G‘allaorolda sel oqibatida jabr ko‘rgan xonadonlar holidan kim xabar oladi?

Jamiyat 19:34 / 16.04.2019 22441

5-7 aprel kunlari yurtimiz hududlarida kuchli yog‘ingarchilik bo‘lib o‘tdi. Ushbu yog‘ingarchilik natijasida ayrim viloyatlarda sel toshqini tufayli bir necha xonadon zarar ko‘rdi. Tahririyatga kelgan navbatdagi murojaat ham aynan shu mavzuda.

“Hurmatli tahririyat ijodkorlari, sizga Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Moltob QFY Yangiqishloq ko‘chasida sel toshqini sababli qattiq zarar ko‘rgan fuqarolar murojaat qilmoqdamiz. 5-7 aprel kunlari yoqqan yomg‘irlar natijasida bizning Yangiqishloq ko‘chasida bir necha xonadonlarga yomg‘ir suvlari kirib , olti xonadon zarar ko‘rdi. Tabiiy ofatdan so‘ng ko‘chada qoldik. Oradan necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, na tuman hokimligi, na kerakli tashkilotlar bizga ko‘mak qo‘lini cho‘zdi. Ayni kunlarda har birimiz yaqin qarindoshlarimiz xonadonlarida vaqtincha yashab turibmiz. Bu esa ko‘plab qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Yashash joylarimiz tiklanishida hamda zarar ko‘rgan hovli va uylarimiz tezroq tartibga keltirilishida yordam berishingizni so‘raymiz”, deyiladi unda.

Mazkur murojaatni o‘rganish maqsadida ko‘rsatilgan manzilga yo‘l olamiz. Yangiqishloq ko‘chasidagi zarar ko‘rgan xonadon sohiblarining ma'lum qilishicha, talofatlarga kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida “Toshkent-Samarqand” tezyurar “Afrosiyob poyezdi” temir yo‘li ostidan o‘tgan quvurlarga yomg‘ir suvi bilan oqib kelgan shox-shabbalar tiqilib qolishi sabab bo‘lgan. 

Sel oqibatida Manzura Otaboyevaning uyi butkul toshqin ostida qolgan. Uyning devorlari sel bosimiga dosh berolmay nuragan. Natijada xonadon qattiq zarar ko‘rgan.

“Suv kutilmaganda juda shiddat bilan keldi, uydan hech nimani olib chiqolmadik.Bor narsamiz oqib nobud bo‘ldi. Parrandalarimiz, hovlidagi ko‘chat va ekinlarimizga zarar yetdi. Xullas, egnimizdagi kiyim bilan qoldik. Hokimiyatdan kelishdi, o‘rganamiz, o‘n besh kunda javobini aytamiz, deyishdi. Yordam beramiz, deyishdi, lekin hech qanday yordam ko‘rsatilmadi”,- deydi Hamidullo Otaboyev.

Tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarning aytishicha, ularning xonadonlari “Afrosiyob” poyezdi o‘tuvchi yo‘lga juda yaqin pastlikda joylashgan. Tezyurar poyezd yo‘li ostidagi sel o‘tkazuvchi quvurlar esa juda tor va kichik, shu bois suv toshqini sodir bo‘lgan. 

“Sel kelganiga sakkiz kundan ziyod vaqt o‘tdi. Biron mutasaddi kelib holing nima deb so‘ramaydi. Sel kelishi oqibatida bor budimizdan ayrildik. Shu talofatning ertasiga tuman hokimi Jaloliddin Oqboyev kelib, bizga qo‘ldan kelganicha yordam berishni va'da qildi. Ammo mana oradan shuncha kun o‘tgan bo‘lsa ham biron yordam ko‘rmadik. Ikki kundan keyin kelgan “tez yordam” shifokorlari kerakli dorilarni yozib berishdi, o‘zimiz borib dorixonalardan sotib oldik. DSENMdan kelgan shifokorlar esa to‘rt kundan keyin kelib hududni dorilab ketishdi”,-deydi H.Otaboyev.

Ma'lum bo‘lishicha, qishloqda yashovchi erkaklarning asosiy qismi ishsiz. Ularning daromadi esa tomorqadagi dehqonchilik ortidan. 

“Bolalarimiz maktabga ham borishmayapti, ro‘zg‘orda hech narsamiz qolmagan. Hammasini suv oqizib ketdi. Nima qilishga hayronmiz. Ayni kunda oila a'zolarimiz bilan yaqin qarindoshlarimiznikida yashayapmiz. Hech bo‘lmasa oziq-ovqatdan yordam qilishsa bo‘lardi. Sizga yolg‘on-bizga chin, bolalarning maktabga kiyib boradigan poyabzali ham yo‘q”, - deydi seldan jabr ko‘rgan xonadonlar bekalari.

Bu masala bo‘yicha izoh so‘rab “Moltob” QFY raisi Murtazo Oqbo‘tayevga murojaat qildik.

“Siz aytayotgan masaladan xabarimiz bor. Albatta, biz kerakli choralarni ko‘ryapmiz. Ayni kungacha kanal va zovurlarni tozalash ishlari bilan bandmiz. Tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan birgina Yangiqishloq ko‘chasidagilar emas. Qishlog‘imiz markazidagi ko‘prikni ham sel yuvib ketdi. Shuni tiklash choralarini ko‘ryapmiz. Eng qizig‘i, QFY binosi ham seldan zarar ko‘rdi. Ko‘rganingizdek, hammamiz bino hovlisidamiz. Biz dodimizni kimga aytaylik? Qishloq ahli qarab turmaydi. Mana, kuni kecha toshqindan qattiq zarar ko‘rgan Manzura Otaboyeva xonadoniga ichki ishlar tomonidan berilgan ikki kilo go‘shtni olib borib berdik. Harna yordam bo‘lsin dedik”,- deydi Murtazo Oqbo‘tayev.

G‘allaorol tumani hokimi Jaloliddin Oqboyev vaziyatga shunday izoh berdi: 

“Bu xabarni eshitgach, o‘sha kuniyoq “ Moltob” QFYdagi zarar ko‘rgan xonadon sohiblari bilan uchrashdim. Zarar yetgan joylarni borib ko‘rdim. Vaziyat bilan tanishib darhol u yerdan fuqarolarni xavfsiz joyga ko‘chirdik. Aslida zarar ko‘rgan xonadon sohiblari u yerda yashashlari mumkin emas . Tezyurar poyezd yo‘li yaqinidagi tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan xonadon sohiblarining har biriga yangitdan uy qurib olishlari uchun yer maydoni taklif qildik. Faqatgina shu bilan cheklanib qolmay, ularga uylarni qurib bitkazishlari uchun qurilish mollari ham ajratiladi. Shuning bilan bir qatorda dehqonchilik qilishlari uchun ham Yangiqishloq ko‘chasidagi yer maydonlarini o‘zlarida qoldiramiz. Shu masalada viloyat hokimligiga ham amaliy yordam ko‘rsatishini so‘rab xat bilan murojaat qilganmiz. Jizzax viloyat hokimligi tomonidan ham albatta yordam ko‘rsatiladi. Ta'kidlab o‘tish joiz, yog‘gan yomg‘irlar natijasida bir qancha ko‘priklarimizga va ekin maydonlarimizga zarar yetgan. Shu bois favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlayapmiz , tozalash ishlariga qo‘shimcha texnikalarni ham jalb qilganmiz. Albatta, murojaatchilarni tushunaman, ularning dardini his qilaman, tuman hokimligi bu voqeaga e'tiborsiz emas. Qo‘limizdan kelgancha, odamiylik nuqtai nazaridan ham ko‘mak berishimiz zarur deb o‘ylayman”.

Tabiiy ofat o‘z nomi bilan “ofat”. Aniqlanishicha, tuman bo‘yicha 157 ta xonadonning tomorqasi va 56 ta xonadon sel toshqinidan zarar ko‘rgan. Tuman hokimligi tomonidan tuzilgan komissiya xulosalariga ko‘ra, ayni kunlarda tabiiy ofatdan ko‘rilgan zararlar hisoblab chiqilib, kerakli miqdorda yordam ko‘rsatiladi. 

Shu o‘rinda bir mulohaza... Shu kabi holatlarda qishloq va fuqarolar yig‘ini vakillarining o‘rni qani? Mahalla va qishloq oqsoqollarining vazifasi faqatgina tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanib (aholini ko‘cha tozalash-u gaz va elektrga o‘z vaqtida pul to‘lab qo‘yishga da'vat qilish) emas, balki yaxshi va yomon kunlarda ham fuqarolarni birdamlikka chaqirish, ular holidan xabar olib, dardiga malham berish emasmi? Poyabzali yo‘qligidan maktabga bormayotgan bolalar yoki qozon qaynatishga imkon topolmayotgan oilalar holidan xabar olish juda katta “muammo” emas...  

Gulchehra ShARIPOVA

Ko‘proq yangiliklar: