«Renn» xo‘jayini yong‘indan zarar ko‘rgan Notr-Dam cherkovi ta'miri uchun 100 mln yevro ajratadi

Sport 10:54 / 16.04.2019 7988

«Renn» klubi xo‘jayini, Fransiyaning eng badavlat odamlaridan sanaluvchi milliarder Fransua Pino Parijdagi Muqaddas ona ibodatxonasini yong‘indan keyingi rekonstruksiyasi uchun 100 mln yevro ajratadi. Bu haqda uning o‘g‘li kichik Pino ma'lum qildi, deb yozadi Le Figaro.

«Otam va men «Artemis» kompaniyasi fondidan ibodatxonaning to‘liq ta'miri uchun 100 mln yevro ajratishga qaror qildik», – deb aytgan Fransua-Anri Pino.

Ma'lumot uchun, Fransua-Anri Pino – Kering kompaniyasi xo‘jayini sanaladi. Ushbu kompaniya Gucci, Yves Saint Laurent va Alexander McQueen kabi brendlarga egalik qiladi.

Fransiya poytaxtidagi Notr-Dam de Pari cherkovida kecha, 15 aprel kuni kechasi yong‘in yuz berdi. To‘qqiz soat davom etgan o‘t o‘chirish ishlari natijasida yong‘in bartaraf etilgan. Hodisa oqibatida ibodatxona shpili va tomi quladi, bino karkasi saqlab qolindi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in cherkovdagi restavratsiya ishlari vaqtida yuz bergan. Parij prokuraturasi ayni paytda hodisa sabablarini o‘rganmoqda.

Qayd etish kerak, 900 yildan ko‘proq tarixga ega mashhur cherkovdagi yong‘in munosabati bilan fransuz futbolining eng taniqli vakillaridan Zinedin Zidan va Kilian Mbappe qayg‘uda ekanini bildirishgan.

Ko‘proq yangiliklar: