Shomurodov yana «Rostov» qahramoni. Uning goli «Spartak»ni mag‘lub etdi

Sport 13:19 / 15.04.2019 14510

Rossiya chempionati 23-turida «Rostov» Valeriy Karpinning sobiq jamoasi «Spartak»ni qabul qildi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. «Karpin derbisi»da g‘alaba golini O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov kiritdi. 80-daqiqa o‘tib borayotganda Roman Yeryomenko qanotdan to‘pni havolatib jarima maydonchasiga uzatdi va Eldor bosh bilan «Spartak» darvozasiga gol urdi.

Bu o‘yindagi g‘alaba goli bo‘ldi va «Rostov» ochkolari sonini 35 taga yetkazib, «Spartak» bilan farqni 1 ochkogacha qisqartirdi. Ayni damda «Rostov» oltinchi, «Spartak» 5-o‘rinda bormoqda.

RPL. 23-tur
ROSTOV – SPARTAK 2:1
Gollar: Gatskan (13), Shomurodov (80) – Zobnin (27).
Rostov: Pesyakov, Chernov, Logashov, Sigurdsson, Parshivlyuk, Yeryomenko, Gatskan, Popov (Sigurdarson, 78), Normann, Ionov (Shomurodov, 63), Glebov (Zuyev, 77).
Spartak: Maksimenko, Bokketti, Jigo, Rasskazov, Ayrton, Glushakov (Fernando, 81), Zobnin, Melgarexo (Lomovitskiy, 73), Melkadze, Luis Adriano, Ze Luish (Xanni, 38).
Ogohlantirishlar: Parshivlyuk (28), Glebov (45), Logashov (56), Yeremenko (61), Bokketti (64), Melkadze (77).

Eldor «Spartak» bilan bahsda g‘alaba goli muallifi bo‘lganidan so‘ng (2:1) klub rasmiy saytiga qisqacha intervyu berdi.
«Roman Yeremenko qanotdan to‘pni yaxshi tashlab berdi, men esa bosh bilan zarba berdim. Gol bo‘lishini zarba berishim bilanoq tushungandim. To‘p juda zo‘r oshirib berilgandi», – dedi Shomurodov.
– Maydonga chiqishingizdan oldin Valeriy Karpin sizga nima dedi? (Eldor 63-daqiqada zaxiradan tushgandi – tahr.)
– U menga doim jamoaga yordam berish, gol urish kerakligini aytadi. Bugun g‘alaba golini urganim yaxshi bo‘ldi.
– O‘yinga qo‘shilishingizdan oldin hayajon kuchlimidi?
– Rostovlik muxlislar oldida hayajon doim bo‘ladi. Lekin men tezda xotirjamlashib, e'tiborimni o‘yinga qaratdim.
– 2:1 hisobi adolatli bo‘ldimi?
– Ikkinchi golni kim ursa, o‘sha g‘olib bo‘lishini tushunib turgandim. Aynan shunday ham bo‘ldi. «Spartak»da ham yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, lekin biz ham tezkor hujumlar uyushtirdik.
– O‘yin «Taxtlar o‘yini» seriali uslubida kechdi...
– Bu serialni ko‘raman, menga juda yoqadi. Ammo o‘zimni undagi biror qahramonga solishtira olmayman.

Ko‘proq yangiliklar: