Parijdagi Notr-Dam soboridagi yong‘in o‘chirildi

Jahon 08:06 / 16.04.2019 13353

Parijdagi Notr-Dam-de-Pari soboridagi yong‘in o‘chirildi. Bu haqda o‘t o‘chiruvchilar vakili, podpolkovnik Gabriel Plyus ma'lum qildi. 

Plyusning ta'kidlashicha, o‘t o‘chiruvchilar yana yong‘in chiqmasligi uchun qolib ketgan yong‘in o‘choqlari va issiq konstruksiyalarni sovitishni davom ettirmoqdalar.

Yong‘in chiqishiga ibodatxonadagi restavratsiya ishlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bino atrofida 100 metrlik havozalar o‘rnatilgan bo‘lgan. Restavratsiya ishlari bosh arxitektori Filipp Vilnevning aytishicha, yong‘in vaqtida binoda ishchilar bo‘lmagan.

Foto:  AFP 2019 / Geoffroy Van Der Hasselt

Ibodatxonadagi yong‘in 15 aprel soat 18:30da boshlangan. Olov bino tomining uchdan 2 qismini, shpili va soatini yo‘q qilgan. Mutaxassislarning baholashicha, binoning restavratsiyasi 5 yildan bir necha o‘nlab yillargacha cho‘zilishi mumkin. 

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron BFM telekanalida jonli efirda fransiyaliklarga ibodatxona tiklanishiga va'da bergan.

“Biz cherkovni tiklaymiz. Barchamiz birgalikda. Ertangi kundan cherkovni tiklash uchun ham Fransiyada, ham xorijda mablag‘lar yig‘ila boshlanadi”, deb aytgan Makron. 

Foto: EPA-EFE/PHILIPPE WOJAZER / POOL

Fransiya prezidentining ta'kidlashicha, tiklash ishlariga “eng yaxshi iste'dodlar” jalb qilinadi. U bo‘lib o‘tgan voqealarni “dahshatli fojia” deb atagan va o‘t o‘chiruvchilarga minnatdorlik bildirgan.

“Notr-Dam bizning tarix, adabiyot, tasavvurimizdir. Biz eng muhim voqealar – epidemiyalar, urushlar, ozodligimizni boshdan kechirgan joy. U hayotimizning markazidir”, deb qo‘shimcha qilgan Makron.  

Ko‘proq yangiliklar: