Prezidentning Milliy gvardiya bo‘yicha farmoni qabul qilinadi 

O‘zbekiston 09:22 / 16.04.2019 79013

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlari bilan ishlash va ularning xizmat o‘tashini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, kadrlar zaxirasini shakllantirish, shuningdek xodimlarning xizmat o‘tashini tashkil etishda quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining asosiy vazifalari deb hisoblanishi mumkin:

bo‘sh lavozimlarni o‘z kasbiy fazilatlari, xulq-atvori va madaniyat darajasi bilan namuna bo‘lgan istiqbolli kadrlar bilan jamlash mexanizmini joriy etish;

ish tajribasining vorisiyligini, yosh xodimlarning xizmatga amaliy moslashishini, kasbiy shakllanish jarayonini tezlashtirish hamda ularda xizmat vazifasi bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini rivojlantirishni ta'minlovchi samarali ustoz-shogird tizimini joriy etish;

xodimlar o‘rtasida barqaror professional kadrlar tarkibini shakllantirish, xodimlarning uzoq muddatli xizmatini rag‘batlantirish, shuningdek kadrlarning professional va shaxsiy fazilatlari hamda qobiliyatlarini inobatga olgan holda lavozimlarga optimal taqsimlash;

ijro intizomini, jumladan boshqaruv qarorlari har bir bevosita ijrochiga o‘z vaqtida yetkazilishi va bajarilishini tizimli uzluksiz nazorat qilinishning zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarini keng joriy etish orqali ta'minlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining o‘rinbosarlari va boshqarma boshliqlari:

a) har chorakda joylarga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining bo‘linmalari, xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qo‘riqlashni ta'minlash bo‘yicha alohida bataloni, o‘quv markazlari (Farg‘ona va Jizzax viloyatlari), nazorat-ruxsat berish faoliyati bo‘linmalari rahbarlarining aniq erishilgan natijalarini ko‘rsatgan holda boshqaruv qarorlari ijrosining amalga oshirilishi haqidagi shaxsiy hisobotlarini kengaytirilgan majlislarda tinglaydi;

b) har yarim yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hay'atida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek xizmat o‘tashni, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar talablarni inobatga olgan holda qilingan ishlar yuzasidan shaxsan hisobot beradi. Bunda quyidagilar bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishi nazarda tutiladi:

tashabbus ko‘rsatmaydigan va mas'uliyatsiz rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash;

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining ijobiy ish tajribasini tatbiq etish va qo‘llash.

Belgilab qo‘yilishicha:

pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddati kalendar hisobida yigirma yilni tashkil qiladi, ulardan imtiyozli hisoblanadigan davri xodimlarga pensiya miqdori hisoblanayotgan vaqtdagina inobatga olinadi;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan ta'minlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlariga o‘rnatilgan pul ta'minotining me'yorlari jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar asosida faoliyat yurituvchi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimlarining xodimlariga ham tatbiq etiladi;

ko‘rsatilgan uchun kelib tushgan mablag‘lar hisobidan faoliyat yurituvchi Milliy gvardiya tizimidagi muassasalarda xizmat qilayotgan xodimlarga sanatoriy-kurort muassasalariga yo‘llanmalar berish ushbu muassasalarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalari kunduzgi, sirtqi ta'lim shaklida, kasbiy tayyorgarlik fakultetida, rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti (oliy kurslar)da O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qo‘mondoni va Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda tayyorlanadi, qayta tayyorlanadi va malakasini oshiradi;

xodimlarning bolalari davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga yashash yoki xizmat o‘tash joyi bo‘yicha navbatdan tashqari qabul qilinadi.

Quyidagi tartib o‘rnatilishi mumkin:

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida ustozlar mutaxassislik bo‘yicha kamida besh yil xizmat qilgan, yuksak kasbiy fazilatlarga, xizmatda samarali ko‘rsatkichlarga va tarbiyaviy yo‘nalishda ko‘nikmalarga ega bo‘lgan eng tajribali xodimlar orasidan tanlab olinadi;

ustozlarga, qoida tariqasida, ko‘pi bilan bir nafar ofitserlar tarkibidan bo‘lgan xodim, uch nafargacha serjantlar tarkibidan bo‘lgan xodimlar, besh nafargacha safdorlar tarkibidan bo‘lgan xodimlar biriktiriladi;

ustozlar o‘zlariga biriktirilgan xodimlarning ta'lim-tarbiyasiga mas'uliyatsizlik bilan yondashganida, shuningdek xodimlar lavozimga kirishishi davrida xizmat intizomini buzgan hollarda ustozlar, ayblik darajasidan kelib chiqqan holda belgilangan tartibda intizomiy jazoga tortiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining xizmat intizomi va benuqson uzluksiz xizmati uchun tashabbuskor va vijdonli xodimlarni taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining faxriy xodimi” idoraviy ko‘krak nishoni ta'sis etish haqidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: