Samarqand viloyat prokuraturasi banklardan biridagi nayrangbozlik haqida ma'lumot berdi

Jamiyat 11:40 / 13.04.2019 41844

Anvar 2008 yildan beri bankning tuman filialida ishlab keladi. 2014 yildan u shu bank filialida boshqaruvchi vazifasiga ko‘tarildi. Qisqa qilib aytganda, endi filialga umumiy rahbarlik qilish Anvarning zimmasida edi, deb yozmoqda Samarqand viloyat prokuraturasi noziri Farrux Sa'dullayev «Huquq» nashrida. 

Qayd etilishicha, Anvar bank bosh hisobchisi Vahob bilan til biriktirgan. Mansab vakolatini suiiste'mol qilib, ishonib topshirilgan va ixtiyorida bo‘lgan o‘zganing mulkini talon-toroj qilishni rejalashtirgan.

Ular 2014 yil tumandagi XK bilan shartnoma imzolashdi. Shartnomaga asosan 60 million so‘m kredit 1 yil muddatga 18 foizlik ustama to‘lash sharti bilan spirtli ichimliklar savdosi uchun ajratilgan. 2015 yil holatiga asosiy qarzdan 34 million 600 ming so‘m, kredit foizlari 2 million 34 ming 651 so‘m, jami muddati o‘tgan qarzdorliklar 36 million 634 ming 651 so‘mlik kredit mablag‘larining maqsadsiz sarflanishiga yo‘l qo‘yib, kredit mablag‘larini rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishgan.

Bundan tashqari, ular amaldagi qonun-qoidalarga zid ravishda 60 ta holatda jami 100.040,0 ming so‘m daromad soliqlari ushlab qolinmasdan ish haqlari berilishiga yo‘l qo‘ygan.

Shuningdek, Anvar bilan Vahob mazkur bank tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga ajratilgan transh mablag‘larini g‘alla hosilini yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit va kredit foizini qoplashga, MTPlar tomonidan bajarilgan xizmatlarga, olingan mineral o‘g‘itlarga, yoqilg‘i-moylash materiallariga, elektroenergiya to‘lovlariga, soliq va boshqa ish haqidan ushlanmalar uchun to‘lovlarga, qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining tuman bo‘limlari oldidagi mavjud qarzlarini to‘lashga yo‘naltirishi lozim edi. Lekin ular mablag‘larni bankning boshqa xarajatlariga maqsadsiz yo‘naltirib, davlat va jamiyat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazdi.

Xuddi shuningdek, bu yigitlar o‘z mansab vakolatini suiiste'mol qilib, «Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi» mablag‘larini amaldagi tartib va yo‘riqnomalarga zid ravishda asossiz, maqsadsiz yo‘naltirishga yo‘l qo‘ygan.

Bir yil mobaynida fermer xo‘jaliklari hisobiga kelib tushgan pul mablag‘lari bo‘yicha «Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning bank hisob varaqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomaning talablariga zid ravishda 29 ta holatda 41 051,9 ming so‘m penya budjetga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ygan. Qolaversa, 7 ta bank mijoziga ajratilgan tijorat kreditlari sifatida 261 894,6 ming so‘mlik grafik bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklarning o‘z vaqtida undirilmagani natijasida jami 20 174,4 ming so‘mlik penya hisoblanib, bank daromadiga undirilmagan.

O‘z manfaatlarini davlat va jamiyat farovonligidan ustun qo‘ygan bu kimsalar tegishli jazoga tortildi, deyiladi maqolada.

Ko‘proq yangiliklar: