«Kamp Nou»da mo‘jiza bo‘lmadi. Messi esa taxtni jangsiz egallashi mumkin

Sport 11:30 / 17.04.2019 18971

«Barselona» Chempionlar ligasi chorakfinalida «Manchester Yunayted»ni ikkinchi o‘yinda ham mag‘lub etdi (3:0) va yarimfinalga yo‘l oldi.

Chempionlar ligasi. 1/4 final. Javob o‘yini 
«Barselona» – «Manchester Yunayted» – 3:0 (2:0)
Gollar
: Messi, 16 (1:0). Messi, 20 (2:0). Koutinyu, 61 (3:0).
«Barselona»: ter Shtegen, Serji Roberto (Semedu, 71), Pike, Langle, Jordi Alba, Rakitich, Buskets, Artur (Vidal, 75), Messi, Suares, Koutinyu (Dembele, 81).
«Manchester Yunayted»: de Xea, Jons, Lindelyof, Smolling, Yang, Maktominey, Pogba, Fred, Lingard (Sanches, 80), Reshford (Lukaku, 73), Marsiyal (Dalot, 65).
Ogohlantirish: Suares, 77.
Hakam: Brix (Germaniya).
16 aprel. Barselona. «Kamp Nou».
Birinchi o‘yin – 1:0.

To‘rtinchi urinish
2015 yilda «Yuventus»ni mag‘lub etib, Chempionlar ligasini qo‘lga kiritgan «Barselona» keyingi 3 mavsumda turnirdagi ishtirokini chorak finalda to‘xtatgandi. Bu katalonlar jamoasi muxlislari uchun alamli fakt, qolaversa bu 3 mavsumda «quloqli kubok»ni «Real» o‘ziniki qilgan. Nihoyat to‘rtinchi mavsum ularga ko‘p narsalar va'da qilmoqda: birinchidan, «qaymoqranglilar» YeChLni bu safar erta tark etishdi, ikkinchidan «Barselona» chorakfinaldagi birinchi o‘yinda, safarda «MYu»ni mag‘lub etib qaytgandi. Bu katalonlarning tarixda «Old Trafford»da ilk marta g‘alaba qozonishi bo‘ldi, qolaversa jamoa pley-offda oxirgi 7 o‘yinda birinchi g‘alabaga erishdi. Endi «Kamp Nou»da inglizlarga ortiq imkon bermaslik talab etilardi, xolos.

Reshfordning to‘singa tekkan zarbasi
Sulsher jamoasi mart oyida birinchi o‘yindagi mag‘lubiyatdan qanday chiqib keta olishini ko‘rsatib ulgurgandi. «PSJ»ga o‘z uyida ikki to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘lgan manchesterliklar Parijda raqibni yakson etgandi va o‘zi bilan hisoblashmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatib qo‘ygandi. Kataloniyadagi o‘yinning ilk 10 daqiqaligida bunga hamma guvoh bo‘ldi. «Barselona» futbolchilari tashabbusni raqibga topshirib qo‘yishdi - mehmonlar maydon egalarini maydonning ikkinchi qismiga qamab qo‘yishdi, faol ravishda pressing qilishdi, raqibni xato qilishga majbur qilib, to‘pni olib qo‘yishdi. Birinchi daqiqadayoq Pogba Reshfordni qulay vaziyatga chiqardi, ammo angliyalik yosh hujumchining zarbasi ter Shtegen qo‘riqlayotgan darvoza to‘siniga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi. «Barsa»ning yarimfinal o‘yinlari uchun band qilgan chiptalari xavf ostida qolgandi.

VAR «MYu» uchun
Keyingi o‘n daqiqalikda mezbonlar o‘ziga keldi va ularning ilk hujumiyoq mehmonlar uchun qayg‘uli yakunlanishi mumkin edi - Fred Rakitich bilan to‘p uchun kurash vaqtida raqibi maydonga yiqildi, mezbonlar penalti talab qilishdi, avvaliga uchrashuv bosh hakami Feliks Brix nuqtani ko‘rsatdi, ammo qarorini o‘zgartirib, videotakrorni ko‘rib chiqdi va bu vaziyatda fol bo‘lmaganini qayd etdi - braziliyalik futbolchi chindan ham birinchi bo‘lib to‘pga tegingandi. Birinchi o‘yinda «Barselona» tomonida bo‘lgan texnologiya bu safar «qizil iblislar»ga yordam berdi.

Leoning dubli
Ammo «MYu» endi boshqa hech kimdan yordam kuta olmasdi - ayniqsa o‘zi xato qilganida. 16-daqiqada Yang qanotda to‘pni o‘ziga bo‘ysundirishda xato qildi va Messini oldinga o‘tkazib yubordi. Undan to‘pni olib qo‘ygan argentinalik futbol dahosi esa yo‘lidan chiqqan Fredni osonlik bilan aldab o‘tib, raqib jarima maydoniga yaqinlashib chap oyog‘ida uzoq burchakni nishonga oldi. De Xeaning sakrashi bu golni yanada chiroyli qildi. Qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, Leo 2012-13 yilgi mavsumdan buyon ilk marta chorak final o‘yinida gol urdi.

Besh daqiqa o‘tmasdan Messi dublni rasmiylashtirdi: argentinalik futbolchi yana raqib jarima maydoniga yurish qildi va jarima maydoniga kirmasdan zarba yo‘lladi, ispaniyalik darvozabon esa amalda o‘yin taqdirini hal qilgan xatoga yo‘l qo‘ydi - de Xea o‘ziga kelgan to‘pni qo‘llari orasidan o‘tkazib yubordi. Bu vaziyatda «MYu» futbolchining yuzida umidsizlik paydo bo‘lib ulgurgandi - endi ular «Barsa»ga 3ta gol urish ilojsizligini anglashardi.

Koutinoning shedevri
Ko‘k-anorranglilar esa bosim uyushtirishda davom etishar va uchinchi golni urishga harakat qilishardi. Birinchi bo‘lim oxirida Roberto hisobni yirik ko‘rinishga olib kelishiga bir baxya qoldi - de Xea uning zarbasi yo‘lidan chiqib, to‘pni yuzi bilan to‘sdi. Ammo 61-daqiqada u Koutino uzoq masofadan darvozaning uzoq burchagini ishg‘ol etishiga to‘sqinlik qilolmadi. Unga bu golda Lionel Messi assistentlik qildi. Mavsum davomida tanqidlarga nishon bo‘lib kelgan braziliyalik vinger shedevr gol urib, hisobni yiriklashtirganidan keyin bu golni original tarzda nishonladi: u tribuna qarshisiga turib oldi va ko‘zlarini yumib, qo‘llarini quloqlariga tutdi.

O‘yin yakunlanishiga 10 daqiqa vaqt qolganida Koutinoning o‘rniga Dembele tushirildi, «Kamp Nou» esa uni olqishlar bilan kuzatdi.

O‘yin oxirida ter Shtegenning ajoyib seyvi Sanches va «MYu»ni taskin beruvchi goldan mahrum qildi - o‘yin baribir yirik hisobda yakunlandi. Qatorasiga uch yil YeChLni chorakfinalda tark etgan «Barselona» bu safar to‘siqdan o‘tdi. Katalonlar nihoyat yarimfinalda va chempionlik uchun asosiy da'vogar.

«MYu» va Sulsherning «Kamp Nou»ga bu safargi safari alamli mag‘lubiyat bilan yakunlandi. «MYu» oxirgi 7 o‘yindan 5tasida yutqazdi. Manchesterliklar bu mavsumda kuchli to‘rtlikka kira olmasa keyingi mavsumda Yevropa Ligasidagi ishtiroki orqali YeChLga qaytishga urinib ko‘rishi mumkin.

Ikki gol va bir assist. Messi het-trik qilishi ham mumkin edi, u o‘yin davomida darvoza sari 7 marta zarba berdi, shundan 3tasi darvozaga aniq bordi. Bu o‘yinda Messi barchasini hal qildi. Uning yo‘lida na «Real» bor va na Ronaldu. Bu yilgi «Oltin to‘p» uchun undan boshqa da'vogar yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: