O‘zbekiston | 10:39 / 14.04.2019
6582
2 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda elektron kutubxona tizimi joriy etiladi

Foto: Shutterstock

Ta'limda qulaylik yaratish, kitoblardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida respublikaning barcha umumta'lim maktablarida elektron kutubxona tizimi joriy etiladi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligining AKTni rivojlantirish markazi matbuot xizmati axborot berdi.

Ma'lum qilinishicha, mamlakat rahbari ilgari surgan 5 tashabbus doirasida ta'limda qulayliklar yaratish maqsadida Xalq ta'limi sohasida AKTni rivojlantirish markazi tomonidan elektron kutubxona dasturi joriy etildi. 

«Hozirda bu dastur Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi barcha kutubxonalarga o‘rnatilgan. Agar loyiha o‘zini oqlasa, respublikaning barcha hududlaridagi umumta'lim muassasalariga joriy etiladi», — deyiladi rasmiy bayonotda. 

Mazkur dastur ikki qismdan iborat:

Dastlab maktabda mavjud kitoblarning onlayn bazasi shakllantirilib, o‘quvchi va o‘qituvchilar nechta kitob olgani, uni qaytarish muddati kabi ma'lumotlar, ya'ni kutubxonadagi barcha qo‘l bilan yuritiladigan hujjat ishlari elektron shaklga o‘tkaziladi.

Dasturning ikkinchi qismiga ko‘ra, maktabda mavjud darslik va qo‘llanmalarning elektron varianti umumiy bazaga jamlanadi. Kutubxona bannerlarida adabiyotlar va darsliklarning nomi va uni onlayn bazadan topish imkonini beruvchi QR kod joylashtiriladi. Foydalanuvchi telefonida kodni skaner qilib, taqdim etilgan havola orqali bazadan o‘ziga kerakli adabiyotning elektron nusxasini bir zumda topishi va yuklab olishi mumkin bo‘ladi.

Shu bilan bir qatorda, aynan ushbu dasturdan foydalanish uchun maktablarda bepul wi-fi tizimi ham ishga tushirilishi nazarda tutilgan.

Mavzuga oid