Turkmaniston 3 yillik tanaffusdan keyin yana Rossiyaga gaz yetkaza boshladi – OAV 

Jahon 23:03 / 15.04.2019 8669

Turkmaniston 15 apreldan 3 yillik to‘xtashdan keyin yana Rossiyaga tabiiy gaz yetkazib berishni boshladi. Bu haqda Turkmaniston neft-gaz sohasidagi manbaga iqtibos keltirgan holda “Oriyent” turkman nashri xabar berdi. 

Xabarda ta'kidlanishicha, “gaz yetkazilishi 2016 yil boshida “Gazprom” tomonidan tijoriy tanaffus olingandan keyin 2003 yildagi 25 yillik shartnoma doirasida yana yo‘lga qo‘yilgan”. 

Rossiya sotib olayotgan gaz hajmi va narxi ma'lum qilinmagan. 

2018 yil kuzidan beri Rossiyaga gaz yetkazilishi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralardan oldin “Gazprom” va “Turkmangaz” o‘rtasida kelishmovchilik chiqqan. Tomonlar bir necha yil davomida bir-birlari ustidan xalqaro arbitrajga arz qilish bilan tahdid qilishgan.  

2015 yil “Turkmangaz” “Gazprom”ni to‘lovni amalga oshirmayotganlikda ayblab, Rossiya konsernini to‘lovga qobiliyatsiz deb e'lon qilgan. Bunga javoban “Gazprom” Turkmanistondan sotib olinadigan gazning narxi qayta ko‘rib chiqilishi va ortiqcha to‘langan 5 mlrd dollarning qaytarilishini talab qilgan.  

2016 yil boshida “Gazprom” turkman gazini sotib olishni to‘xtatgan va keyinroq shu yil “O‘zbekneftgaz” bilan O‘zbekistondan gaz yetkazilishi bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Ko‘proq yangiliklar: