Isroilda 3D-printerda tirik yurak bosildi

Jahon 22:43 / 15.04.2019 14708

Tel-Aviv universiteti olimlari inson to‘qimalaridan 3D-printer yordamida mitti tirik yurakni bosishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda universitet matbuot xizmati ma'lum qildi. 

“Tel-Aviv universitetining professor Tal Dvir laboratoriyasi olimlari dunyoda birinchi bo‘lib zamonaviy tibbiyotning bosh masalalaridan birini hal qilishga muvaffaq bo‘lishdi: ular 3D-printer yordamida bemordan olingan inson to‘qimalaridan butun, tirik yurakni bosa olishdi. Bu tadqiqot bemorlarga ko‘chirib o‘tkazish uchun organlarni kutish yoki bu organlarning qabul qilinmasligi oldini oluvchi dorilar qabul qilishlariga boshqa hojat bo‘lmaydigan kelajak tibbiyotiga yo‘l ochadi. Buning o‘rniga, shifoxonalarning o‘zida har bir bemor uchun to‘g‘ri keluvchi zarur organlar bosiladi”, deyilgan xabarda.

Isroilning Kan davlat radiosining xabar berishicha, bosilgan yurak qulupnay o‘lchamidek keladi. U bemorning yurak-tomir mushaklari asos hujayralariga aylantirilgan hamda bog‘lovchi to‘qima bilan aralashtirilib, 3D-printerga joylangan yog‘ hujayralaridan tashkil topgan.

Isroillik olimlar tomonidan yaratilgan yurak shu bosqichdayoq quyonga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ma'lumotlarga ko‘ra, bir yildan keyin 3D-printerda yaratilgan yuraklarning quyon va kalamushlarga ko‘chirib o‘tkazilishi haqida gapirish mumkin bo‘ladi, yana o‘n yillardan keyin esa inson yuraklarini shifoxonalarning o‘zida bosish imkoniyati paydo bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: