Moliya vazirligi 70 mlrd so‘mlik noqonuniy xarajatlarni aniqladi

Iqtisodiyot 10:59 / 12.04.2019 24811

2019 yil 1-choragida Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan Ish rejasi, Hukumat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning topshiriqlari asosida 1 993 ta nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida jami 70,2 mlrd. so‘m miqdorida budjet intizomini buzilish holatlari va boshqa noqonuniy xarajatlar aniqlangan. 2019 yilning 1-choragida nazorat tadbirlari samaradorligi 2018 yil mos davriga nisbatan samaradorlik 2 martaga ortgan (2018 yil 1-chorakda 30 mlrd. so‘m bo‘lgan).

Nazorat tadbirlarining asosiy qismi (68,1%) budjet intizomiga rioya etilishi va mablag‘larning maqsadli foydalanishi yuzasidan o‘tkazilgan bo‘lib, nazorat tadbirlarida aniqlangan 23,4 mlrd so‘m budjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi, maqsadsiz va asossiz xarajatlardan 19 mlrd. so‘mi (81,2%)ni (2018 yilda 67,4%ni tashkil etgan) budjetga tiklanishi ta'minlangan.

Vazirlik va idoralar kesimida eng ko‘p miqdorda aniqlangan qonunbuzilish holatlari quyidagicha:

•  Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 6,2 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 4,9 mlrd. so‘mi (78%) budjetga tiklandi;
•  Xalq ta'limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 3,7 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 3 mlrd. so‘mi (80%) budjetga tiklandi;
•  Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari miqdori 1,5 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 1,4 mlrd so‘mi (89%) budjetga tiklandi;
•  Maktabgacha ta'limi vazirligi tizimida qonunbuzilish holatlari 1,5 mlrd. so‘mni tashkil etib, shundan 1,2 mlrd. so‘mi (83%) budjetga tiklandi.

Yirik miqdorda moliyaviy xato va kamchiliklar Jizzax (5,3 mlrd. so‘m), Surxondaryo (2,5 mlrd. so‘m), Farg‘ona (2,1 mlrd. so‘m), Samarqand (2,1 mlrd. so‘m), Qashqadaryo (1,9 mlrd. so‘m), Andijon (1,5 mlrd. so‘m), Toshkent (1,3 mlrd. so‘m) viloyatlarida va Toshkent shahrida (2,6 mlrd. so‘m) aniqlangan. 

Budjet intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan budjet tashkilotlarining 67 nafar mansabdor va mas'ul shaxslariga qonunchilikda belgilangan tartibda 47,8 mln. so‘mlik ma'muriy jarimalar qo‘llanildi. 

Bundan tashqari, 2019 yilning 1-choragida Toshkent viloyati mahalliy budjetining tuzilishi va ijrosi yuzasidan keng qamrovli nazorat tadbiri o‘tkazilib, unda xarajatlar smetalarida ortiqcha rejalashtirish, asossiz ish haqi to‘lash, bajarilmagan ishlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, tovar-moddiy boyliklarni hisobotga kirim qilmaslik hamda kamomad va o‘zlashtirishlar kabi 6,6 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. 

Nazorat tadbiri davrida ko‘rilgan chora-tadbirlar va ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida asossiz sarflangan 4,5 mlrd. so‘m mablag‘larni budjetga tiklanishi ta'minlanib, 0,7 mlrd. so‘mlik asossiz xarajatlarning oldi olingan.

Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat tadbirlarida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari va ma'lumotlar bazasi vositasida kameral nazoratdan keng foydalanilgan.
Hisobot davrida 1 147 ta budjet muassasalarining «Davlat moliyasini boshqarish axborot dasturi» va «UzASBO» dasturidagi mavjud ma'lumotlaridan foydalangan holda kameral nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Kameral nazorat o‘tkazilgan muassasalardan 205 tasida me'yoriy hujjatlarga amal qilmagan holda 8 mlrd.so‘mlik xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, nazorat tadbiri davomida asossiz va noo‘rin xarajatlardan 1,3 mlrd. so‘mini tiklanishi ta'minlandi va 2,7 mlrd. so‘m mablag‘larning asossiz sarflanishini oldi olindi hamda nazorat tadbirlarida aniqlangan 5,6 mlrd. so‘m qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 92 ta nazorat tadbirlari hujjatlari huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Bundan tashqari, Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi tomonidan davlat maqsadli jamg‘armalari va Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armalar mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan 405 ta nazorat tadbirlarida 25,5 mlrd. so‘mlik moliyaviy qonunbuzilish holatlari va asossiz xarajatlar aniqlangan bo‘lib, shundan 20 mlrd. so‘mni tiklanishi ta'minlandi.

Shuningdek, Hukumat tomonidan kafolatlangan kreditlarni maqsadli sarflanishi va Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini maqsadli ishlatilishi yuzasidan o‘tkazilgan 76 ta nazorat tadbirlarida 2,4 mlrd. so‘m miqdorda noqonuniy xarajatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, shundan 664 mln. so‘mni tiklanishi ta'minlandi.

Hukumat va huquqni muhofaza qilish organlarining qarorlari va topshiriqlariga asosan 164 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan nazorat tadbiri o‘tkazilgan bo‘lib, aniqlangan 18,9 mlrd. so‘m miqdoridagi moliyaviy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.

Ko‘proq yangiliklar: