega «Aral»  stadionining ishga tushgani ham sportni rivojlantirishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Yangi zavodlarning qurilishi, tadbirkorlarga soliqlar bo‘yicha yengilliklar berilishi yangi ish o‘rinlarining yaratilishini kafolatlaydi» , —  deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazov.

Sessiyada qayd etilishicha, Mo‘ynoq baliqni konservalash zavodining imorati qurib bitkazilgan. Zavod uchun kerakli uskunalar Rossiyadan iyun oyida yetib kelishi hamda avgust oyida zavod ishga tushishi kutilmoqda.

«Bu zavod uchun baliq qani, degan savol tug‘ilishi mumkin. Mo‘ynoq atrofida 18ta ko‘l bor. Eng yiriklarining umumiy hududi 22 ming gektardan iborat. Mo‘ynoq xalqining «baliqdan yuz taom»  degan menyusi ham bor. Demakki, bu zavodda bemalol ishni yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu yerda 200ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Zavod ishchilari uchun yangi turar joylar ham qurilmoqda», —  deya qo‘shimcha qilgan Yerniyazov.

Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik Zinoviy Novitskiy Orolning qurigan hududini o‘rmonlashtirish ishlariga to‘xtalib o‘tdi. 

«Dastlab Orol hududida daraxt o‘stirish vazifasi qo‘yilganda bu ish imkonsizdek tuyulgandi. Ammo siyosatning to‘g‘ri olib borilishi negizida dastlabki natijalarni ko‘rib turibmiz. Uch oy davomida 1100 gektar yer saksovul ekishga tayyorlandi. 495 ming gektar yerga saksovullar ekildi. Ular endi bo‘y ko‘rsatishni boshlagan», —  deydi u.

Shuningdek, olim Prezident tomonidan ilgari surilgan Orolni obodonlashtirishda Qozog‘iston bilan hamkorlik masalasiga ham o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

«Bitta respublika Orolni tiklashdek yirik global muammoni yakka hal qilishi mushkul masala. Mamlakatlar bu maqsad yo‘lida birlashishi, yagona tizim asosida baravar harakat qilishi kerak. Qozog‘istonda bu borada yetarlicha salohiyatga ega olimlar mavjud. Hozirda faqatgina qulay zonalarda obodonlashtirish ishlari olib borilyapti, ishlar ko‘lamini yildan yilga kengaytirib borish kerak», —  deya ta'kidlaydi Novitskiy.

Ko‘proq yangiliklar: