Foto: O‘zbekistonda 5 kilometr masofaga faol yurish va velosayr tashkil etildi

Jamiyat 12:35 / 13.04.2019 5437

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sog‘lom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish an'anaga aylandi. Joriy yil 13 aprel, shanba “Sog‘lom ozish kuni” ommaviy tadbirlari doirasida 5 kilometr masofaga faol yurish va velosayr tashkil etilgani ham yuqoridagi sa'y-harakatlarning mantiqiy davomidir, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

– Darhaqiqat, yurtimizda sog‘lom turmush tarziga alohida e'tibor qaratilmoqda. Yaqinda Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan yoshlar ta'lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5 ta tashabbusning ikkinchisi bevosita yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, sport inshootlari quvvatini oshirishga qaratilgani ham fikrimiz tasdig‘idir, – deydi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. – Jismoniy faollikka targ‘ib etuvchi ommaviy tadbirlarni o‘tkazishimizdan maqsad ham aholi, jumladan, yoshlarni bevosita jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, qiziqishini oshirish barobarida, faollikni kundalik turmush tarziga aylantirishdir. Muhimi, har haftada tashkil etilayotgan ommaviy tadbirlarimizda qatnashuvchilarning soni oshib borayotgani, ularning jismoniy faollikka bo‘lgan qiziqishi har qachongidan ham kuchayayotgani ko‘zlagan maqsadlarimiz sari tashlangan dastlabki qadamlardir. Bu ham bo‘lsa, kasallikka emas, uning profilaktikasiga asosiy e'tibor qaratayotganimiz samarasidir. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Tadbirda faol yurish va velosayrga asosiy e'tibor qaratilgani bejiz emas. Faol yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a'zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olgan bo‘lamiz. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Velosipedda sayr qilish jismoniy faollikning yana bir qulay va zavqli turi hisoblanadi. Velosayr mushak, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, nafas olish ritmini rivojlantiradi. Tizimli harakatlar yog‘larning erishiga, shu orqali ortiqcha vazndan qutulishning yaxshi usullaridan biridir.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, semizlikka qarshi kurashda sog‘lom ovqatlanish ham muhim o‘rin tutadi. Jumladan, turli xil sabzavot va mevalarni iste'mol qilishga odatlanish kerak bo‘ladi. Yog‘li go‘sht mahsulotlarini dukkakli mahsulotlarga, baliq va parranda go‘shti yoki yog‘siz go‘shtlarga almashtirish, tuz va qandni imkon qadar kamroq iste'mol  qilish, ovqat bilan birga choy ichmaslik, tabiiy sharbatlar yoki qaynatilgan suv ichish kabi oddiy, ammo muhim qoidalarga rioya etgan ma'qul.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va filiallari, respublika va viloyat tibbiyot muassasalari hamda hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va kollejlari talabalari bilan birga mahalla faollari ham ishtirok etishdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yil 9 martda “Yurish kuni”, 16 martda “Yurish bo‘yicha marafon kuni” va 23 martda “Salomatlik sari qadam” kuni hamda 30 mart kuni “Velosipedda sayr kuni” hamda 6 aprel Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab 5 kilometr masofaga faol yurish va gimnastrada kabi ommaviy tadbirlar mamlakatning barcha hududlarida tashkil etilgan edi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Ko‘proq yangiliklar: