Ayni paytda Xitoy bilan hamkorlik doirasida eksport faoliyatining eng istiqbolli yo‘nalishlariga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish kiradi.
XXRga oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirish uchun karantin ruxsatnomasini olish shart. Ruxsatnomani olish tartibi XXR Bosh bojxona boshqarmasining (BBB) hududiy organlari tomonidan tartibga solinadi va mahsulotni o‘tkazish punktining joylashishiga qarab farq qilishi mumkin.
Shu bilan birga, mazkur jarayondan o‘tishning quyidagi umumiy bosqichlari mavjud:
I. Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi xorijiy yetkazib beruvchi oldindan ushbu mahsulotlarni olib kirishni rejalashtirgan o‘tish punktining joylashish joyida BBBning hududiy organida ro‘yxatdan o‘tadi. Shunda eksportyorga noyob ro‘yxat raqami beriladi.
Mahsulot yetkazilgunga qadar chakana savdo uchun qadoqlangan mahsulot birinchi olib kirilganda BBBning inspeksiya va karantin bo‘yicha chegara bo‘linmasida ro‘yxatga olish varag‘i ochiladi (10-15 ish kuni). Bunda importyor quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
- ekportyorning va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchining ta'sis hujjatlari, eksportyor-davlat tomonidan berilgan import qilinadigan mahsulotni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish to‘g‘risidagi guvohnoma;
- importyorning ta'sis hujjatlari;
- A4 formatida chakana qadoqning original yorlig‘i (qog‘ozda va elektron shaklda taqdim etiladi);
- kompaniya muhri bilan tasdiqlangan, chet tilidagi yorliqdagi barcha yozuvlarning tarjimasi (word yoki excel formatida qog‘ozda va elektron shaklda taqdim etiladi);
- XXR davlat standartlariga muvofiq bajarilgan xitoy tilidagi tipograf yorlig‘i yoki o‘zi yopishadigan stikerning skanerlangan nusxasi. Nusxa o‘lchami 1:1 nisbatida bo‘ladi;
- xitoy va ingliz tillarida oziq-ovqat mahsuloti komponentlari sonli tarkibining jadvalli tavsifi, muhr bilan tasdiqlangan (2ta nusxa, qog‘ozda yoki word yoki excel formatida elektron shaklda taqdim etiladi);
- mazkur oziq-ovqat mahsulotiga berilgan diplom va medallar;
- ma'lum turdagi oziq-ovqat mahsulotlari uchun BBBning karantin va inspeksiya bo‘yicha bo‘linmasi eksportyor-davlatning vakolatli organi tomonidan berilgan sog‘liq haqidagi sertifikatni taqdim etishni talab qilishi mumkin.
Yorliqni ishlab chiqish mahsulot Xitoy bozoriga kirishi uchun shartli bosqich hisoblanadi va XXR hududida oziq-ovqat mahsulotini xarid qilishda sotuvchidan sog‘liq haqidagi sertifikatni va yorliqni XXR qonunchiligiga muvofiqligini talab qilishi mumkin bo‘lgan oddiy iste'molchi huquqlarini himoya qilishni ta'minlaydi.
Yorliqqa nisbatan №GB 7718-2011 "Qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlari yorliqlari to‘g‘risidagi Nizom" davlat standarti amal qiladi. Yorliqlar ushbu standartga mos kelmasa, karantin organi o‘zgartirishlar kiritishni talab qilishi mumkin (barcha xarajatlar eksportyor tomonidan qoplanadi).
Tovar Xitoy hududiga kelganda chegaradan o‘tgandan so‘ng uni Bojxonaning karantin va inspeksiya bo‘linmasiga tekshirish uchun taqdim etish zarur.
Tekshirish haqiqatda yetkazib berilgan tovar kuzatuvchi hujjatlarga (muvofiqlik sertifikatlari, YeOII Bojxona ittifoqi talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi deklaratsiya, oziq-ovqat mahsuloti davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, sifat sertifikatlari, kelib chiqish sertifikatlari, ayrim turdagi mahsulotlarning zararsizlantirilganligi (fumigatsiya) to‘g‘risida guvohnoma, yog‘och palletlar zararsizlantirilganligi to‘g‘risida sertifikat (mahsulot yog‘och palletlarda yetkazib berilganda), transport vositasining dezinfeksiyasi to‘g‘risida sertifikat, yorliq yoki o‘zi yopishadigan stiker ularning oldin taqdim etilgan namunalariga muvofiqligiga nisbatan o‘tkaziladi (1-3 ish kuni).
Mazkur jarayon yakunlangandan so‘ng Bojxonaning aytib o‘tilgan bo‘linmasi tomonidan tegishli guvohnoma - karantin inspeksiyasidan muvaffaqiyatli o‘tganligi to‘g‘risida karantin ruxsatnomasi beriladi (1-3 ish kuni). Shundan so‘ng importyorning arizasiga binoan bojxona to‘lovlari (import boji, QQS, bojxona yig‘imlari, 1-3 ish kuni) to‘langanligini aniqlash uchun tovar ixtisoslashtirilgan bo‘linmaga tekshirish uchun yuboriladi, kuzatuvchi invoyslar va qadoq varaqlari tovarning soni va sifatiga muvofiqligi aniqlanadi.
Xohishiga ko‘ra eksportyor importyorning arizasiga binoan sog‘liq haqida sertifikatni (SS) rasmiylashtirishi mumkin, u mahsulot namunalarining sifati XXRning davlat standartlariga muvofiqligiga nisbatan o‘tkazilgan sinovdan keyin Bojxonaning karantin va inspeksiya bo‘yicha bo‘linmasi tomonidan beriladi.
SS berilgunga qadar olib kiriladigan mahsulot Bojxonaning karantin va inspeksiya bo‘yicha bo‘linmasi tomonidan belgilab berilgan hududda bojxona nazorati ostida turadi. Bunda tovardan foydalanish va realizatsiya qilish taqiqlanadi.
Ta'kidlash joizki, biznes hamkorlikning muvaffaqiyatiga ta'sir etuvchi asosiy omillardan biri - bu Xitoy kontragentida tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda tajribani mavjudligi va buning uchun kerakli infratuzilmaning mavjudligidir. Mavjud tajribamizga tayanib aytishimiz mumkinki, aynan TIFni yuritishda tajriba yo‘qligi sababli ular bilan hamkorlik qilish qiyin amalga oshishi, ko‘pincha imkonsiz ham bo‘lishi mumkin.
XXRda eksport masalalari bo‘yicha barcha savollar bilan O‘zbekiston Respublikasining XXRdagi elchixonasining Telegramdagi "Xitoyga eksportga ko‘maklashish" guruhiga murojaat etish va «UzChinaExport» telegram kanalidan foydali ma'lumotlarni olish mumkin.
Akmalxon Olimxonov,
O‘zbekistonning XXRdagi elchixonasi eksport buyicha maslahatchisi.