«Bunyodkor» stadioni direksiyasi akademiyadagi kommunal uzilishlar borasida izoh berdi

Sport 17:55 / 15.04.2019 4600

Tribuna.uz hamda Kun.uz saytlarida «Bolalar qishdan buyon sovuq suvda yuvinishmoqda - «Bunyodkor» akademiyasining kimga zarari tegyapti» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingandi. Unda «Bunyodkor» futbol maktabida yosh bolalar qishdan buyon akademiya hududida gaz bo‘lmagani sabab sovuq suvda yuvinishga majbur bo‘layotgani hikoya qilingandi.

Bu maqola yuzasidan «Bunyodkor» stadioni direksiyasi Kun.uz bilan bog‘lanib, izoh berdi. Izohda aytilishicha, akademiya metroga yaqin joylashgani sabab gaz trubalari yemirilgan (metroga yaqin hududda trubalar tez yemirilishi alohida ta'kidlandi). Bundan tashqari «Bunyodkor» futbol akademiyasi uzoq muddat qarzdorligi bo‘lmasa ham, gaz ta'minotidan uzilmagani aytildi.

Ma'lum bo‘lishicha, endilikda «Milliy» deb yuritilayotgan stadion va «Bunyodkor» akademiyasidagi kommunal ishlar bilan aynan stadion direksiyasi xodimlari shug‘ullanishadi va ulardan aksariyati uzoq vaqtdan buyon maoshsiz ishlashga majbur bo‘lishgani bois ishdan ketib qolishgan. Kun.uz bilan bog‘langan direksiya xodimining aytishicha, stadionning ko‘pchilik ishchilari «Humo arena»ga ishga o‘tib ketishgan va bunga sabab qilib yangi muz arenasida maoshlar vaqtida berilishini ko‘rsatishgan.

Bugun nafaqat «Bunyodkor» futbol akademiyasida, balki stadion direksiyasida ham moliyaviy muammolar borligi, qo‘riqlash xizmati xodimlari bir oylab quruq non yeb, postda turishgani achinish bilan aytildi. Barcha muammo homiylar tomonidan pul ajratilmayotganida ekani ta'kidlandi.

Ko‘proq yangiliklar: