Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetida sport festivali o‘tkazildi

Sport 19:50 / 13.04.2019 4911

Bugun, 13 aprel kuni Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetida (TDIU) yoshlar o‘rtasida sport festivali o‘tkazildi, deb xabar beradi Milliy Olimpiya Qo‘mitasi. 

Tadbir O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi (MOQ), Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, TDIU bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda O‘zbekiston MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov, TDIU rahbariyati, sportchilar, OAV vakillari va minglab talabalar ishtirok etishdi.

Foto: Milliy Olimpiya Qo‘mitasi
Foto: Milliy Olimpiya Qo‘mitasi

Ta'kidlash joiz, TDIUda turli yillarda Dmitriy Shokin, Rishod Sobirov, Abdullo Tangriyev, Mirjalol Qosimov, Iroda To‘laganova, Svetlana Radzivil, Islom To‘xtaxo‘jayev kabi ko‘plab xalqaro musobaqalar, jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilar ta'lim olgan. Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov ham bu jihatga alohida urg‘u berib o‘tdi.

Foto: Milliy Olimpiya Qo‘mitasi

«Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti o‘zbek sportida o‘z o‘rniga ega. Ushbu oliy o‘quv-yurtining talabalari – sporsevar. Universitet rahbariyati yoshlar sport festivalini o‘tkazish borasida tashabbus bilan chiqishganida, biz uni qo‘llab-quvvatladik. Muxtaram yurtboshimiz ham yoshlar orasida sportni rivojlantirish, ularni ommaviy tarzda jismoniy tarbiya va sportga jalb etish masalasida oldimizga aniq maqsad va vazifalarni belgilab bergan. Shunday ekan, kelajakda bu sport tadbirini kengaytirib, uni o‘tkazishni an'anaviy tarzda yo‘lga qo‘yamiz», – dedi Umid Ahmadjonov.

Bu festival mini-futbol, stol tennisi, boks va shaxmat sport turlari bo‘yicha tashkil etildi. Keskin va murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. 

Shuningdek, tadbirda futbol bo‘yicha ayollar olimpiya jamoasi, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni, bokschi Muhammadqodir Abdullayev, boks bo‘yicha jahon chempioni va Olimpiya o‘yinlari sovrindori O‘tkirbek Haydarov, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Bekzod Xidirov, professional boks bo‘yicha WBS Silver kamari sohibi Qudratillo Abduqahhorov, stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Saida Mahmudova kabi sportchilar ishtiroki va ular ijrosida tashkil etilgan master-klass yig‘ilgan muxlislarda bir olam taasurot qoldirdi.

Foto: Milliy Olimpiya Qo‘mitasi
Foto: Milliy Olimpiya Qo‘mitasi

Futbol musobaqasining final bellashuvini jahonning eng yaxshi hakamlaridan biri Ravshan Ermatov boshqarib bordi. 

Foto: Milliy Olimpiya Qo‘mitasi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi, argentinalik jahonga mashhur mutaxassis Ektor Kuper festival ishtirokchilarini qutlar ekan, bu kabi tadbirlar ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda beqiyos ahamiyat kasb etishini ta'kidlab o‘tdi.

Foto: Milliy Olimpiya Qo‘mitasi

Tadbirning badiiy qismida festival ishtirokchilari va mehmonlar uchun Tohir Sodiqov, Botir Qodirov, Farruh Komilov, Farhod va Shirin, VIA «Marokand» guruhi ishtirokida gala-konsert tashkil etilib, sumalak va halim kabi bahorning an'anaviy taomlari tortiq etildi.

Foto: Milliy Olimpiya Qo‘mitasi
Ko‘proq yangiliklar: