Fuqarolik munosabatlarini tartibga solish - mamlakat taraqqiyoti sari yana bir muhim qadam

Jamiyat 00:33 / 16.04.2019 4240

Birinchi maqola. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotimizdagi muhim voqea bo‘ldi.

Farmoyishda 1995-1996 yillarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi “o‘tish davri”ning keng ko‘lamli o‘zgarishlarini tartibga solishda muhim rol o‘ynagani hamda iqtisodiyotni liberallashtirish, iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk kafolatlarini himoya qilishni kuchaytirish, tadbirkorlikning rivojlanishini rag‘batlantirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish bo‘yicha ustivor vazifalarni belgilab berganligi alohida ta'kidlanadi.

Ammo Fuqarolik kodeksida bozor iqtisodiyotini yanada chuqurlashtirish, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, xalqaro reytingda mamlakat o‘rnini yaxshilashga salbiy ta'sir etuvchi jiddiy kamchilik va bo‘shliqlar mavjudligiga ham e'tibor qaratiladi.

Ana shunday kamchilik va bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida qabul qilingan Farmoyish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida aks ettirganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Ustivor yo‘nalishlar sifatida esa:

  • fuqarolik qonunchiligi normalarini tizimlashtirish va unifikatsiya qilish, ularning eng namunali xorijiy amaliyotlar bilan uyg‘unligini ta'minlash, shuningdek, ushbu sohada ilg‘or xalqaro standartlarni implementatsiya qilish;
  • xususiy mulk daxlsizligi kafolatlarini ta'minlaydigan, jismoniy va yuridik shaxslarning, ayniqsa tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan samarali fuqarolik-huquqiy mexanizmlarni belgilash;
  • ommaviy va fuqarolik huquq normalarini aniq chegaralash, iqtisodiyotni boshqarishda ma'muriy-buyruqbozlik tamoyillariga asoslangan, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan va eskirib qolgan qoidalarni chiqarib tashlash;
  • davlat-xususiy sherikligi, klasterlik ishlab chiqarishi, elektron tijorat, kripto-valuta aylanmasi, yer uchastkalarini xususiylashtirish, ulushli qurilish va boshqa zamonaviy fuqarolik-huquqiy institutlar va iqtisodiy munosabatlar shakllarini huquqiy tartibga solishni ta'minlash vazifalari belgilangan.

Ushbu Farmoyish asosida “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi” ham tasdiqlanganini qayd etish joiz. Mazkur Konsepsiyaning kirish qismida fuqarolik-huquqiy tartibga solishning eng muhim qoidalarini belgilovchi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksi bugungi iqtisodiy munosabatlar talabi va xalqaro standartlarga yetarli darajada javob bera olmayotganligining sabablari atroflicha tahlil etilib, bu boradagi muammolarni hal etishning aniq yo‘llari ham ko‘rsatib o‘tilgan. Masalan, unda:

  • eskirgan huquqiy institutlar, shuningdek bozor iqtisodiyotiga asoslangan davlatlarning huquqiy tizimida mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy shakllari saqlanib qolayotganligi;
  • “tijorat tavakkalchiligi”, “xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tengligi”, “adolatli kompensatsiya”, “shartnomaviy majburiyatlarni bajarishdan bosh tortish” kabi an'anaviy fuqarolik-huquqiy institutlarning mavjud emasligi;
  • zamonaviy bozor sharoitlarida talab etiladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar va munosabatlarning alohida shakllari, shu jumladan, davlat-xususiy sherikligi, dilerlik shartnomasi, ulushli quruvchilik, klaster ishlab chiqarish, elektron tijorat, kripto-valuta aylanmasi, yer uchastkasini xususiylashtirish va boshqa huquqiy holatlarni tartibga solish mexanizmi nazarda tutilmaganligi;
  • ko‘p miqdordagi havolaki normalarning mavjudligi kodeksning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjatga aylanishiga to‘sqinlik qilayotgani va uning fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solish borasidagi maqomini pasaytirayotganligi;
  • bir-biriga o‘xshash va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllardagi qoidalar aralashmasidan tashkil topgan yuridik shaxslar tashkiliy-huquqiy shakllarining ko‘pligi;
  • fuqarolik kodeksida fuqarolik huquqi institutlariga taalluqli bo‘lmagan ommaviy huquq normalari, xususiy mulk va shartnomaviy munosabatlariga oid asoslanmagan miqdorda cheklovlar mavjudligi;
  • fuqarolik–huquqiy munosabatlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish masalalarini tartibga soluvchi qoidalar deyarli mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Farmoyishga binoan, 2020 yilning 1 apreliga qadar yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va fuqarolik qonunchiligini takomillashtirishga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda vakolatli organlarga ko‘rib chiqish uchun kiritish vazifasi yuklatildi.

Bizningcha, yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksining takomillashtirilishi natijasida undan bozor iqtisodiyoti sharoitlariga mos kelmaydigan yoki yuridik texnika qoidalarini buzadigan mavjud qoidalar chiqarib tashlanadi. Bunda asosiy e'tibor tovarlar, ishlar, xizmatlar bozori qoidalarini xalqaro standartlar asosida belgilashga qaratiladi.

Ma'lumki, o‘tgan yillar mobaynida xalqimiz nafaqat real bozor iqtisodiyotini chuqur anglash darajasiga yetdi, balki ushbu jarayonda muayyan tajribaga ham ega bo‘ldi. Mazkur tajriba farmoyishda ta'kidlanganidek, o‘tgan davr ichida fuqarolik qonun hujjatlarida vujudga kelgan ayrim bo‘shliqlarning to‘ldirilishini, chunonchi Fuqarolik kodeksining bir qator qoidalarini bugungi bozor munosabatlariga muvofiqlashtirishni ham taqozo etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi fuqarolik qonun hujjatlari tizimida markaziy o‘rinni egallaydi, albatta. Uning bozor murvatlarini qanchalik harakatga keltira olishiga qarab yo iqtisodiyotda tovarlar, xizmatlar, ishlar fuqarolik muomalasida erkin harakatlanadi yoki davlat aralashuvi, ma'muriy to‘siqlar, shuningdek, huquqiy bo‘shliqlar sabab ushbu munosabatlarning rivojlanishi sekin kechadi.

Shu bois ham fuqarolik kodeksini iqtisodchi va huquqshunos olimlar “bozor konstitutsiyasi” deb ataydilar. Chunki bozor iqtisodiyoti mulkiy, mulk bilan bog‘liq va bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy munosabatlarning muttasil rivojlanishini ham taqozo etadi. Bu jarayonda yangi-yangi xizmat turlari, turfa ish bajarishlar, tovarlarning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan xillari vujudga kelaveradi. Albatta bunday xizmatlar, ishlar, tovarlarning fuqarolik muomalasi bilan bog‘liq munosabatlar aynan fuqarolik qonun hujjatlari bilangina tartibga solinadi. Bu yerda o‘zaro munosabatga kirishuvchilarning barchasi teng huquqli bo‘lib, bir-birlariga bo‘ysunmaydilar. Chunki sotuvchi, oluvchi, xizmat ko‘rsatuvchi, ish bajaruvchi, xizmatdan, ishdan foydalanuvchilarning barchasi aynan shunday munosabatlarda teng huquqli hisoblanadilar. Ammo Prezident Farmoyishida alohida ko‘rsatib o‘tilgan kamchilik va qonunchilikdagi bo‘shliqlar chindan ham xususiy ishlarning taraqqiy etishiga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Zero, har qanday qonun nafaqat mavjud munosabatlarni, balki vujudga kelishi mumkin bo‘lgan munosabatlarni ham tartibga solishi lozim. Ammo afsuski, bugungi kunda fuqarolik qonun hujjatlari to‘g‘risida bunday fikr bildira olmaymiz. Shuning uchun ham iqtisodiyotimizga “to‘siq” bo‘layotgan eski tuzum asoratlaridan tezroq xalos bo‘lish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas vazifalaridandir.

Shuni tan olishimiz kerakki, Fuqarolik kodeksidagi xususiy mulk, ayniqsa ommaviy mulk maqomiga oid moddalar birmuncha mavhum xarakterga ega. Amaliyotning ko‘rsatishicha, ommaviy mulk huquqi sub'yektlari (respublika, munitsipalitet) tomonidan mulkni egallash, foydalanish va tasarruf qilishning tartibi, mol-mulkni bir sub'yektdan ikkinchisiga o‘tkazish shartlari ham unda aniqlashtirilmagan. Bu esa o‘z navbatida ommaviy mulk huquqi sub'yektlarining o‘z mulkiy huquqlarini amalga oshirishga nisbatan befarq munosabatda bo‘lishlariga olib kelmoqda.

Shuning uchun ham fuqarolik kodeksida eng avvalo, munitsipal mulk maqomiga aniq ta'rif berilishi kerak. Shuningdek, davlat mulkini ma'muriy-hududiy tuzilmalarga berish (o‘tkazish) jarayoni ham unda mukammal tartibga solinmaganini qayd etish joiz. Shuning uchun ham mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining o‘z tasarrufidagi mol-mulklarga nisbatan munosabatida mulkdorlik hissi deyarli sezilmayapti.

Shu o‘rinda Fuqarolik kodeksida belgilab qo‘yilgan, boshqa davlatlarning huquq tizimlari uchun noma'lum bo‘lgan hamda iqtisodiyotimiz rivojiga ma'lum ma'noda salbiy ta'sir ko‘rsatishi ehtimoli bo‘lgan xo‘jalik yuritish va operativ boshqaruv institutlarini ham takomillashtirish vaqti kelganini ta'kidlash joiz.

Ilhom Nasriyev,
yuridik fanlar doktori, professor

Ko‘proq yangiliklar: