Humo to‘lov tizimi: qanday imkoniyatlar mavjud va undan nimalar kutsa bo‘ladi?

Iqtisodiyot 22:22 / 17.04.2019 26120

17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida Markaziy bank raisining o‘rinbosari Botir Zohidov, Banklararo milliy protsessing markazi direktori Shuhratbek Qurbonov va bankning boshqa mas’ul vakillari ishtirokida Humo to‘lov tizimining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida yangi to‘lov tizimining imkoniyatlari, uni tatbiq qilish ishlari va 2019 yilga mo‘ljallangan rejalar to‘g‘risida ma’lumot berildi, deb xabar berdi tadbirda qatnashgan Kun.uz muxbiri.

Imkoniyatlar

Zamonaviy to‘lov infratuzilmasi, xalqaro to‘lov tizimlari (VISA, MasterCard, Union Pay) bilan integratsiya, yagona to‘lov maydoni va milliy to‘lov svitchiga ega Humo to‘lov tizimining xususiyatlari quyidagilardan iborat:

● bir tegishda to‘lovlar (kontaksiz to‘lov);

● HUMO, MasterCard, VISA, Union Pay tizimlari uchun yagona infratuzilma (POS, ATM);

● zamonaviy xizmatlar va sodiqlik dasturi;

● ochiq standartlar;

● in-house protsessingida karta va terminallarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati;

● Merchant Fee (tijoriy ekvayring, do‘konga terminal qo‘yib bergani uchun bankning terminaldan to‘langan pullardan qanchadir foizini olib qolishi) va Interchange Fee (agar terminalga pul terminal qo‘ygan bank emas, boshqa bank chiqargan plastikdan tushsa, "terminal egasi-bank" olgan foizining qandaydir qismini plastik karta chiqargan bankka o‘tkazishi) tatbiq qilinishi;

 

Tavsiya etiladigan tariflar:

● Tijoriy ekvayring uchun to‘lov – 0,2%gacha;

● Interchendj (IRF) – 0,06% gacha;

● Internet ekvayring uchun to‘lov – 1%gacha;

● P2P o‘tkazmalar uchun to‘lov – tizim ichida 0,5%gacha;

● Naqd pul olish uchun ustama – 1%gacha;

Banklararo milliy protsessing markazi direktori Shuhrat Qurbonov

Xronologiya

● 2018 yil 15 – 16 sentabr – UzCard to‘lov tizimi ishlamay qoldi;

● 2018 yil 19 sentabr – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi;

● 2018 yil 24 sentabr – Markaziy bank yangi to‘lov tizimi nomini aniqlash bo‘yicha tanlov e’lon qildi;

● 2018 yil 26 oktabr – Yangi milliy to‘lov tizimiga Humo nomi berildi;

● 2019 yil aprel – Humo to‘lov tizimi ishga tushiriladi;

● 2019 yil 1 may – plastik kartalar tarqatilishi boshlanadi (plastik kartalar narxi 6 ming so‘mdan bo‘lishi kutilmoqda);

● 2019 yil may – HUMOSecure xavfsiz to‘lovlar tizimi ishga tushiriladi;

● 2019 yil iyun – HUMOPay - mobil telefonlardan to‘lovlar amalga oshirish boshlanadi;

● 2019 yil iyun – 100 ming dona POS-terminal o‘rnatiladi;

● 2019 yil sentabr – 5 million dona plastik karta amalda bo‘ladi (taqqoslash uchun, aprel oyi ma’lumotlariga ko‘ra, Uzcard tizimida 17 milliondan ortiq plastik kartalarga xizmat ko‘rsatiladi);

● 2019 yil dekabr – butun O‘zbekiston hududida Humo to‘lov tizimida o‘tkazmalar, to‘lovlar amalga oshirish imkoni bo‘ladi. Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zohidovning ta’kidlashicha, may oyidan boshlab har oyda ikkitadan viloyat qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: