16 aprelda Shanxay xalqaro avtosaloni o‘z ishini boshladi. 18-marotaba o‘tayotgan avtosalonda dunyo va Xitoy avtomobilsozlik sanoatining yangi mahsulotlari bilan tanishish mumkin bo‘ladi. Shu munosabat bilan milliy ko‘rgazma markazida (NECC) 20 ta davlat avtomobilsozlik sanoatining mingdan ko‘proq vakili o‘z stendlarini o‘rnatgan.
Ko‘rgazmaning ilk 2 kuni an'anaviy ravishda jurnalistlar, 18-19 aprel kunlari avtomobilsozlik sanoati ekspertlari uchun ochiq bo‘ladi. 20-25 aprel kunlari ko‘rgazma pavilonlari o‘z eshiklarini keng omma uchun ochadi. Ko‘rgazmaga 1 mln.ga yaqin kishi tashrif buyurishi kutilmoqda. Joriy yilda ko‘rgazmaning umumiy maydoni 360 ming kvadrat metrdan ko‘proq maydonni egallaydi.
Dunyoning yetakchi avtomobilsozlik kompaniyalari Osiyo bozori salohiyati va bu mintaqada ushbu tarmoqning jadal rivojlanayotganini hisobga olgan holda Shanxayga ko‘p yillardan beri o‘zlarining yangi modellarini olib kelishadi. Jumladan, ko‘rgazmada Mercedes-Benz, Volkswagen, Toyota, Honda, Nissan, Mazda, Mitsubishi, Suzuki, Subaru, Buick, Chevrolet, Cadillac, Ford, Citroyon, Peugeot, Renault va boshqa ko‘plab yetakchi kompaniyalar o‘z mahsulotlarini taqdim qiladi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga kelsak, ko‘rgazmada o‘tgan yildagidek Xitoy avtomobilsozlik sanoatining 6 yetakchi kompaniyasi: FAW, Dongfeng Motor, SAIC Group, Changan Automobile, GAC Group va BAIC o‘z mahsulotlarini taqdim qiladi. Shuningdek, Chery group, Geely Group, Great Wall, Brilliance Shina Auto, BYD va JAC kabi mahalliy kompaniyalar o‘zlarining yangi modellari bilan ko‘rgazma ishtirokchilarini xushnud qiladi.