«O‘ynashmagin arbob bilan...» yoxud Qo‘shtepa tumani hokimi tanqidiy maqoladan so‘ng chorvadorga qanday bosim o‘tkazgani haqida

Jamiyat 14:45 / 13.04.2019 84648

Mutasaddilar tomonidan tanqidiy maqolaga e'tibor, ya'ni reaksiya har xil ko‘rinishda bo‘ladi. Asosan, juda ko‘p hokimlar va rahbarlar ko‘tarilgan muammoni o‘rganib, tez kunlarda oxiriga yetishni harakatiga tushishadi. Ayrimlari esa, o‘sha masalani “o‘zboshimchalik bilan” muxbirga yetkazgan murojaatchiga ola qarab, mavjud kamchiliklarni xaspo‘shlashni ma'qul ko‘radilar.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Arznoma bitib, o‘zining nochor ahvolini ommaviy axborot vositalari orqali oshkor qilgan kishiga esa bosim o‘tkazish ishlari rejaga kiritiladi. Oddiygina eski hikmat: “O‘ynashmagin arbob bilan...”

Shu yilning 15 mart kuni saytimizda “Qo‘shtepa tumani hokimiga chorvachilik o‘gay sohami? Ozuqa kamligidan 35 bosh naslli qoramoli harom o‘lgan(nobud bo‘lgan) farg‘onalik chorvador hasrati” sarlavha bilan tahliliy maqola e'lon qilingan edi.

Unda Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumanida faoliyat yurituvchi “Olimboy hoji” chorvachilik fermer xo‘jaligidagi mavjud muammolar yoritilgan bo‘lib, Qo‘shtepa tuman hokimining beparvoligi oqibatida Markaziy Farg‘ona cho‘lidagi yuzlab qoramol, yuzlab yilqi, qo‘ylarga ega eng katta chorvachilik fermalardan biridagi qiyinchiliklar ko‘rsatilgan.

Ayni paytda ozuqa yetishmasligi oqibatida 35ta qoramol nobud bo‘lgani, lekin tuman hokimi yem-xashak yetishtirish uchun chorvadorga suv bormaydigan, uzoq qumlik hududdan yer ajratgani tanqid ostiga olingan edi. 

Dalillarning qay biri to‘g‘ri? Jurnalistik surishtiruv

Tuman hokimi chorvadorni huzuriga chaqirib, “Nima kamchiliklar? Ayting zudlik bilan bartaraf qilaylik” deydi deb o‘ylagan edik. Adashibmiz.

Ko‘rsatilgan kamchiliklar noto‘g‘ri ekanligi haqidagi tuman mutasaddi tashkilotlarining xatlaridan so‘ng yana Qo‘shtepa tumaniga bordik. Mas'ullar bankdan kredit olib, manzilli dastur asosida Germaniyadan keltirilgan 99 bosh qoramollarga ozuqa uchun berilgan “Qumtepa-Qo‘mishtepa” MMTP massivida joylashgan o‘rtacha boniteti 43 ball bo‘lgan jami 59,8 gektar yerni juda hosildor va sug‘orishga qulay ekanligini va maqolada juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yganimizni bildirishgan. Ularning bergan ma'lumotida o‘sha maydonlarda o‘tgan ikki yil davomida faoliyat olib borgan - “Muattar zamin ziynati”, “Qo‘shtepa Buvayda hamkori”fermer xo‘jaliklari paxta va g‘alladan yuqori hosil olgani aytiladi.

Har ikki xo‘jalikning rejani yuqori darajada bajarganini aniqlash uchun “Toshloq paxta tozalash” jamiyatiga borib, o‘tgan yillardagi ma'lumotlarni ko‘tardik.

Taajjub... Ma'lumotlar, faktlar boshqacha edi. “Olimboy hoji” xo‘jaligi olishni istamagan maydonda 2017 yili dehqonchilik qilgan “Muattar zamin ziynati” fermer jamoasi paxta tayyorlash rejasini 42,7 tonna o‘rniga zo‘rg‘a 11,3 tonna paxta topshirib, rejani 26,4 foizga bajargan ekan.     

Maqolaga raddiya o‘rnida yuborilgan ma'lumotda esa paxta rejasi 122 foizga bajarilgan deya qayd etilgan. “Buvayda Qo‘shtepa hamkori” xo‘jaligi esa 2018 yili shu maydonda dehqonchilik qilib 28 tonna o‘rniga zo‘r-bazo‘r 9,8 tonna paxta topshirib, shartnomadagi reja 35 foizga borgan xolos.

Ma'lumotlarning fotosuratini taqdim etamiz.

Boshoqli don ekish bo‘yicha, 2018 yili “Buvayda Qo‘shtepa hamkori” xo‘jaligi rejasi 32,6 tonna bo‘lgan, biroq xo‘jalik 21,9 tonna g‘alla topshirgan va rejani 19 gektar yerdan 67 foizga bajara olgan. Qizig‘i, qolgan 30 gektar yer haqida umuman ma'lumot yo‘q.

O‘tgan yili mazkur maydonda dehqonchilik qilgan “Buvayda Qo‘shtepa hamkori” xo‘jaligi rahbari Doniyorbek bilan o‘sha yerning tepasida turib suhbat qildik. 

Eh-he... Bechora, sobiq fermerning dardi ichida ekan. Bir adashib, suvsiz, qumlik joyda dehqonchilik qilganiga ming pushaymon bo‘lgan fermer, o‘tgan yili mana shu joyga 100 million so‘m sarflab, chuv tushib yana 23 million kreditdan qarz bo‘lib qolganini ming pushaymon bilan gapirib berdi. U bilan cho‘lga kelib birga dehqonchilik qilgan ayoli Kenjaxon opaning dardi esa bir doston. “Sug‘orish uchun bitta kartaga 23 kun vaqt ketdi. Suv keladigan lotoklar buzilib ketgan. Tashlama zovurni bir hafta dimlab suv chiqarishga uringanlarimizni eslasam, haligacha ichim achiydi. Ming azob bilan yerga qaradik. Har kunimiz suv talashib, muammo, janjallar bilan o‘tganini aytmaysizmi? 100 million pulga kuyib, 23 million qarz bo‘lib chiqdik. “Bolalar katta bo‘lyapti. Uylab joylash kerak yordam bo‘lar”, degandik. Qayoqda? “Jiguli” mashinamiz bor edi. Uni ham sotib yuborganmiz. Shu yerdan qutulganimizga shukur”, deydi er-xotin fermerlar. 

Yer maydoni bilan tanishamiz. G‘o‘zalar qumlikda bir qarich bo‘lib o‘sgan xolos. Qumni kaftingizga olsangiz uchib tushadi. Maydonlarga suv keladigan beton lotoklar ishdan chiqqan, kuyib ado bo‘lgan. Qo‘shtepa hokimligi qishloq xo‘jaligi xodimlarining yillar davomida irrigatsiya tizimlariga qanday e'tibor berganini mana shu yerda ko‘rish mumkin.

Bir so‘z bilan aytsak, mazkur hudud bir vaqtlar hosildor maydon bo‘lgan bo‘lishi mumkin, biroq oxirgi besh-o‘n yil davomida unga qarov bo‘lmagan. Bu yerda chorva uchun hosil olish esa faqat zarar keltiradi.  

Maqola qanday natija berdi?

“Maqola chiqqan kunidan boshlab, ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘lishi o‘rniga, bizning fermer xo‘jaligimizga qarshi bosim kuchayib ketdi”, - deydi “Olimboy hoji” xo‘jaligi rahbari Abdumannob Qosimov.

“Tuman soliq idorasi, ichki ishlar bo‘limi tekshiruvlarni boshlab yuborgan. IIBga tuman hokimi o‘rinbosari Erkayor G‘ofurov imzosi bilan ariza chiqibdi. Unda aytilishicha, maqolada yozilgan barcha ma'lumotlar haqiqatdan yiroq.

Bir vaqtlar o‘zimiz “sut mahsulotlari va kolbasa ishlab chiqaruvchi korxona qurish” loyihasi bilan chiqqan edik. O‘sha o‘z taklif va loyihamizni amalga oshirib, ishchi kuchi yaratmaganimizga 9 million so‘m jarima chiqarishibdi. Hokimlik yer bermasa, ozuqa-yem bo‘lmasa biz qanday qilib rivojlanamiz. Fermada naslli qoramollar o‘lishni boshladi. Korxonani mana shu sharoitda qanday ochib, yurgizishimiz mumkin? Tuman hokimligi bizni har tomondan bosimga olgan. Agar tuman hokimi I.Novikov shu zaylda qarshilik qilsa, naslchilik fermamiz, sinib, bankrotga uchraydi.

O‘zingiz ko‘rdingiz, agar hokimlik ajratgan yerga ozuqa ekish uchun 100 million so‘m sarflasam 10 millionlik ozuqa olaman. O‘tgan yili mana shu maydonda ish olib borgan fermer qarzga botgan ekanini aytdi. Guvoh bo‘lib turib, o‘zimizni o‘tga urmaymiz-ku? Suv yo‘q joyda dehqonchilik bo‘ladimi?

Bizning har bir ishimiz hisob-kitoblik. Kreditlarimiz bor. Kundan-kun orqaga ketyapmiz. Men tuman mutasaddilarining go‘sht, sut mahsulotlari yetishtirishga ko‘magi tegadi, desam faqat teskarisi bo‘lyapti”, deya zorlanadi fermer.  

Biz borganimizda tuman IIB tergovchisi tuman hokim o‘rinbosari xatiga asosan fermadan berilgan yergacha bo‘lgan masofani o‘lchagani kelibdi. Ularning nazdida biz maqolada 12 kilometr deb berganimiz aslida 8 kilometr chiqishi kerak ekan. O‘lchashdi ham. Yerning boshigacha masofa 11 kilometr chiqdi.

Hurmatli mutasaddilar chorvadorga bosim o‘tkazishning boshqa yo‘lini topishmabdi.Biz o‘tgan maqolada o‘sha maydonga fermadan yetib borishning o‘zini hisoblagan edi. Borish-kelish 22 kilometr ekan.

Chorvador yiliga nechta traktorni shu yerga necha marta borishi, texnikalarga ketadigan yoqilg‘i va ishchi kuchi sarfining ham hisob-kitobini aytdi. Raqamlar juda katta edi. 

Tuman hokimidan izoh olmoqchi bo‘ldik...

Xizmat yuzasidan juda ko‘p tumanlarda bo‘lamiz. Deyarli barchasida tuman hokimligi binosiga aholi vakillari to‘g‘ri kirib bora oladi. Biroq Qo‘shtepa tuman hokimligi binosi baland panjaralar bilan o‘ralgan. Bino ichiga murojaat bilan kirish uchun alohida “Nazorat posti va yo‘lagi”dan o‘tishingiz zarur.

Qo‘riqchi yigit bizni bino ichkarisiga kirishimizga ruxsat kerakligini aytdi. Biz tuman hokimi Ilyos Novikov bilan uchrashmoqchi ekanligimizni bilgach, hokim hudud nazoratiga chiqib ketgani, savollarimizga uning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Erkayor G‘ofurov javob berishini bildik.

Tuman hokimi o‘rinbosari va tuman kadastr bo‘limi boshlig‘i bilan qorong‘i tushganida ko‘chada gaplashdik. E. G‘ofurov “Men bu masalada hech narsa deya olmayman” desa, kadastr boshlig‘i “Ana shu yerni chorvadorga bersak, texnikasi bor, mablag‘i, go‘ngi bor. Yaxshilab oladi-da..”, degan javobdan nariga o‘tmadi. Har ikki mutasaddi savollarimizga to‘liq javob bera olmadilar.

Hokim I.Novikovning qo‘l telefoniga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi

Xulosa

Chorvadorning dardini eshitib, uning muammolarini yechish orqali yordam berish o‘rniga har bir qadamini o‘lchashga kirishib ketishgani bizni taajjubga soldi. Agar “kattakon”lar chorvachilikka ayri ko‘z bilan qarayversa, sharoit yaratib bermasa go‘sht va sut mahsulotlari hali-beri arzon bo‘lishi qiyin.

Tuman hokimi chorvadorga yem-xashak ekish uchun ajratilgan maydonga borib ko‘rganmikan? Bizningcha, yo‘q. Chunki, agar borib o‘sha yerning suv borish tizimi, yerining bugungi holati bilan tanishganida, chorvador bilan jangga chiqish o‘rniga, yordam berishga shoshgan bo‘lar edi.

Bugungi rahbar talabchan, ishbilarmon bo‘lish bilan birgalikda xalq dardini tinglab, malham topa oladigan bo‘lishi lozim.

Bundan ikki yil oldin Chortoq tumanida xuddi shunday muammoli holatni yoritganimiz yodimizda. Unda tuman hokimi chorvadorning fermasiga birga borib, holatni tushungach, har bir naslli qoramolga 30 sotixdan 12 gektar hosildor yer ajratib bergan edi.

Qo‘shtepa tumanida esa bu holatning teskarisini ko‘rdik.

Darvoqe, tuman hokimi va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 144-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra shaxsni murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqidi uchun ta'qib etish jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishini, buning uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo qo‘llanilishi mumkinligini bilisharmikan...

Murojaati va bildirgan tanqidiy fikrlari uchun ta'qib ostiga tushib qolgan fermerning huquqlarini himoya qilishga mas'ul bo‘lgan prokuratura organlari bunga qanday munosabat bildirar ekan.

P.S. Maqola tayyor bo‘layotgan paytda “Olimboy hoji” xo‘jaligi fermasida ozuqa kamligi bois yana 5 ta qoramol nobud bo‘lganini yetkazishdi.

Kun.uz muxbiri: Elmurod Ermatov,
tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov
 

Ko‘proq yangiliklar: